AQSh va Polsha prezidentlarining birgalikda tushgan fotosurati zaharxandaliklarga sabab bo'ldi


Фото: Оқ уй матбуот хизмати

Internetda AQSh prezidenti Donald Trampning polshalik hamkasbi Anjyey Duda bilan 18 sentabrda Oq uyda olingan fotosurati zaharxandaliklarga sabab bo'ldi. Suratda ikki davlat yetakchisi hujjatlarni imzolash vaqtida suratga tushib berayotgani, bunda Tramp kursida o'tirgani, Duda esa uning stoli chekkasida biroz engashgan holda turgani tasvirlangan.

Tvitter foydalanuvchilari bu ko'rinishni e`tiborsiz qoldirishmagan va ko'plab kinoyalar bildirishgan. Shu bilan birga nafaqat Polsha prezidentining suratdagi ko'rinishi, balki hujjatlar imzolanishi vaqtida Polsha bayrog'i yo'qligi qayd qilingan.

“Tramp Dudaga o'rnini ko'rsatib qo'ymoqchi bo'lgan va ko'rsatib qo'ydi ham. Aks holda, kelishuv boshqa xonada, ikkalovi o'tirgan holda imzolangan bo'lardi”, deb kinoya qilgan bir foydalanuvchi.

“Qiziq, Duda Tramp bilan uchrashganda ta`zim qilib, uning qo'lini o'parmikin?”, deb zaharxandalik qilgan yana bir foydalanuvchi.

“Rasvo surat, Duda stol chetida malaydek turibdi”, deb yozgan foydalanuvchilardan biri.

“Butkul kamsitilish”, deb andisha qilib o'tirmagan yana bir foydalanuvchi.

Ba`zilar ikki prezidentni boy va xizmatkorga qiyoslashgan. Boshqalar esa Duda Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenkoga o'xshab, Tramp bilan suratga tushish uchun pul to'laganini taxmin qilishgan.

Shu bilan birga foydalanuvchilar yuqoridagi suratga mutlaq teskari suratni taqdim qilishgan. Unda Tramp Polshaning sobiq prezidenti Lex Valensa bilan tasvirlangan. Biroq unda “rollar” roppa-rosa teskarisiga taqsimlangan: Valensa kursida o'tiribdi, Trampga esa o'tirishga joy yo'q.

Avvalroq ma`lum qilinganidek, Duda Polsha hududida ochilishi mumkin bo'lgan AQSh harbiy bazasini Tramp sharafiga “Tramp forti” deb atashni taklif qilgan.


Manba: Kun.uz

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.