Germaniya O‘zbekiston uchun Yevropa bozori eshiklarini ochuvchi bo‘lishni xohlamoqda  

Germaniya O‘zbekiston uchun Yevropa bozori eshiklarini ochuvchi bo‘lishni xohlamoqda  


Germaniya O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, soha ta'limi, tadqiqot, standartlashtirish, chorvachilik, o‘simliklarni yetishtirish, urug‘chilik, asalarichilik, kabi sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdordir. Shu bilan birga, Yevropa mamlakati O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun Yevropa bozoriga yo‘l ochishni xohlaydi. Germaniya Federal oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi vazirligi Parlament Davlat kotibi Mixael Shtyubgen 12 iyun kuni «O‘zekspomarkaz»da boshlangan «AgroExpo Uzbekistan/Agrotech Expo-2019» ko‘rgazmasi doirasi Kun.uz muxbiriga bergan qisqa-intervyusida shunday fikrlarni bildirdi.


Janob Shtyubgen O‘zbekistonga xush kelibsiz! Ruxsat bersangiz, bir necha savol bilan murojaat qilsam. Sizningcha, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi, nihoyat, o‘z salohiyatiga munosib ravishda samara berishi uchun O‘zbekiston hukumati qanday qadamlarni tashlashi kerak, deb o‘ylaysiz?

Aslini olganda, O‘zbekiston hukumati aynan qishloq xo‘jaligi samara berishini o‘z oldiga maqsad qilgan. Albatta, biz Yevropa mamlakati o‘laroq, bu borada o‘z ko‘magimizni berishni xohlar edik. Bundan ko‘zlangan maqsad, O‘zbekistondagi ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini Yevropa bozoriga yetkazib berishda hamkorlik qilish va ko‘maklashishdir. Shuningdek, hamkorligimiz doirasida qishloq xo‘jaligi sohasini modernizatsiya qilish hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirishda ko‘maklashishdir. Biz, Germaniya federal hukumati sifatida O‘zbekiston tomoni uchun Yevropa bozori eshiklarini ochuvchi tomon bo‘lishni istayapmiz.

Albatta, biznes namoyondalari sarmoya kiritishlari, tijorat korxonalari investitsiya olib kelishlari zarur. O‘ylaymanki, haqiqatdan ham bu sohada ulkan salohiyat mavjud. Shu bilan birga, O‘zbekiston hukumatining so‘nggi 3 yilda bu sohada erishgan yutuqlari e'tiborga molikdir.

Janob Shtyubgen, siz O‘zbekistonniki singari rejalangan qishloq xo‘jaligiga ega bo‘lgan holda barcha ishtirokchi tomonlarga foyda keltiruvchi qishloq xo‘jaligiga ega mamlakatni bilasizmi?

Albatta, vatanim, sobiq Germaniya demokratik respublikasi qishloq xo‘jaligi ham bir vaqtlar rejali xo‘jalik yuritish asosida faoliyat ko‘rsatgan. O‘tgan asr 90-yillarida biz qishloq xo‘jaligiga yondashuvni tubdan o‘zgartirdik. Rejali qishloq xo‘jaligini boshqa shaklda qayta tashkil etdik. Bugungi kunda u juda muvaffaqiyatli va samaradordir. Bu Sharqiy va Markaziy Yevropa mamlakatlari, jumladan, Polsha, Ruminiya, Bolgariya hamda Boltiqbo‘yi respublikalari qishloq xo‘jaligi yangi uslublarda ishlab kelmoqda.


Ko‘rgazma doirasida shu kunning o‘zida O‘zbekiston-Germaniya hukumatlararo ishchi guruhining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha ikkinchi yig‘ilishi o‘tkazilib, unda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri J.Xo‘jayev va Germaniya Federal oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi vazirligi Parlamenti Davlat kotibi M.Shtyubgen rahbarligidagi guruh vakillari ishtirok etdi.


Guruh yig‘ilishi so‘ngida, Germaniya qishloq xo‘jaligi jamiyati tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishda zarur bo‘lgan xalqaro tajribani taqdim etuvchi «Daladan likopchagacha” nomli xalqaro konferensiya tashkil etishga kelishib olindi.

«AgroExpo Uzbekistan» ko‘rgazmasi doirasida Germaniya qishloq xo‘jaligi jamiyati (DLG e.V.) ozuqa ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, sut va kartoshkani qayta ishlash, xalqaro savdo standartlari, gigiyena talablari, sifat ko‘rsatkichlari, tashqi bozorga chiqish uchun shartlar kabi masalalarda xalqaro ekspertlarni bir joyga jamlashga muvaffaq bo‘ldi.


Germaniya tomoni ushbu tadbirda mamlakatning yetakchi nemis tadqiqot institutlari va mamlakat agrosanoat sektorining 10ta kompaniyasi tomonidan taqdim etilayotgan milliy stend bilan ishtirok etmoqda. Shu bilan birga, Germaniya tomoni o‘zbekistonlik sheriklar bilan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, ta'lim, tadqiqot, standartlashtirish, chorvachilik, o‘simliklarni yetishtirish, urug‘chilik, asalarichilik, xalqaro ko‘rgazmalarda o‘zaro ishtirok etish kabi sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor.

Yig‘ilish so‘ngida, tomonlar o‘rtasida memorandumlar imzolash marosimi tashkil etildi.


loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.