ArtNet: Dunyodagi eng qimmat kartina Saudiya Arabistoni shahzodasining yaxtasida saqlanmoqda

Leonardo da Vinchining “Olam qutqaruvchisi” nomli kartinasi Saudiya Arabistonining merosxo‘r shahzodasi Muhammad ibn Salmonning Serene yaxtasida saqlanmoqda. Bu haqda ArtNet jurnalistiga tayanib, Forbes xabar berdi.



Foto: Getty Images

Mazkur kartina bunga qadar “Uralkaliya”ning sobiq aksiyadori, rossiyalik milliarder Dmitriy Ribolovlevga tegishli bo‘lgan. Biznesmen “Olam qutqaruvchisi”ni shveysariyalik art-diler Iva Buvyedan xarid qilgan. 2016-yilda Ribolovlev Buvye bilan sudlashib, art-dilerni kartina va haykaltaroshlik namunalarini qimmat narxda sotganlikda ayblagan. Xususan, Buvye Leonardo da Vinchining kartinasini 80 million dollarga xarid qilib, Ribolovlevga 127,5 million dollarga sotgan.

Ribolovlev xaridlar asnosida yo‘qotgan jami mablag‘lari 1 milliard dollarga tengligini ma’lum qilgan.

2017-yilning noyabrida Ribolovlev “Olam qutqaruvchisi”ni kimoshdi savdosiga qo‘yib, rekord darajadagi summa — 450,3 million dollarga sotgan. Xaridor kimligi sir saqlangan edi.

Keyinroq Abu-Dabi turizm va madaniyat departamenti kimoshdi savdosida xarid qilingan “Olam qutqaruvchisi” Abu-Dabi Luvri nomini oladigan yangi muzeyning kolleksiyasidan o‘rin olishini bildirgan. Da Vinchining kartinasi 2018-yilning sentabrida namoyish etilishi kerak edi, biroq noma’lum sabablarga ko‘ra namoyish qoldirilgan. Mart oyining oxirida esa “Olam qutqaruvchisi” Abu-Dabi Luvridan izsiz yo‘qolgani ma’lum bo‘lgan.

Hozirda kimoshdi savdolarida sotilgan dunyodagi eng qimmat kartina Saudiya Arabistoni shahzodasining yaxtasida saqlanilayotgani aytilmoqda.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.