Rio-de-Janeyro 2 mln dollar pora evaziga Olimpiada poytaxti deb e'lon qilingan 

Rio-de-Janeyro 2 mln dollar pora evaziga Olimpiada poytaxti deb e'lon qilingan 


Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahri Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi a'zolari ovozlarini sotib olish evaziga 2016 yilgi Olimpiadani o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritgan. Buni Rio-de-Janeyro shtatining sobiq gubernatori Serjiu Kabral tan oldi.

Uning ta'kidlashicha, XOQning 9 a'zosi umumiy hisobda 2 mln dollar pora olgan. Kabral aytgan ismlar orasida rossiyalik sobiq suzuvchi Aleksandr Popov va mashhur ukrainalik sportchi Sergey Bubka ham bor.

Ushbu qonunga xilof harakatlardan Rio-de-Janeyro shahrining sobiq prefekti Eduardu Payes hamda mamlakatning sobiq prezidentlari Joze Inasiu Lula da Silva va Mishel Temer xabardor bo‘lgan.

2016 yilgi Olimpiadani qabul qilish huquqini olishga ovoz berishning final bosqichida 4 da'vogar qolgan: Rio, Madrid, Tokio va Chikago. Kabralning ma'lum qilishicha, u Braziliya Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbari Karlos Artur Nuzman bilan muzokaralar olib borgan. Nuzman Xalqaro yengil atletika federatsiyalari uyushmasining o‘shandagi rahbari Lamin Diak ko‘mak ko‘rsatishga va'da berganini aytgan. Kabralning ta'kidlashicha, Diakning o‘g‘li 1,5 mln dollar evaziga 5-6 ta ovozni ta'minlashga va'da bergan.

Kabralning qo‘shimcha qilishicha, keyinroq Diak yana 500 ming dollar olsa, 9 ta ovozni ta'minlashini aytgan.

Rio-de-Janeyro XOQning 2009 yil oktyabrdagi sessiyasida Olimpiada poytaxti deb e'lon qilingan. Ushbu shahar ovoz berishning 3-bosqichida 66 ta ovoz bilan 32 ta ovoz olgan Madridni ortda qoldirgan. Chikago ovoz berishning 1-bosqichida, Tokio esa 2-bosqichida chiqib ketgan.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.