Babayan yana katta sahnada. U shunchalik zo‘r murabbiymi?

Babayan yana katta sahnada. U shunchalik zo‘r murabbiymi?


Samvel Babayan «Lokomotiv» bosh murabbiyi bo‘ldi. Ha, o‘sha mashhur Samvel Babayanning o‘zginasi. O‘zi xohlagan futbolchilarni o‘ynatib, xalqning g‘azabiga uchragan, kuchsiz jamoalarni yengganida maydonni o‘paverib odamlarni zada qilgan, oxirgi matbuot anjumanida mag‘lubiyatga izoh ham bera olmay, ketib qolgan Babayan. Butun umr futboldan chetlatilgan va keyinchalik qat'iyatsiz futbol rahbarlari tomonidan BUTUN UMRLIK diskvalifikatsiyasi 2 haftada bekor qilingan Babayan.

Shuncha gapdan keyin ham yana katta sahnaga qaytgan Babayan shu qadar zo‘r murabbiymi? Millatning bosh jamoasini parokanda qilib ketgan insonning katta futbolga qaytishi muxlislarga qanday ta'sir qiladi?

Ruxsatingiz bilan gapni uzoqroqdan boshlasak. Babayanning milliy jamoaga kelishining o‘zi katta xato edi. Uning qing‘irliklarini odamlar ko‘p yillardan buyon bilishardi. Keyin esa bu firibgarliklar haqida rasman e'lon qilindi ham. Oqibatda Babayan butun umrga diskvalifikatsiya qilindi. Keyin esa «Bunyodkor»ning kafilligida 2 haftadan keyinoq diskvalifikatsiya bekor qilingani ma'lum bo‘ldi. Endi ana o‘sha muxlislar g‘azabiga duchor bo‘lgan inson oz emas, ko‘p emas naq 3 yildan buyon mamlakat chempioni bo‘lib kelayotgan jamoaga murabbiy bo‘ldi.

Har bir klub xohlagan murabbiyini ishga qo‘yishi, xohlagan murabbiyni haydashi mumkin. Lekin bir narsaga hayronman, nima, O‘zbekistonda undan boshqa murabbiy yo‘qmi? Agar u shunchaki milliy terma jamoa bilan muvaffaqiyatsizlikka uchragan murabbiy bo‘lsa ham boshqa gap edi. Masalan, Qosimov ham, Abramov ham bunday muvaffaqiyatsizlikka uchragan, lekin ular o‘z manfaatini milliy jamoa manfaatidan ustun qo‘ymagan. Qosimov va Abramov hurmat-ehtirom ko‘rib ishlashda davom etishmoqda. Chunki bu murabbiylar qo‘llaridan kelganini qilishgan. Qosimov ikki marta ham imkoniyatdan foydalana olmadi, bunga qurbi yetmadi. Abramov asosiy saralash bosqichidagi birinchi o‘yindan keyinoq iste'foga chiqarildi va bu futbolimiz tarixidagi eng katta xatolardan biri bo‘lgandi, deyish mumkin.

Babayan esa o‘z futbolchilarining transfer narxini ko‘tarish uchun ularni bosh jamoada o‘ynatgan. Bu gapni men o‘ylab topganim yo‘q, rasman e'lon qilingan.

Shaxsan mening fikrimcha, Babayanni murabbiy qilib qaytarish shuncha bo‘lib o‘tgan ishlardan so‘ng o‘zbek futboliga, uning muxlislariga nisbatan hurmatsizlik. Chunki bu insonning nomi odamlarga ko‘p narsani anglatadi. Yana takrorlayman, qanday murabbiyni ishlatish klublarning o‘z ishi. «Lokomotiv» xohlasa Rustam Mirsodiqovni olib kelib bosh murabbiylikka tayinlasin, xohlasa «diskvalifikatsiya qilishmasa balki Mourinoga aylanib ketishi mumkin bo‘lgan Mo‘minjonov»dan diskvalifikatsiyasini oldirib tashlab, ishlatsin. Mo‘minjonov «atigi» 5 yilga chetlatilgan, butun umrga chetlatilgan Babayan ikki haftadayoq oqlanganini inobatga olsak, 5 yillik «qizil kartochka»ni bekor qilish «xamirdan qil sug‘urganday» oson ish mantiqan.

Demak, «Loko» murabbiylariga qaytsak, jamoa xohlasa Mourinoni olib kelsin, lekin Babayan bu alohida mavzu. Hatto qonunda ham istisno bor. Babayan aynan mana shunday istisno!

