«Atletiko» «Barselona»dan jirkanishini e'lon qildi, Grizmann transferi amalga oshmasligi mumkin

«Atletiko» «Barselona»dan jirkanishini e'lon qildi, Grizmann transferi amalga oshmasligi mumkin


«Atletiko» klubi rahbariyati hujumchi Antuan Grizmann va «Barselona» bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha rasmiy bayonot berdi.

«Barselona» prezidenti Jozep Mariya Bartomeuning futbolchimiz Antuan Grizmann haqidagi so‘zlaridan keyin, «Atletiko» quyidagilarni ma'lum qiladi.

14 may kuni Antuan Grizmann «Atletiko» prezidenti Migel Anxel Xil, bosh murabbiy Diyego Simeone va sport direktori Andrea Berta bilan uchrashib, mavsum oxirida klubni tark etmoqchiligini aytdi.

Bir necha kundan so‘ng biz «Barselona» va futbolchi fevral oyida maxfiy muzokara boshlaganini, mart oyida esa kelishib olganini bilib qoldik.

Bugun prezident Bartomeu «Atletiko» klubi bilan Grizmann bo‘yicha muzokara boshlaganini e'lon qildi. Bu – rost. Haqiqatdan ham Migel Anxel Xil «Barselona» bosh direktori Oskar Grau bilan uchrashdi. Unda janob Grau Grizmanning shartnomasidagi tovon puli 1 iyuldan boshlab 200dan 120 million yevroga pasaygani tufayli, bu to‘lovni kechiktirishni talab qildi.

«Atletiko» bunga rad javobini berdi. Chunki «Barselona» va futbolchi bu xatti-harakatlari bilan «Atletiko» va uning muxlislarini hurmat qilmasligi oydinlashdi.

Shularni hisobga olgan holda, «Atletiko» bugun futbolchiga, uning singlisi va agentiga, shuningdek advokatiga rasman murojaat qilib, amaldagi shartnoma bandlariga muvofiq, yakshanba kuni klub qarorgohiga yetib kelishini talab qildi. Endi Grizmann boshqa futbolchilar qatori mavsumoldi tayyorgarligini boshlashi shart.

Bu bayonot orqali «Atletiko» har ikkala tomonning, ayniqsa «Barselona»ning xatti-harakatlaridan jirkanishini ma'lum qiladi. «Barselona» mavsum davom etayotgan paytda va muhim o‘yinlar pallasida o‘zi bilan chempionlik uchun kurashayotgan jamoa futbolchisini og‘dirib olishga, uni shartnomani bekor qilishga undagan.

«Barselona»ning bu ishi shartnomaga ega futbolchilar bilan muzokara o‘tkazish va sport musobaqalari yaxlitligini ta'minlovchi asosiy qoidalarga ziddir, shuningdek «Atletiko» va uning muxlislariga zarar yetkazuvchi holatdir», – deyiladi «Atletiko» bayonotida.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.