Totti «Roma»dan butunlay ketdi

Totti «Roma»dan butunlay ketdi


«Roma» direktori Franchesko Totti klubdagi uzoq yillik faoliyatiga yakun yasashini ma'lum qildi.

Bu haqda sobiq hujumchi bugun Rimda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida rasman bildirgan. 42 yoshli mutaxassisning iste'fosiga «bo‘rilar» rahbariyati bilan kelishmovchiligi sabab bo‘lgan.


Sky Sport Italia xabariga ko‘ra, ishdan bo‘shash tashabbusi Francheskoning o‘zidan chiqqan.

Manba ma'lumotiga ko‘ra, klubdagilar yangi bosh murabbiy va direktor tayinlashda Tottining fikri bilan hisoblashishmagan, rahbariyat u haqda OAVda salbiy taassurot paydo bo‘lishiga sababchi bo‘lgan, boz ustiga, klub prezidenti Jyeyms Pallotta o‘ziga maslahatchi lavozimiga Franko Baldinini tayinlab, Francheskoning vakolatlarini qisqartirgan. Shu kabi sabablar ortidan Totti ishdan bo‘shashga qaror qilgan.

Ma'lumot uchun, «Roma»ning 42 yoshli sobiq sardori butun professional karerasini shu klubda o‘tkazgan, 1989 yilda yoshlar jamoasida debyut qilib, 1992-2017 yillarda asosiy jamoada o‘ynagan.

Bu yillar mobaynida Totti Italiya chempionati, kubogi va superkubogida g‘olib chiqqan; milliy jamoa safida 2006 yili jahon chempioni bo‘lgan.

U butsalarini mixga ilishi bilanoq «Roma» tizimida lavozimga ega bo‘lgan – o‘sha vaqtdagi sport direktori Monchining yordamchisiga aylangan edi.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.