Iqtisodchilar bahsi: O‘zbekistonda inflatsiya xavotirli darajadami? 

Iqtisodchilar bahsi: O‘zbekistonda inflatsiya xavotirli darajadami? 


Ijtimoiy tarmoqda iqtisodchi Abdulla Abduqodirovning O‘zbekiston iqtisodiyoti bo‘yicha bildirgan qisqacha munosabati ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.

O‘z munosabatida iqtisodchi mamlakat budjetida ilk bor eng katta taqchillik yuzaga kelgani va tahlilchilar defitsitni YaIMning 4 foizidan kam emasligini ta'kidlashayotgani haqida yozgan.

«2018 yil yakunlariga ko‘ra, tashqi savdo balansidagi taqchillik 2 milliard AQSh dollariga teng, joriy yilning birinchi choragida raqam yana kattalashdi. Oltin-valuta zaxirasi kamayishi oqibat va fakt sifatida ko‘rinadi. Yillik giperinflatsiya 20 foizdan kam emas, standart tijoriy loyihalar uchun yuqori kredit manbalari (yillik 22-23 foiz) va siyosiy sabablarga ko‘ra loyihalar uchun subsidiyalangan ustamalar yo‘q (yiliga 7-8 foiz) », — deb yozadi iqtisodchi.

Tadbirkor Zafar Xoshimovning bayon etishicha, Abduqodirov bildirgan fikrning aksariyat bandlari hissiyot ustida yozilgan bo‘lib, merkantilizm ruhida ifoda etilgan.

«Budjet taqchilligi doimo mavjud bo‘lgan, hattoki hozirgi holatidan ham yuqoriroq ko‘rsatkichlarda bo‘lganligiga aminman. Biroq avval u e'lon qilinmagan. Shuning uchun ham ushbu holatni rekord darajada, deb talqin etish xato sanaladi. Mazkur budjet kamomadlari mug‘ombir, vaqti cho‘zilgan tarqoq budjet transferlari yoki «kechiktirilgan talab» va hokazo yo‘llar bilan yopib kelinardi», — degan tadbirkor.

Hoshimovning so‘zlariga ko‘ra, tashqi savdo balansidagi salbiy saldo ham O‘zbekiston iqtisodi uchun me'yoriy holat hisoblanadi.

«Aslini olganda, rasmiy importning o‘sib boruvchi ko‘rsatkichlari yaxshi jarayondir. Birinchidan, mamlakatda valuta siyosatining liberallashtirilishi va bojxona to‘lovlarining kamaytirilishi hisobiga import soyadan, ya'ni xufyona iqtisodiyot doirasidan chiqayotganini ko‘rsatadi. Ikkinchidan, o‘suvchi import o‘z ortidan eksportning xam o‘sishini ergashtiradi va ushbu poygada iqtisodiyot eksportga yo‘naltirilgan bir sharoitda import o‘sishi aksariyat hollarda eksport o‘sish sur'atlaridan oldinda yuradi.

Yana bir bor takrorlayman, bu normal holat va mamlakat iqtisodiyoti uchun hatto yaxshi ham. Agar import eksportni quvib o‘tmaganida, so‘m kursining kuchaytirilishiga olib kelar, natijada eksport o‘sishiga to‘siq qo‘yilgan bo‘lar edi», — deydi u.

Uning ta'kidlashicha, tashqi savdo balansining saldosi, o‘z-o‘zidan, muallif da'vosiga teskari holda, davlatning oltin-valuta zaxirasi kamayishiga sabab bo‘lmaydi.

«Chunki tashqi savdo balansida pul o‘tkazmalari (masalan, o‘tgan yili migrantlardan kelgan o‘tkazmalar 4 mlrd dollardan oshgan), turizm tushumlari, xorijiy sarmoya va tashqi qarzlar hisobga olinmaydi. Shunday ekan, import foydasiga 2 mlrd saldo oltin va valuta zaxiralariga hech qanday salbiy ta'sir ko‘rsatmagan.

Oltin-valuta zaxiralari narxidagi tebranishlar ko‘p jihatdan tashqi savdo ko‘rsatkichlari emas, balki oltin narxi va chet el valutalari kursiga bog‘liq. Aytaylik, oltin bilan to‘la seyfga ega bo‘lib, qulflab, kalitini yo‘qotish mumkin, ammo undagi oltinlar qiymati biror gramm oltin kamaymagan holatda ham dollardagi narxi baribir tebranib turadi», — deb yozadi u.

Budjet-soliq tadqiqotlari instituti iqtisodchisi Jahongir Ne'matovning ta'kidlashicha, avvalgi yillarda budjet profitsit bilan ijro etilgani bois, o‘tgan yili qayd etilgan budjet taqchilligi «eng yirik» ko‘rsatkich ekani yolg‘on emas. Shunga qaramay, budjet taqchilligi 637,1 mlrd so‘m, YaIM esa 407,5 trln so‘m ekanligi inobatga olinsa, defitsit YaIMning 0,2 foizin tashkil etadi, xolos.