U qo‘pol qilib aytganda butun xalqning ustidan kulib ketgandi! Endi esa futbolga qaytib Shomurodovning milliy jamoa yetakchisiga aylanganiga hissa qo‘shganini da'vo qilmoqda. Yetmaganiga hamma narsani unutishni so‘radi. Eng achinarlisi, Babayanni qahramondek kutib olayotganlar juda ko‘p... Uni kuchli menejyer deb bot-bot takrorlaydiganlar diqqatiga: Babayan kuchli menejyer bo‘lib nimani qoyillatgan? Shundog‘am mavjud bo‘lgan «Paxtakor» akademiyasidagi yosh futbolchilarni har xil jamoalarga sotishning nimasi mahorat? «Paxtakor» futbolimiz tarixidagi eng kuchli va eng katta jamoa. Shunday ekan, bu yerda yaxshi futbolchilar bo‘lishi Babayanga bog‘liq emas. Ungacha ham bu jamoadan kuchli futbolchilar chiqqan, usiz ham «Paxtakor» kunini ko‘raveradi.

Babayan haqida gapirganda negadir Olil Ahmedovning katta pul evaziga transfer qilinganini eslashadi. Janoblar, Odilning Rossiya chempionatiga yo‘l olishiga Babayanning qanday aloqasi bor? Odil o‘rtamiyona futbolchimidiki uni transfer qilish uchun kimningdir jonbozligi talab etilsa? U kuchli futbolchi bo‘lgani uchun xorijga yo‘l olgandi, kimningdir sa'y-harakatlari sabab emas. Odil o‘shanda kuchli jamoaga ketgani, bugungi kunda Xitoyda katta maosh olib o‘ynayotgani bu faqat va faqat o‘zining mehnatlari samarasidir.

O‘sha kuchli menejyer hisoblangan Babayan basseyniga logotipini yopishtirib qo‘yadigan darajada yaxshi ko‘radigan «Paxatkor»ini qanday ahvolga tashlab ketganini unutdingizmi? Bu ishlarga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. «Paxtakor»ning yangi rahbariyati Babayan qilgan ishlarni to‘g‘rilash uchun qancha sarson bo‘lganiga hamma guvoh. Mayli, Babayanga hech qanday adovatimiz yo‘q, unga faoliyatida faqat omad tilaymiz. Lekin bir narsaga hayron qolyapman, faqat yomon ishlari bilan yodda qolgan inson nega bunchalik ko‘klarga ko‘tarilmoqda? Babayan chempionatdagi intrigani oshiradi, u kuchli murabbiy, tengsiz menejyer degan gaplar safsata-ku?! Kechirasiz, lekin Babayanni bugungi kunda chempionatda ishlayotgan Abramov, Qosimov, Berdiyev kabi muxlislar orasida hurmat qozongan murabbiylar bilan bir qatorda e'tirof etish to‘g‘ri emas.

Babayan juda yaxshi vaqtda «Loko» murabbiyi bo‘ldi. Masalan, u «Dinamo»ga qarshi o‘yin oldidan tayinlanganida Samarqanddagi qiziqqon muxlislar Babayanni «juda iliq kutib olgan bo‘lishardi». Chunki Babayanning Samarqandga oxirgi tashrifi juda esda qolarli bo‘lgan. Ravshan Haydarov murabbiyligidagi «Dinamo» «Paxtakor»ga jiddiy qarshilik ko‘rsatgan va o‘yinning asosiy vaqti 1:1 hisobida yakunlangandi. Keyin hakam o‘yinga 5 daqiqa qo‘shgan va «Paxtakor» qo‘shib berilgan 9-daqiqada (!) gol urgandi. Albatta, bu ishlarda Babayanning zig‘ircha aybi yo‘q, lekin muxlislar bu safsataga ishonishmagandi. O‘sha o‘yindan so‘ng «Paxtakor» avtobusi toshbo‘ron qilingan, Babayanning «Epika»sini ham muxlislar ko‘tarib urishgandi. Ha, mashinani 4 tomonidan ko‘tarib yerga urishgandi. Bunday agressiyaga sabab bo‘lish uchun maydonda qanday voqealar bo‘lganini tasavvur qilavering.

«Loko» birinchi davraning oxirgi turini o‘z maydonida «So‘g‘diyona»ga qarshi o‘tkazadi va shu bilan tanaffus boshlanadi. Bu orada har xil ta'sirli videolar, Babayanning daho ekani haqida maqolalar chiqib sodda muxlislarning fikrini o‘zgartirishga ham erishishsa kerak. Shu o‘rinda Babayanning aynan mana shu jabhada kuchli taktik ekaniga tan berish kerak. Janob Babayanga yangi ish joyida omad tilagan holda uni ko‘kka ko‘tarayotganlaridan bir narsani so‘ragan bo‘lardim: iltimos, hamma narsani o‘z nomi bilan ataylik...

O‘tkir Jalolxonov

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.