Notariuslar barmoq izlarini skaner qilishni boshlaydi


Фото: Fingerprinting Scottsdale

Adliya vazirligi 2ta ma`muriy reglament qabul qilinganligini ma`lum qildi.
2019 yil 1 yanvardan boshlab notariuslar notarial harakatni amalga oshirish uchun murojaat qilgan shaxslarning barmoq izlarini mustaqil ravishda skaner qilishlari va ularni pasportdagi (fuqaroligi bo'lmagan shaxslarning biometrik harakatlanish hujjatidagi) biometrik ma`lumotlar bilan solishtirishlari mumkin bo'ladi. Buning uchun ichki ishlar organlari bilan o'zaro elektron hamkorlik tashkil qilinadi. Jarayon notarial harakat turiga qarab 15-30 daqiqa ichida amalga oshiriladi, deb yozmoqda Norma.
Bundan tashqari, turar joy oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirishda faqat ko'chmas mulkka egalik huquqini tasdiqlovchi hujjat bilan birgalikda kadastr yig'majildi, shuningdek pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatni taqdim etish so'raladi. Doimiy propiskada bo'lgan shaxslar haqidagi ma`lumotnoma talab etilmaydi. Tegishli ma`lumotlarni notariuslar ichki ishlar organlariga so'rovnoma yuborish yo'li bilan murojaat qilingan paytdan boshlab 20 daqiqa davomida oladilar.
So'rovnomani yuborish usuliga bog'liq holda javob quyidagicha olinadi:

• kurerlik xizmati orqali yuborilsa – bir soat ichida;
• idoralararo elektron tizim orqali yuborilsa – real vaqt rejimida.
To'ldirish: keyinroq Adliya vazirligi ko'chmas mulkni boshqa shaxsga o'tkazish shartnomasini notarial tasdiqlash ham umuman tezlashtirilishini ma`lum qildi. Bunday imkoniyat notariuslarga yer tuzish va ko'chmas mulk kadastri davlat korxonasidan bino va inshootlarning tegishliligi va tarkibi, kadastr raqami va umumiy (yashash) maydoni hajmi, ko'chmas mulkni boshqa shaxsga o'tkazishga taqiq va xatlov mavjud yoki mavjud emasligi haqidagi ma`lumotlarni mustaqil ravishda so'rab olish (kurer yoki elektron tizim orqali) vakolati taqdim etilishi bois yuzaga keladi. Bitimni rasmiylashtirish barcha zarur hujjatlar olingandan keyin 30 daqiqa ichida amalga oshiriladi.
Toshkent shahrida mazkur ma`lumotlar notarial idoralarga onlayn-rejimda taqdim etilmoqda.


Manba: Kun.uz

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.