Video: Jizzax va Qashqadaryoda YPX inspektorlari kaltaklandi. Zo‘ravonlar qo‘lga olindi

Video: Jizzax va Qashqadaryoda YPX inspektorlari kaltaklandi. Zo‘ravonlar qo‘lga olindi


Shu haftada ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonning ikki hududida YPX xodimlariga nisbatan kuch ishlatilgani tasvirlangan videolar tarqaldi.

Kun.uz muxbiri xabar qilishicha, Jizzaxda zo‘ravon inspektor va haydovchining «orasiga tushgan».

Ma'lum qilinishicha, mazkur hodisa 10 iyun kuni soat taxminan 15:00larda sodir bo‘lgan.

«Jizzax viloyati IIB YHXB YPX inspektori Jizzax shahar Eski shahar buyum savdo kompleksi ro‘parasi, Mustaqillik ko‘chasida qoidabuzarlik sodir etgan «Vaz-2101» rusumli, davlat raqami 25 T932 SA bo‘lgan avtomashinani to‘xtatib, haydovchi bilan muloqot qilayotgan bo‘lgan.

Shu vaqtda avtomashina haydovchisiga aloqasi bo‘lmagan shaxs Jizzax shahar Qassoblik mahallasida yashovchi I.N. mast holatda, hech bir sababsiz, YPX inspektorining oldiga kelib, u tomonidan to‘xtatilgan avtomashina haydovchisiga «bu YHXB hodimining mobil kamerasi yo‘q ekan, seni to‘xtatishga haqqi yo‘q, bor ketaver» deb aytgan. YPX inspektori ushbu fuqaroga xizmatiga xalaqit bermaslikni so‘ragach, fuqaro I.N. hech bir sababsiz YPX inspektorini har xil so‘zlar bilan haqoratlab, bosh qismiga urib tan jarohati yetkazgan», deyiladi Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan Kun.uz’ga taqdim etilgan ma'lumotida.

Ayni vaqtda hodisa yuzasidan Jizzax shahar prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari va IIB YHXB tomonidan xizmat tekshiruvi olib borilmoqda.

12 iyun kuni tarqalgan ikkinchi video esa Qashqadaryo viloyati hududida olingan. Qashqadaryo viloyat IIBning aniqlik kiritishicha, bu voqea Qarshi shahrida yuz bergan.

«12 iyun kuni soat 11:00larda Qashqadaryo viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimi, yo‘l-patrul xizmati inspektori B.B. Qarshi-Shahrisabz yo‘lining 1-kilometrida yo‘lovchi tashuvchi transport vositasi to‘xtaydigan bekat ro‘parasida to‘xtab turgan «Damas» rusumli 70 K 064 NA davlat raqamli avtomashina haydovchisi R.B. tomonidan yo‘l harakati qoidasi buzilgani holatini aniqlagan.

Inspektor o‘zini tanishtirib avtomashina haydovchisidan hujjatlarni taqdim qilishni so‘raganida, fuqaro R.B. hujjatlarni taqdim qilmasdan, YHXB xodimining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan qarshilik ko‘rsatib, unga qo‘lidagi yog‘och tayog‘i bilan zarba berib, tan jarohati yetkazgan, shundan so‘ng voqea joyidan qochib ketgan», deyiladi Qashqadaryo viloyat IIB ma'lumotnomasida.

Qarshi shahar Tibbiyot birlashmasi shifokorining ma'lumotnomasiga ko‘ra, inspektor tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib «o‘ng qo‘l yelka qismida lat yeyishi shilingan jarohati» va «chap qo‘l tirsak qismida lat yeyishi shilingan jarohati» tashxisi qo‘yilgan.

Qarshi shahar Narkolog shifokori ma'lumotnomasiga ko‘ra, inspektor hushyor holatda bo‘lgan. Olib borilgan tezkor-qidiruv chora-tadbirlari natijasida, fuqaro R.B. ushlangan.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 166-moddasi (talonchilik), 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.