«Senat raisligiga ayol kishining saylanishi gender tengligi sari muhim siyosiy qadamdir»  - Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz 

«Senat raisligiga ayol kishining saylanishi gender tengligi sari muhim siyosiy qadamdir»  - Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz 


Oliy Majlis Senati raisligiga ayol kishining saylanishi mamlakatda gender tengligini ta'minlash yo‘lidagi muhim siyosiy qadam bo‘ldi, – deb hisoblaydi Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatilla Tillaboyev. U bu haqda Markaz hamda BMTning O‘zbekistondagi bir qator idoralari bilan hamkorlikda tashkil etilgan «Barqaror rivojlanish maqsadlari yo‘lida indikatorlarni joriy etish» mavzusidagi konferensiyada to‘xtalib o‘tdi.

«Birlashgan Millatlar Tashkilotining barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda O‘zbekiston ham faol harakat olib bormoqda. Xususan, bu maqsadlarning 16tasini milliylashtirish va amalga oshirish bo‘yicha harakatlar rejasi ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilyapti, bir qator natijalarga ham erishildi. Xususan, onalar va bolalar o‘limi ko‘rsatkichi kamaydi, gender tengligini ta'minlash masalasi dolzarb bo‘lib turibdi. Senat raisligiga ayol kishining saylanishi orqali O‘zbekiston palata rahbari ayol kishi bo‘lgan sanoqli — 56ta davlat safiga kirdi» , — deya ta'kidlaydi Tillaboyev.

Eslatib o‘tamiz, Senatning 20-yalpi majlisida Xotin-qizlar qo‘mitasining sobiq raisi Tanzila Norboyeva Oliy Majlis Senati raisi lavozimiga tasdiqlangani haqida xabar berilgan edi.

Mazkur tadbir barqaror rivojlanish yo‘lida milliy indikatorlarni belgilash hamda inson huquqlari bo‘yicha davlat organlarining hisobdorligi oshirish maqsadida tashkil etilmoqda. Ta'kidlanishicha, hali dunyoda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha sinalgan aniq tajriba mavjud emas. Shuningdek, barqaror rivojlanish maqsadlarining 92 foizi bevosita inson huquqlari ustuvorligi bilan bog‘liq.

«O‘zbekistonda amal qilayotgan harakatlar strategiyasi har tomonlama barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq keladi. Unda sifatli ta'lim, inson huquqlari himoyasi, gender tengligi, davlat organlari faoliyatining shaffofligi, korrupsiyaga qarshi kurash, mehnat islohoti masalalari qamrab olingan» , — deya bayon qildi BMTning O‘zbekistondagi vakili Helena Freyzer.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi boshlig‘i Rishard Komendaga ko‘ra, barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda O‘zbekistonda yetarlicha imkoniyat mavjud.

«Mamlakatda inson huquqlari ta'minoti va muhofazasini yo‘lga qo‘yishda mavjud holatlar haqida aniq ma'lumotlarni yig‘ish, statistik ko‘rsatkichlarni belgilash muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki bunday hisobotlar bizning tanlagan yo‘limiz to‘g‘ri yoki yo‘qligini, keyingi harakatlar qanday bo‘lishi kerakligini ko‘rsatib beradi. Inson huquqlarining ta'minlanishida davlat idoralarining hisobotlari, javobgarligi muhim. Ularda bu bo‘yicha salohiyatni paydo qilish kerak. Mazkur seminar ham shu maqsadga xizmat qiladi» , — deya qayd etdi u.

Ma'lumot uchun, BMT tomonidan 2030 yilgacha erishilishi lozim bo‘lgan 17ta barqaror rivojlanish maqsadlari belgilangan. Bular:

— o‘ta qashshoqlikka barham berish;

— ochlikka barham berish;

— sog‘lik va farovonlik;

— sifatli ta'lim;

— gender tengligi;

— toza suv va sanitariya;

— arzon va toza energiya;

— munosib ish o‘rinlari va iqtisodiy o‘sish;

— sanoatlashtirish, innovatsiya va infratuzilma;

— tengsizlikni kamaytirish;

— barqaror shaharlar va aholi yashash joylari;

— mas'uliyatli iste'mol va ishlab chiqarish;

— iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish;

— dengiz ekotizimlarini asrash;

— quruqlikdagi ekotizimlarni asrash;

— tinchlik, adolat va samarali boshqaruv institutlari;

— barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlik.

O‘zbekiston bu maqsadlarning 16tasiga qo‘shilgan, mamlakat hududida dengiz mavjud emasligi bois dengiz ekotizimlarini asrash maqsadi istisno qilinadi.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.