«Shaharliklar»ning yangi tayanchi. Uni yangi Buskets deb atashadi

«Shaharliklar»ning yangi tayanchi. Uni yangi Buskets deb atashadi


«Manchester Siti» o‘zining yozdagi eng asosiy transferini amalga oshirdi. Bu transfer amalga oshishi haqda o‘tgan mavsumdayoq mish-mishlar paydo bo‘lgandi. Ha, gap Rodri haqida ketmoqda.

«Siti» maydalashib o‘tirmadi-da, «Atletiko»ning «og‘ziga siqqanini» to‘ladi va tayanch zonasida dunyoning eng zo‘r futbolchilaridan birini qo‘lga kiritdi. Rodri «Manchester Siti» uchun juda muhim futbolchi edi, shu bois «Shaharliklar» bu transfer uchun savdo qilib o‘tirishmadi.

Nega uning kelishi Pepning jamoasi uchun shunchalik muhim edi?

«Janob Muborak, menga shu yigit kerak...»

«Bavariya» prezidenti Ule Xyones Gvardiola «Manchester Siti»da qanday futbolchi sotib olishi haqida hazilomuz gap aytgandi: «U «Siti»ning xo‘jayini bilan birga ovqatlanayotgan vaqtda unga olib kelmoqchi bo‘lgan futbolchisi haqida bir nechta video qo‘yib beradi va shayx o‘sha yerning o‘zida transfer uchun pulni o‘tkazib beradi. Ertasiga esa u biror mamlakatga ketayotgan gaz trubasidagi vintelni ozgina burab qo‘yadi va hammasi o‘z o‘rniga tushadi».

Gvardiola so‘ragan futbolchilarning deyarli barchasi «Manchester Siti»da paydo bo‘layotganini inobatga olsak, bu gaplar haqiqatga yaqin. Chunki Pep rahbariyatning ishonchini qozonib bo‘lgan.

Rodrining transferi Gvardiola uchun shunchalik muhim ediki, u «Atletiko» futbolchisining harakatlari tasvirlangan video tayyorlab ham o‘tirmagan, menimcha. Murabbiy shunchaki klub xo‘jayinining oldiga kirib shunday degan: «Janob Xaldun, Busketsni olomadik, endi Rodrini olmasak bo‘lmaydi. Menga shu yigit kerak...». Gvardiolada har biz chiziqda bir nechtadan futbolchi bor, lekin tayanch zonasi haqida bunday deb bo‘lmaydi. Shu bois Rodrining kelishi klubni faqat kuchaytiradi.


Fernandino endi almashtirib bo‘lmas futbolchi emas

«Manchester Siti» Yevropaning eng zo‘r klubi bo‘lmasligi mumkin, lekin Gvardiola jamoasi zaxira o‘rindig‘i borasida tengsiz desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Masalan, Gvardiolaning yarim himoyasida shunchalik futbolchi ko‘pki, u har o‘yinda boshqacha futbolchi tushiraverib, futbol-menejyer o‘yinlari shaydolarini «bezor qilgan». «Siti» yarim himoyasida Fernandino bilan kimlar o‘ynashini jamoaning ashaddiy muxlislari ham taxmin qila olishmaydi. Ha, faqat Fernandino o‘zgarmas futbolchi sifatida o‘ynashiga odatlanganmiz.

Braziliyalik futbolchi shaxsan mening fikrimcha, dunyodagi eng kuchli tanyach yarim himoyachilaridan biri. 34 yoshga kirgan Fernandino o‘z ishini hamon a'lo darajada bajarib keladi. Ammo uning faoliyati yakuniga yetib bormoqda va jamoa yangi futbolchini olib kelishi kerak edi. Bundan tashqari raqobatning yo‘qligi har qanday futbolchini xotirjamlikka undaydi va bu o‘yin sifatiga ta'sir qiladi.

Fernandino qo‘pol futbolchi bo‘lgani uchun ko‘p marta qizil kartochka olib jamoasini qiyin ahvolga tushirib ham qo‘ygan. Rodri bu borada namunali futbolchi. Uning harakatlari ham Gvardiolaning uslubiga ko‘proq mos keladi. Fernandino inglizcha qiziqqonlik bilan harakat qiladi, Rodri esa aqlli futbol vakili. Uning uzatmalari juda aniq.

