Uzbekistan Airways: Jakartaga uchish arzonladi, lekin Xorazm qimmatladi

Uzbekistan Airways: Jakartaga uchish arzonladi, lekin Xorazm qimmatladi


Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasi mamlakat ichki reyslari uchun ekonom klass chiptalari tariflarini qayta ko‘rib chiqdi.

Kompaniya ekonom klassning qator tariflari (U, S, O, V, T, K, M va B) bo‘yicha chiptalar narxini 1−4 yevroga, Y tarifida esa deyarli ikki baravar oshirishga qaror qilgan.

Kompaniya izohiga ko‘ra, tarif narxlarini qayta ko‘rib chiqishga yoqilg‘i xarajatlari oshib ketgani sabab bo‘lgan.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘zining telegramdagi kanalida bu holatga o‘z munosabatini bildirgan. Uning qayd etishicha, 4 may kuni taxminan 416 so‘mga narxlangan ekonom klassning Y​ tarifi bahosini qariyb 890 so‘m etib qo‘yishdan avval qonun talabini bajarish lozim edi.

«Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida»gi Qonunning 7-moddasida vakolatli organning narxlar (tariflar) bo‘yicha qarori tabiiy monopoliya sub'yektlari tomonidan ular kuchga kirishidan kamida o‘n besh kun avval ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinadi, deya belgilangan.​ Kompaniya esa bu haqda narxni oshirib bo‘lgach xabar beryapti», — deb yozgan u.

Ma'lumot uchun, ekonom klassning Y tarifidagi chiptalar xalqaro standartlar bo‘yicha biznes va birinchi klassga yaqin narxlanadi. Uning asosiy afzalliklari shundaki, Y tarifida chiptalarni xarid qilishda qaytib kelish sanasini erkin tanlash (ochiq qoldirish), parvoz vaqti va kunini o‘zgartirish, turli vaziyatlarda to‘langan pulni qaytarib olish va boshqa imkoniyatlar taqdim etiladi.

2 may kuni Toshkent xalqaro aeroportidan «Toshkent-Jakarta-Toshkent» yo‘nalishida parvozlarni amalga oshirishni boshlagan Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasi ushbu yo‘nalishda narxlarni pasaytirgan.

«Umra+» dasturi, Samarqand, Buxoro, Xivadagi islom ziyoratgohlari hamda O‘zbekistondagi ziyorat, ekologik, gastronomik va boshqa turizm yo‘nalishlarida faol ishtirok etish istagida bo‘lgan Indoneziyaning turistik kompaniyalari, avvalo, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnov qo‘yilganidan xursand bo‘lsa-da, uning narxi qimmatligi ta'kidlangan.

Tadqiqotchi va mutaxassis Aziza Umarova MAKning monopol mavqeyi va raqobatbardosh bo‘lmagan narx siyosati​ oqibatida O‘zbekiston mamlakat YaIMni to‘ldiradigan salohiyatli yo‘lovchilar oqimini​ yo‘qotishi haqida fikr bildirgandi.

Tanqid va bahslardan so‘ng, O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ​«Toshkent-Jakarta-Toshkent»​ yo‘nalishidagi bitta chipta o‘rtacha 800 dollardan 641 dollargacha arzonlaganini ma'lum qildi.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.