Qo‘qondagi maktabda ro‘zador o‘quvchilar sazoyi qilingani tasdiqlandi, maktab direktori lavozimida qoldi

Qo‘qondagi maktabda ro‘zador o‘quvchilar sazoyi qilingani tasdiqlandi, maktab direktori lavozimida qoldi


6 may kuni Qo‘qondagi 8-maktabning ro‘zador o‘quvchilari darsdan keyin maktab direktori tomonidan oftobda yugurtirilgan. Bu haqdagi ma'lumotni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati Kun.uz`ga tasdiqladi.

Ma'lum qilinishicha, ramazonning ilk kunida ro‘y bergan holat o‘z tasdig‘ini topgach, maktab direktori Feruza Jabbarova jarimaga tortilgan.

Jabbarova tergovga qadar tekshirish davomida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini sport maydonchasida yugurtirganini tan olmagan, ammo o‘quvchilar va ularning ota-onalari bergan ko‘rsatmalar buning aksini tasdiqlagan.

«O‘ziga yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarmasdan, qonun buzilishi holatiga yo‘l qo‘yganligi uchun maktab direktori F.Djabbarovaga nisbatan intizomiy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilib, Farg‘ona viloyat Xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘ining 22.05.2019 yildagi 21j-sonli buyrug‘i bilan o‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizi miqdorida “Jarima” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan», – deyiladi rasmiy bildirishda.

Qo‘shimcha qilinishicha, ushbu holatda direktorning harakatlarida jinoyat alomatlari bo‘lmaganligi sababli, 21.05.2019 yilda Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.

Ta'kidlash joiz, Farg‘ona viloyati prokuraturasi va Qo‘qon shahar xalq ta'limi bo‘limi 8 may kuni o‘z surishtiruvlari natijasini Kun.uz`ga ma'lum qilgan, o‘rganishlar natijasida ro‘zador o‘quvchilarning yugurtirilgani haqidagi ma'lumot asossiz deb topilganini bildirgan edi.

Xususan, maktab direktori Feruza Jabbarova ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma'lumotlar noto‘g‘riligini iddao qilgan va go‘yoki «tushlik vaqtida darslari tugab uyga qaytayotgan boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga o‘zlarini ehtiyot qilib yurishlari va vitaminlarga boy ovqatlarni iste'mol qilishlari kerakligini aytgani, biroq ularga hech qanday tazyiq o‘tkazmagani»ni bildirgan edi.

«Maktab o‘qituvchilari ham o‘z tushuntirishlarida maktab hududida bunday salbiy holat umuman bo‘lmaganini bayon qilishgan.

Shuningdek, holat yuzasidan boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bilan pedagog-psixologlar ishtirokida suhbatlashilganda, ro‘za tutgan bolalarni hech kim maktab hovlisida yugurtirmaganini bildirishgan», – deyilgan edi viloyat prokuraturasi xabarida.

O‘z navbatida, Qo‘qon shahar xalq ta'limi bo‘limi ham: «Xizmat surishtiruvi davomida shular ma'lum bo‘ldiki, mazkur maktabda o‘quvchilar ro‘za tutishlari uchun hech qanday tazyiq o‘tkazilmagan», – deya raddiya bergandi.

«O‘qituvchilar tomonidan avvalo o‘quvchilar bilim egallashi muhimligi, fanlarni o‘zlashtirish uchun sog‘lom bo‘lishlari shartligi, shuning uchun ham vaqtida ovqatlanishga e'tibor qaratilishi xususida tushuntirishlar berilgani aniqlandi», – deyilgandi shahar xalq ta'limi bo‘limi axborotida.

Qo‘qon shahar XTB o‘z bayonotida, shuningdek, hech qachon o‘z futbol maydoni bo‘lmagan 8-maktabda maydon yaqinda maktab rahbariyati tomonidan barpo etilgani ham ta'kidlangan edi. Boz ustiga, XTB maktabda «o‘quvchilar uchun bepul fitobar tashkil etilgani», «ta'lim sifatiga alohida e'tibor qaratilayotgani», «ma'naviy-ma'rifiy ishlar ham namunali tashkil etilgani», «mamlakatimizda vijdon va e'tiqod erkinligi inson huquqi sifatida belgilangani» kabilarga alohida to‘xtalib o‘tgan edi.

«Shuning uchun ham ijtimoiy tarmoqlarda haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan xabarlarni berishda xolislikka e'tibor qaratish maqsadga muvofiqdir», deyilgan edi Qo‘qon shahar xalq ta'limi bo‘lim mudiri I.M.Rasulov tomonidan imzolangan raddiyada.

Farg‘ona viloyati prokuraturasiga ko‘ra, 1928 yilda qurilgan 8-maktab 608 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan, unda so‘nggi o‘quv yilida 912 nafar o‘quvchi tahsil olgan.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.