Sudanda harbiy to‘ntaruvga urinish amalga oshirildi – OAV

Sudanda harbiy to‘ntaruvga urinish amalga oshirildi – OAV


Sudanda ssobiq prezident Umar al-Bashir hokimiyatdan ag‘darilgandan keyin mamlakatni boshqarayotgan muvaqqat harbiy kengashni to‘ntarishga urinish amalga oshirildi. Bu haqda Al-Arabiya telekanali o‘z manbalariga iqtibos keltirgan holda xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, amalga oshmay qolgan to‘ntaruvda ishtirok etgan 68 harbiy hibsga olingan. Ularga nisbatan tergov olib borilmoqda. Isyonchi harbiylar orasida sobiq tuzumga sodiq harbiylar ko‘pchilikni tashkil qiladi.

11 aprelda Sudanni 30 yil boshqargan Umar al-Bashir harbiylar tomonidan ag‘darilgandi. Al-Bashir dastlab uy qamog‘ida saqlangan, so‘ngra o‘ta xavfli jinoyatchilar saqlanadigan turmaga jo‘natilgan. 15 may kuni kengash vakillari muxolifat bilan 3 yillik kelishuvga erishganlarini ma'lum qilishgan. Kelishuvga ko‘ra bu 3 yil davomida hokimiyat tepasida muvaqqat hukumat bo‘lishi kerak edi.

Biroq keyinroq harbiylar muxolifat bilan kelisha olishmagani aniqlangan. 3 iyunda politsiya va Sudan maxsus kuchlari poytaxt Xartumdagi qurolli kuchlar bosh qo‘mondonligi bosh qarorgohi yonida norozilik bildirayotgan odamlarni kuch bilan haydashga tushgan. Buning oqibatida 60 ga yaqin odam halok bo‘lgan.

Shundan keyin muxolifat armiya bilan muloqotni to‘xtatishini va umumiy zabastovka boshlanishini e'lon qilgan.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.