«Ular bizning bir bo‘lagimiz edilar» - samarqandlik muxlislar «Paxtakor»-79 jamoasini qanday eslashadi?

«Ular bizning bir bo‘lagimiz edilar» - samarqandlik muxlislar «Paxtakor»-79 jamoasini qanday eslashadi?


Bundan 40 yil avval o‘zbek futboli og‘ir judolikka uchragan va «Paxtakor» jamoasi aviahalokatga uchragandi. 1979 yilning 11 avgustida sodir bo‘lgan bu voqea mamlakatdagi barcha futbol muxlislariga qattiq zarbadek ta'sir qiladi. Axir ko‘z oldingizdagi sevimli jamoangizda o‘ynagan futbolchilar halokatga uchrashini tasavvur qilib ko‘ring...

O‘shandan buyon har yil 11 avgustda o‘zbek xalqi «Paxtakor»ning o‘sha ajoyib jamoasini yodga oladi, xotirlaydi. O‘zbek futbolida 1979 yildagi «Paxtakor»dan yaxshiroq jamoa oldin ham bo‘lgandir, keyin ham ulardan zo‘r jamoa chiqqandir, ammo o‘sha halokatga uchragan futbolchilar muxlislar yuragining bir parchasini ham o‘zlari bilan samolarga olib ketishgan. Biz yoshlar o‘z otalarimiz, yoshi katta muxlislardan u jamoa o‘yinlari, halokatga uchragani haqidagi xotiralarni eshitib katta bo‘ldik. Biz har qancha gapirmaylik, «Paxtakor»-79`ning haqiqiy muxlislari kabi hammasini tasavvur qila olmaymiz. Shu bois o‘zbek futbolining ajoyib yigitlari haqida o‘sha jamoaning asl muxlislari gapirgani yaxshiroq.

«Paxtakor» u vaqtda O‘zbekistonning birinchi raqamli jamoasi bo‘lgan. U vaqtlar milliy jamoa bo‘lmagani sabab aynan «Paxtakor» millat jamoasi sifatida qaralgan. Bu jamoani butun mamlakatda yaxshi ko‘rishgan. O‘zbekistondagi barcha shaharlar uchun «Paxtakor» bosh jamoa bo‘lgan.

Samarqandlik muxlislar halokatga uchragan «Paxtakor» jamoasini qanday eslashi bilan qiziqib, futbolning uzoq yillik muxlislari bilan uchrashdik. So‘zga chechan bo‘lmagan bu muxlislar o‘sha halokatni qanday eslashlari haqida hikoya qilishdi.

Birinchi manzilimiz «Dinamo» stadioni bo‘ldi. Bu yerda 57 yildan buyon «Dinamo» stadioni maysasini parvarish qiluvchi Sadri bobo ishlaydi. Bir kun oldin 75 yoshini nishonlagan Sadri bobo hamon «Dinamo» stadionida ishlaydi. Avvalo kameraga gapirishni qoyillatmasligini aytgan bobo o‘sha «Paxtakor»ni Samarqandda yig‘in o‘tkazgan vaqtda ko‘rganini aytdi. 57 yildan buyon «Dinamo» stadioni maysasini parvarish qiladigan bobo «Paxtakor» haqidagi noxush xabarni ham stadionda eshitgan...


Keyingi manzilimiz Samarqandning Andijoni mahallasi bo‘ldi. Bu yerda yashaydigan ko‘p yillik futbol muxlisi Bahodir boboni ko‘pchilik taniydi. Dunyoning ko‘plab mamlakatlariga sayohat qilib, butun umr sport bilan yashayotgan bu inson uyida futbol muzeyi tashkil qilgan. U kishi «Paxtakor»ning o‘yinlarini ko‘rish uchun boshqa mamlakatlarga ham borgan.



Yana yoshi katta muxlislarni topish maqsadida 8 avgust kuni Samarqand viloyati Toyloq tumaniga bordik. Bu yerdagi stadionda Superliga 16-turidan o‘rin olgan «Dinamo» hamda «Qo‘qon-1912» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan bir kun avval o‘rinbosarlar jamoalari bahslashishdi. O‘rinbosarlar o‘yini bo‘lsa-da, stadionda yoshi katta muxlislarni uchratdik. U yerdagi muxlislardan biri ham «Paxtakor»ning halokatga uchraganini eshitganda qanday holatga tushganini hikoya qildi. Ularning gaplarini eshitib, «Paxtakor» katta avlod uchun qanchalik qadrli bo‘lganini angladik...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.