Yangi Buskets


Rodrini anchadan buyon «yangi Buskets» deb atab kelishadi. Chindan uning harakatlari futbol odamlari zamonaviy futbolning tengsiz tayanch yarimhimoyachisi deb ataydigan Serxio Busketsning o‘yinlarini eslatib yuboradi. O‘tgan yil «Vilyarreal»dan «Atletiko»ga kelib qo‘shilgan futbolchi bejizga markazni o‘ziniki qilib olmadi. Albatta, «matraschilar»ning markazdagi asosiy futbolchisi Koke, lekin aynan Rodrining o‘yini chiroyliroq. U to‘pni qadrlaydi va deyarli xato uzatma amalga oshirmaydi.

Buskets darajasiga chiqish bir qarashda imkonsizdek ko‘rinadi, lekin ot izini toy bosar. 10 yil ichida Ispaniya milliy jamoasida ko‘p narsalar o‘zgardi, murabbiylar kelib ketishdi, sardorlar almashdi, lekin Buskets hamon asosiy tarkibda. Chunki markazda u kabi mukammal o‘ynash boshqa futbolchilar uchun hozircha imkonsiz bo‘lib qolmoqda. Ispaniyaliklar markazda Busketsning o‘rnini aynan 22 yoshli Rodri egallashini kutishmoqda.

Rodri o‘tgan mavsumda bir ko‘rsatkich bo‘yicha Busketsni ham ortda qoldirgani ko‘p narsani anglatadi. «Real Sosedad»ga qarshi o‘yinda Rodri 42 marta to‘pni sheriklariga uzatgan va uning uzatmalar aniqligi 100 foizga teng bo‘lgan. La Liganing o‘tgan mavsumida bir o‘yinda 40tadan ko‘p uzatmani amalga oshirgan hech bir futbolchi 100 foizlik ko‘rsatkichga ega bo‘lmagan.

Odatda tayanch yarim himoyachilari jismonan baquvvat bo‘lishadi va ular hujumni buzish bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Lekin Rodrining ustunligi uning mushaklari emas. U aqlli futbol ko‘rsatadi. Rodrigo hatto yoshligida jismoniy holati yaxshi emasligi bois «Atletiko» yoshlar jamoasidan ketishga majbur bo‘lgan. Ha, ko‘p pul xarjlamaydigan «Atletiko» o‘z tarbiyalanuvchisi hisoblangan Rodri uchun «Vilyarreal»ga 25 million yevro bergandi.

Albatta, «Siti»ning yangi futbolchisi kamchilikdan xoli emas. Uning kamchiliklarini biz emas, ustozi Diyego Simeone sanagandi: «Men u bilan ko‘p tortishaman va o‘sishi kerakligini aytaman. Rodri jamoa oldinga harakat qilishi uchun ko‘proq oldinga to‘p uzatishi kerak. Menimcha, qanotdagi Xuanfranga 20 marta to‘p uzatgandan ko‘ra 6-7 marta ochiq zonalarga uzatma amalga oshirgan yaxshiroq. Masalan, Buskets hech qachon 30 marta oldinga pas bermaydi. U o‘yin davomida 12-14ta uzatma bilan sizga bo‘sh joy ochib beradi. Rodrining ustunligi shundaki, u havoda yaxshi o‘ynaydi va to‘pni jamoaga olib berishda yaxshi harakat qiladi. U hech qachon diqqatni yo‘qotmasligini ham ta'kidlash kerak».

Rodri kabi futbolchilar jamoadagi balansni ushlash uchun juda muhim. Bunday futbolchilar hujum yo‘nalishini belgilab beradi va dirijyorlik vazifasini bajaradi. Gvardiolaning o‘zi markaziy yarim himoyada o‘ynardi, shu bois u jamoalarida markaz kuchli bo‘lishini xohlaydi. «Siti»da endi kuchaytirish kerak bo‘lgan yana bir chiziq qoldi. Bu chap qanot himoyasi.

Aleksandr Zinchenko va Benjamin Mendi yomon futbolchilar emas, lekin bu futbolchilarning barqaror o‘yin ko‘rsatmagani bois Gvardiola chap qanotda tayanch yarim himoyachisi Fabian Delfni o‘ynatishga majbur bo‘lganini ham ko‘rganmiz. Ammo bu chiziqda qimmatbaho transfer bo‘lmasa kerak, chunki jamoa doim jarohatini tuzatish bilan vaqt o‘tkazadigan Mendi uchun katta pul sarflab bo‘lgan...

O‘tkir Jalolxonov

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.