«Milliy» stadionining yangilangan chimi nega ko‘chib ketmoqda?

«Milliy» stadionining yangilangan chimi nega ko‘chib ketmoqda?


7 iyun kuni O‘zbekiston milliy jamoasi Toshkentda Koreya Xalq Demokratik Respublikasi bilan o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazdi va 4:0 hisobida g‘alaba qozondi. Yirik hisobdagi g‘alaba muxlislar kayfiyatini ko‘targani barobarida «Milliy» stadionining yangilangan chimi yana e'tirozlarga sabab bo‘ldi.


KXDRga qarshi uchrashuv «Milliy» arena maydoni to‘la ko‘chirib tashlanib, unga butkul yangi chim ekilganidan keyingi birinchi rasmiy o‘yin edi.

Tribuna.uz mazkur holatga izoh olish uchun O‘FA buyurtmasi asosida O‘zbekistonning bosh arenasi maydonini parvarishlash mas'uliyatini olgan turkiyalik mutaxassis Tayfun Tunguzga murojaat qildi. U xavotirga o‘rin yo‘qligini aytmoqda.


«Chim sinovdan yaxshi o‘tdi. Xavotirga o‘rin yo‘q. Ko‘chgan joylar bundan ko‘proq ham bo‘lishi mumkin, deb kutgan edik. Ekilganiga 5-6 yil bo‘lgan chimlarda ham bu narsa bo‘ladi.

KXDR bilan o‘yinda maydonning 5ta nuqtasida ko‘chgan va buzilgan joylar bo‘ldi. Bundan xavotir olmasa ham bo‘ladi. Beshtadan ko‘prog‘iga salbiy baho berish mumkin edi, lekin bu normal holat. Ekilgan chim jahon standartiga javob beradi.

Maydonning hozirgi holatiga bemalol yaxshi baho berishimiz mumkin. Buni yutug‘imiz deb hisoblayman. Ketgan mehnatimizga arziydi. 11-sanada bo‘ladigan o‘yinda bundan ham yaxshiroq bo‘ladi», – deydi u.


Tayfun Tunguz Turkiyaning «Iren» kompaniyasining landshaft dizayni bo‘yicha arxitektori sanaladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yana 1 – 1,5 oylardan keyin «Milliy» stadioni chimi ideal holatga keladi va unda maysa o‘pirilishlari kuzatilmaydi.

«Maydonga ikki xil – sekin va tez o‘suvchi maysa urug‘i ekilgan. Birinchisi yo‘qolib ketadi, ikkinchisi esa baquvvat bo‘lib qoladi.

Chimga e'tibor bilan yaxshi qaralsa, 10-15 yil bemalol xizmat qiladi. Har bir-ikki yilda urug‘ sochib turiladi. Turkiyadagi «Qaysarispor» stadioni chimi 8 yil oldin – 2011 yilda ekilgan edi», – dedi Tayfun Tunguz.


Hozir ushbu stadion maydonini parvarishlash bilan besh nafar xodim shug‘ullanmoqda. Ulardan ikki nafari – «Iren» kompaniyasi mutaxassislaridir.

Ushbu kompaniya Turkiyada 6ta yopiq va 56ta ochiq stadion maydoni parvarishi bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, Gruziya va Xorvatiyadagi bir nechta o‘yingohlarga xizmat ko‘rsatish bilan birga yana qator mamlakatlarga chimni parvarishlash texnikalarini eksport qiladi. Xususan, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ham may oyida yopiq stadion maydonini shamollatishda foydalaniladigan 15ta maxsus ventilyator sotib oldi.


Turkiya futbol federatsiyasining maydonlar holati bo‘yicha inspektori hisoblanuvchi Tayfun Tunguz bilan shartnoma 16 iyungacha tuzilgan.

«Undan keyin esa bir oyda bir marta kelib turamiz. Bu yerdagi maydon ustalariga hammasini o‘rgatganmiz. Ular chimga o‘g‘it va dorilarni vaqtida berib borishsa, sug‘orish va o‘rish ishlarini bajarib borishsa bas.

Har oy kelib tursak-da, internetda surat yuborish orqali ham bog‘lanib, kerakli tavsiyalarni berib turamiz», – deydi turkiyalik mutaxassis.

Uning aytishicha, hozir O‘zbekistonda futbol maydoni chimi bo‘yicha yetuk mutaxassislar yo‘q. Mamlakatdagi aksariyat stadionlarda chim tuproqda ekilgan. FIFA standartlariga asosan esa maysa qumga ekilishi lozim. Tuproqqa ekilgan maysa ildizi yerga chuqur kirib bora olmaydi. Qolaversa, qumli maydonda futbolchilar yiqilganda jarohat olish ehtimoli kamroq bo‘ladi.


Eslatib o‘tamiz, «Milliy» stadioni 2012 yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, shundan buyon undagi maydon holati tez-tez tanqid qilib kelinadi. Avval «Bunyodkor» nomi bilan atalgan arena 2018 yilda O‘FA tasarrufiga o‘tkazilgan edi.

Arenaning avvalgi chimi mutlaqo talabga javob bermasdi. Shu bois 2019 yil boshida u to‘laligicha ko‘chirib tashlangan, mart oyida maydonga ilk urug‘ sepilgan edi.


loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.