Medvedevning akkauntiga buzib kirishdi. AQShda 2 kun avval xakerlik hujumlariga javob haqida gapirishgandi

Medvedevning akkauntiga buzib kirishdi. AQShda 2 kun avval xakerlik hujumlariga javob haqida gapirishgandi


Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedevning tvitterdagi rasmiy akkauntini buzib kirishdi. Toshkent vaqti bilan 17:21 hamda 17:23da Medvedevning ingliz tilida yuritiladigan rasmiy akkauntida ikkita g‘alati tvit paydo bo‘ldi.


Iroqning Rossiyadagi elchisi Haydar Xodi tvitterda Medvedevni menshn qilgan holda uni Rossiya kuni bilan tabrikladi. Rossiya hukumat yetakchisining akkaunti bu tvitga «Hop cc very very very hubby cheers cheers her very vav chi hi» deb javob yozdi. Bu tushunarsiz tvitda «very» juda, «hubby» er, «cheers» olqishlar ma'nosini bildirishini inobatga olsak, unda taxminan «Juda qizg‘in, erkakcha olqishlar» degan ma'no kelib chiqadi.


Ikki daqiqa o‘tib Medvedevning akkaunti Iroq elchisining tvitiga yana bir tushunarsiz javob yo‘lladi. Rossiya hukumati matbuot xizmati Medvedevning akkauntiga buzib kirishganini ma'lum qildi. Hujumning qaysi tomondan bo‘lgani esa aniq emas. Akkauntning parollari o‘zgartirilgan va uning nazorati tiklangani aytildi.

Foto: RIA Novosti


Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedevning tvitterda ikkita rasmiy akkaunti bor. Ulardan biri ingliz tilida faoliyat yuritadi va uni 1,04 million o‘quvchi kuzatib boradi. Medvedevning rus tilidagi akkauntida esa 4,84 million follover bor. Rossiya hukumat yetakchisining ikkita akkauntida ham tasdiqlangan (verified) belgisi bor.

11 iyun kuni AQSh prezidenti Donald Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jo Bolton Rossiya va Xitoyning xakerlik hujumlariga qarshi chora ko‘rishini ma'lum qilgandi.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.