O‘zbekistonda ilk bitiruvchilar jamg‘armasi tashkil etildi

O‘zbekistonda ilk bitiruvchilar jamg‘armasi tashkil etildi


Navoiy davlat konchilik institutida bitiruvchilar jamg‘armasi tashkil etildi.

Nizomga muvofiq, jamg‘arma mablag‘lari o‘quv va ilmiy adabiyotlar hamda jihozlar xarid qilish, talabalarning o‘z ustida ishlashlari va bilimlarini muntazam rivojlantirishga intilishlarini moddiy qo‘llab- quvvatlash va rag‘batlantirish, ularning turli musobaqalarda faol ishtirokini ta'minlash, kam ta'minlangan oilalar va yetim bolalar toifasiga kiruvchi o‘quvchi va talabalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash kabi maqsadlarga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.


— Bugungi kunda oliygohda 300 dan ortiq professor o‘qituvchilar 3000 dan ziyod talabalarga ta'lim bermoqda,- dedi NKMK bosh direktori, Navoiy davlat konchilik instituti rektori Quvondiq Sanaqulov. — Konchilik institutini bitirgan mingdan ortiq kadrlarning 258 nafari bugungi kunda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida mehnat qilmoqda. Yangi zamonaviy binoga ega bo‘lgan institutga yaqinda 6 million AQSh dollariga zamonaviy laboratoriya jihozlari sotib olindi, 2 milliard so‘mlik kompyuter jihozlari olindi. Pedagoglarni rag‘batlantirish uchun kombinat tomonidan 11 milliard so‘m ajratildi. Hozirgi kunda kutubxonamizda 20 ming nomli elektron kitoblar hamda 200 ming turdagi kitoblar bor. Bugun tuzilgan jamg‘arma mablag‘larini kitoblarni ko‘paytirishga sarflasak ayni muddao bo‘ladi, deb o‘ylayman.


Q. Sanaqulovning taklifiga binoan oliygohda bitiruvchilar kengashi ham tuzildi.


Eslatib o‘tamiz, shu yil aprelda Vazirlar Mahkamasining “Ta'lim muassasalarida uni bitirib, yuksak yutuqlarga erishgan nomdor shaxslarning homiylik xayriya mablag‘lari hisobiga shakllantiriladigan bitiruvchilar jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.