Sog‘liqni saqlash vazirligi Vengriyada onkologik xizmatni rivojlantirish istiqbollari to‘g‘risida taqdimot o‘tkazdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Vengriyada onkologik xizmatni rivojlantirish istiqbollari to‘g‘risida taqdimot o‘tkazdi


O‘zbekiston delegatsiyasi Budapesht shahrida Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlarining onkologiya sohasida hamkorlik bo‘yicha xalqaro konferetsiyada ishtirok etmoqda. Ushbu tadbir tashkilotchilari – Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Vengriya hukumati hamda Vengriya inson resurslari vazirligi hisoblanadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosiga a'zo 53 davlat orasida O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakatimizda onkologik xizmat holati va rivojlantirish istiqbollari haqida taqdimot o‘tkazdi. Respublika ixtisoslashgan Onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Mirzag‘olib Tillashayxov o‘z nutqida ta'kidlab o‘tganidek, jahonda yiliga 15 millionga yaqin inson saraton bilan kasallangani aniqlanmoqda, mamlakatimizda esa bugun 96 mingdan ziyod bemorlar onkologik xastalik bilan ro‘yxatga olingan. Mazkur masalaning dolzarbligini hisobga olgan holda, Prezidentimizning 2017 yil 4 aprelda «2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Shu asosda yurtimizning barcha hududlarida Respublika ixtisoslashgan Onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filiallari tashkil etildi. Onkologik kasalliklar diagnostikasi va davolashning zamonaviy standartlari ishlab chiqilib, klinik amaliyotga joriy qilindi hamda vertikal onkologiya xizmati yaratildi.

E'tiborli jihati, so‘nggi yillarda o‘zbekistonlik onkologlarning faol sa'y-harakatlari tufayli sohada eng nufuzli sanalgan ESMO, ASCO kabi xalqaro tashkilotlarga a'zo bo‘ldi. 2017-2018 yillarda 100 dan ziyod mutaxassislarimiz Rossiya, AQSh, Koreya, Turkiya, Polsha, Hindiston, Belarus kabi mamlakatlarning nufuzli klinikalarida davlat hisobidan malaka oshirishdi. So‘nggi ikki yil ichida kimyoviy preparatlar bilan ta'minlash ham sezilarli darajada yaxshilanib, 85-90 foizgacha yetdi. Markaz tomonidan video-laparoskopik jarrohlik majmuasi sotib olingandan so‘ng, respublikada birinchi marta video-laparoskopik nefrektomiya, trombektomiyali nefrektomiya va buyrak rezeksiyasi kabi yuqori texnologiyali operatsiyalar o‘tkaziladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakili Lide Lazer O‘zbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha majburiyatlarni va sog‘liqni saqlash xizmati bilan butun mamlakatni qamrab olish yo‘nalishidagi vazifalarni bajarishdagi yutuqlarini yuqori baholadi.

«Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Olib borilayotgan ushbu o‘zgarishlar ko‘plab mamlakatlar uchun namuna bo‘la oladi.

2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishda JSST mutaxassislarining tavsiyalari e'tiborga olinib, qabul qilinishi chindan ham tarixiy voqeadir. Ishonchim komilki, tizimni rivojlantirish uchun butunlay yangi konsepsiya joriy etilishi aholi salomatligini samarali himoya qilishda asos bo‘lib xizmat qiladi. Zero, tibbiyotni isloh qilishning mazkur yetti yillik rivojlanish konsepsiyasini amalga oshirish sifatli tibbiy xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirish, O‘zbekiston aholisining salomatligi va farovonligini oshirishda muhim ahamiyatga ega», – dedi Lide Lazer.


«Konferensiya yakunida ishtirokchilar Markaziy va Sharqiy Yevropa hamda Markaziy Osiyoda onkologik ta'lim, ilmiy tadqiqotlar va rivojlanish sohasida hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiyani imzoladilar», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.