Nega O‘zbekiston banklari uy-joy sotib olish uchun kredit bermaydi?

Nega O‘zbekiston banklari uy-joy sotib olish uchun kredit bermaydi?


Bugun, 12 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki mutasaddilari ishtirokida jurnalistlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulovning ma'lum qilishicha, 2019 yil 5 oyi davomida umumiy hisobda 31 trln. so‘m kredit berilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14.9 trln so‘mga ko‘p demakdir. Avtokreditlar 2018 yil 5 oyida 1.1 trln. so‘m bo‘lgani holda bu yil 1.9 trln. so‘mga yetgan. Ipoteka kreditlari 2018 yilning 5 oyida 1.5 trln, 2019 yilning shu davrida 2 trln. so‘m, mikroqarzlar 2019 yilning 5 oyida 2 trln. so‘mga yetgan. Aholiga berilayotgan kreditlar ulushi o‘tgan yili 12 foiz bo‘lgan bo‘lsa, bu yil 16 foizni tashkil qilgan.

Kun.uz muxbirining «nega O‘zbekiston banklari ikkilamchi bozordan turar-joy sotib olish uchun ipoteka kreditlari berishmaydi?» degan savoliga I. Norqulov shunday javob berdi:

– Bu to‘g‘ri, banklarimiz birlamchi bozorga davlat imtiyozlari asosida ipoteka kreditlari taqdim qilganlari holda ikkilamchi bozor uchun kredit berishmaydi, yoki juda oz miqdorda berishadi. Aslida aholi o‘rtasida ipoteka orqali uy-joy sotib olish uchun ehtiyoj juda katta. Buning asosiy sababi banklarda resurs yo‘q. Chunki yaxshi bilamizki ipoteka kreditlari o‘rtacha 10-15 yilga beriladi. Banklarning resurslarini tashkil qiluvchi omonatlarni jalb qilishda belgilangan muddat odatda bir-ikki yilni tashkil qiladi. Ya'ni sodda qilib aytganda, olinadigan pul bilan beriladigan pul muddatlari o‘rtasida uzilish bo‘lishi mumkin. Lekin hozir bu masalani hal qilish uchun xorijiy banklardan uzoq muddatli kreditlar jalb qilyapmiz, masalan Osiyo Tiklanish va taraqqiyot bankidan 150 mln AQSh dollari miqdorida resurs oldik va kelgusida bunday loyihalarni ko‘paytirib boramiz.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.