«Budjet holati aholi va biznes uchun har xil signal tarqatadi. Masalan, taqchillik kelajakda inflatsiya oshishi, soliq stavkalari ko‘tarilishi hamda davlat qarzi ko‘payishi mumkinligini anglatadi. Budjet profitsiti esa, iqtisodiy o‘sish pastroq bo‘lishi, ishsizlik balandroq yoki bir necha yillardan beri mavjud ijtimoiy-iqtisodiy muammolar hal bo‘lmay turaverishini anglatadi.

Shu bois, qandaydir past darajadagi budjet taqchilligi «kerakli» ham hisoblanadi. Qolaversa, bugungi kunda faol islohotlarni amalga oshirayotgan O‘zbekistonda davlat xarajatlari oshishi tabiiydir. Shu o‘rinda, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tajribasi budjet taqchilligi 3 foizgacha bo‘lishi normal amaliyot ekanligini ko‘rsatadi», — deya qo‘shimcha qiladi Ne'matov.
2018 yilda tashqi savdo balansi saldosi – 2 mlrd dollar, 2019 yil 1 chorakda undan ko‘proq bo‘ldi. Statistika bundan-da balandroq raqamlarni ko‘rsatmoqda – 2018 yilda saldo 5,3 mlrd. AQSh dollari, 2019 yil 1 chorakda esa 2 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi, ya'ni budjet taqchilligi bilan birgalikda O‘zbekistonda «qo‘shaloq defitsit» (twin deficit) kuzatilmoqda.

«Ushbu holat importning eksportdan oshib ketayotganidan dalolat berib, bir qarashda, mahalliy ishlab chiqaruvchilar import bilan yetarlicha raqobat qila olmayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, importning 43 foizi mashina va uskunalardan iborat bo‘lib, ular o‘tgan yilga nisbatan 65 foizga oshdi. Bu – yaxshi signal bo‘lishi kerak, chunki mashina va uskunalar, iqtisodiy kapitalni tashkil etib, ichki ishlab chiqarish samarasini va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Boshqa tarafdan, bu moliya bozorining rivojlanishi bilan bog‘liq muammolarni ham ko‘rsatadi. Yalpi jamg‘armalar kamligi yoki istiqboli sarmoyalarni yo‘naltirish imkoniyatlari cheklangani sharoitida tashqi savdo balansining saldosi salbiy bo‘lishi ajablanarli emas.

O‘zbekistondagi inflatsiya giperinflatsiya darajasidan ancha past bo‘lsa-da, yetarli darajada yuqori: Xalqaro valuta fondi 2018 yilda O‘zbekistonda inflatsiyani 16,9 foiz darajada baholagan bo‘lsa, statistika qo‘mitasi 14,3 foiz sifatida ko‘rsatadi.

Xo‘sh, nima uchun O‘zbekistonda inflatsiya yuqori? Sabablari ko‘p, uchtasini keltiraman. Birinchisi, oziq-ovqat mahsulotlari, xususan, non va un bozori liberalizatsiyasi narxlarni yuqoriga to‘g‘riladi. Ikkinchisi, o‘tgan yili oshirilgan elektr energiyasi tariflari ishlab chiqariladigan mahsulot tannarxiga ta'sir etdi. Yana bir sabab, o‘tgan yili banklar ajratgan kreditlarning birdaniga 50 foizga o‘sishi.

Ko‘rinib turganidek, bu majburiy choralar safiga kiradi. 1990-yillarda bozor islohotlarini amalga oshirgan Sharqiy Yevropa mamlakatlarida ham yuqori inflatsiya kuzatilgan. Albatta, elektr energiyasi yo‘q bo‘lganidan qimmatroq bo‘lgani, soliq to‘lovchi pullarini nonga samarasiz sarflagandan, raqobatga asoslangan bozor mexanizmlarini ishlatish afzalroq va arzonroq. Kuni kecha davlat ulushi bor korxonalarni xususiylashtirish haqida hukumat qarori qabul qilindi – bu ham bozor munosabatlariga mos chora bo‘lib, yuqoridagi uchinchi sababni to‘g‘rilashga xizmat qiladi», — deya fikrini bildirgan Budjet-soliq tadqiqotlari instituti iqtisodchisi.

Shunga qaramay, tadbirkor Zafar Hoshimov iqtisodchi Abdulla Abduqodirovning bank-kredit resurslarga bo‘lgan munosabati to‘g‘risidagi fikriga qo‘shilgan. Bundan tashqari, u «tijorat banklarining qaytarilmaydigan kreditlarining katta miqdori, tabiiy ravishda bank mijozlarining yelkasiga tushishi» to‘g‘risidagi munosabatga qo‘shilgan.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.