Sog‘liqni saqlash vazirligi «Farhod» bozori hududida ro‘y bergan holat bo‘yicha izoh berdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi «Farhod» bozori hududida ro‘y bergan holat bo‘yicha izoh berdi


Sog‘liqni saqlash vazirligi shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «Farhod» dehqon bozori hududida keksa yoshli bir ayolning tobi qochgani va chaqirilgan «tez yordam» kechikib kelgani tufayli bemor shifoxonada vafot etgani haqida xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

Ma'lum bo‘lishicha, 2019 yil 8 iyun kuni soat 10:24 va 10:34 oralig‘ida Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi Call markaziga alohida-alohida ikkita qo‘l telefonidan qo‘ng‘iroq bo‘ladi va ulardan biri yoshi 50-60, ikkinchisi 60-70lar oralig‘ida ayolning «Farhod» dehqon bozori hududida sog‘lig‘i yomonlashganini ma'lum qiladi. Ushbu ma'lumot zudlik bilan Uchtepa tumani 4-podstansiyasiga yetkazilib, voqea joyiga «tez yordam» brigadasi jo‘natiladi. Navbatchi dispetcher vaziyatni o‘rganish maqsadida soat 10:44larda qo‘ng‘iroq qilganida «tez yordam» manzilga yetib borib, bemorga birinchi yordam ko‘rsatayotgan bo‘ladi.

Biroq, soat 10:59da «Farhod» bozoridan yana telefon bo‘lib «tez yordam» kutishayotganini ma'lum qilishadi. Shunda bozor hududida ikkita bemor borligi ma'lum bo‘ladi va zudlik bilan boshqa «tez yordam» brigadasi jo‘natiladi. Ammo, «tez yordam» borgunicha bemor yo‘lovchi mashinada shifoxonaga olib ketilgan bo‘ladi.

«Bozorlar, chorrahalar, jamoat joylarida biror baxsiz hodisa ro‘y bersa yoki kimningdir tobi qochib qolsa, odatda voqeaga guvoh bo‘lgan yo‘lovchilar «tez yordam» chaqiradi. Bunday murojaatlarda ko‘pincha tez tibbiy yordamga muhtoj bemorlar bozorning yoki chorrahaning qaysi burchagida ekanligi aniq ko‘rsatilmaydi. Aksariyat hollarda telefon qilgan odam ham voqea joyidan ketib qoladi.

Natijada «tez yordam» mashinasi bemorni topolmay ovora-yu sarson bo‘ladi, bemor topilguncha ancha vaqt yo‘qotiladi. Ko‘pchilik hollarda bunday chaqiriqlarda bemorlarni topish imkoniyati bo‘lmaydi», — deydi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Davron Sultonov.

«Aytish joizki, bugungi kunda Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasida 179ta tez tibbiy yordam brigadasi aholiga xizmat ko‘rsatyapti. Tizimda 705 nafar shifokor va 1150 nafar o‘rta tibbiy xodimlari hamda dispetcherlar faoliyat yurityapti. Ushbu tez tibbiy yordam brigadalariga kuniga o‘rtacha 3000ga yaqin (kuz-qish mavsumlarida chaqiriqlar 4000dan ham oshadi) chaqiriq tushadi. Ularga o‘z vaqtida borib tibbiy yordam ko‘rsatilyapti.

Tez tibbiy yordam xizmatining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan Call- markazlar faoliyati ham takomillashyapti. Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiya tarkibidagi shunday markazda 2 nafar shifokor, 36 nafar o‘rta tibbiy xodim – dispetcherlar aholidan tushgan qo‘ng‘iroqlarni qabul qilyapti. Ushbu tibbiyot xodimlari qo‘ng‘iroqni qabul qilish barobarida bemorning yaqinlariga birinchi yordam ko‘rsatish yo‘llarini ham uqtiradi. Zero, bemorga shoshilinch vaziyatda toki shifokor yetib kelgunicha aniq va to‘g‘ri ko‘rsatilgan birinchi yordamning inson hayotini asrashda o‘rni nihoyatda muhim», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.