TALKO O'zbekistonga ko'mir yetkazib berishni boshladi


Фото: Тожикистон Саноат ва янги технологиялар вазирлиги

Tojikiston alyuminiy kompaniyasining sho'`ba korxonasi - «TALKO Resurs» O'zbekistonga ko'mir eksport qilishni boshladi. 1 sentabrga qadar u taxminan 1,2 ming tonna yoqilg'i yetkazib berishga muvaffaq bo'ldi. Bu haqda «Aziya-Plyus» Tojikiston Sanoat va yangi texnologiyalar vazirligi matbuot xizmatiga tayangan holda xabar qilmoqda.

TALKO korxonasi tomonidan ko'mir yetkazib berilishi joriy yilning avgustida Toshkentda BLUE BELL GLOBAL VENTURE MChJ XK kompaniyasi bilan erishilgan shartnomalar doirasida amalga oshirilmoqda.

O'shanda «TALKO Resurs» MChJ va BLUE BELL GLOBAL VENTURE MChJ O'zbekistonga qiymati 1 mln dollarlik 37,3 ming tonna ko'mir yetkazib berish to'g'risida kelishib oldi.

2013 yilda «TALKO Resurs» Tojikiston hukumati tomonidan taqdim etilgan «Konte» va «Jijikrud» uchastkalaridagi, Ayniy tumanida joylashgan «Fon Yagnob» konidan ko'mir qazib olishni boshladi.

Joriy yil boshidan 1 sentabrga qadar Tojikistonda ko'mir qazib olish hajmi 1 mln tonnadan ortiqni tashkil etdi, ulardan taxminan 14 foizi «TALKO Resurs» hissasiga to'g'ri keladi.

Tojikistonda «TALKO Resurs» «TALKO» DUK, «Dushanbe-2» IES, Yavancha sement zavodi, Dushanbe sement zavodi va boshqa korxonalarni ko'mir bilan ta`minlaydi.


Manba: Kun.uz

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.