Rossiyada yetti nafar FXX xodimi bosqinchilikda gumonlanib hibsga olindi

Moskvada bosqinchilik ishi bo‘yicha yetti nafar Federal xavfsizlik xizmati xodimi qo‘lga olindi. Moskva garnizon harbiy sudi ulardan besh nafarining hibsga olinishiga sanksiya bergan, yana ikki nafari uy qamog‘ida, deb xabar beradi Meduza.



Foto: “Kommersant”

Qo‘lga olingan xodimlarning lavozimlari haqida rasman ma’lumot berilmadi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, ular “Alfa” maxsus bo‘linmasi, “Vimpel” maxsus guruhi hamda FXXga qarashli “K” boshqarmasining ofitserlari, shuningdek, bir nafar FXX akademiyasi xodimi.

Sudda ta’kidlanishicha, gumonlanuvchilarning ishi Rossiya Jinoyat kodeksining 162-modda 4-qismi bilan (uyushgan guruh tomonidan bosqinchilik) tergov ishlari olib borilmoqda.

“Vedomosti” nashrining yozishicha, 10-iyun kuni gumonlanuvchilar bankdagi depozitiga 136 million rubl qo‘yish uchun kelgan tadbirkorga hujum qilgan. FXX xodimlari yolg‘on tekshiruv o‘tkazib, biznesmenning pullarini olib qo‘yishgan. Shundan so‘ng, pullar o‘zlari va ma’lumot yetkazib turgan bank xizmatchisi o‘rtasida taqsimlangan.

Shuningdek, manbalardan birining ta’kidlashicha, jinoiy guruh bir yildan buyon bu kabi ishlarni amalga oshirib keladi. Jinoyatlar soni 5 tadan 12 tagacha bo‘lishi mumkin. Gumonlanuvchilar polkovnik Dmitriy Zaxarchenkoning uyini tintuv qilish vaqtida yo‘qolgan 100 million rublga ham aloqador bo‘lishlari mumkinligi aytilmoqda.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.