O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistonga xizmat safari uyushtirdi

O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistonga xizmat safari uyushtirdi


O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi delegatsiyasining Afg‘onistonga xizmat safari nihoyasiga yetdi. O‘zbekiston vakillari Afg‘onistonning Balx viloyati, Naxri-Shaxi tumanida joylashgan, 2014 yilda foydalanishga topshirilgan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi o‘zbek maktabi faoliyati bilan yaqindan tanishib, unda ta'lim olayotgan o‘zbek yoshlariga 176ta o‘zbek adabiyoti namunalari va o‘quvchilarga darslik kitoblari hamda 600dan ortiq tarqatma materiallarini sovg‘a qildi. Balx va Javzon oliy ta'lim muassasalarining o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasida ta'lim olayotgan talabalarga ham 358ta o‘zbek adabiyoti namunalari taqdim etildi.






Balx viloyati hokimi o‘rinbosari Shujouddin Shudjo bilan uchrashuvda O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi delegatsiyasi rahbari Murodilla Alimboyev yurtimizda yoshlarga oid amalga oshirilayotgan davlat siyosati, ularni qo‘llab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, Yoshlar ittifoqining maqsad va vazifalari xususida batafsil ma'lumot berdi. Shujouddin Shudjo O‘zbekiston delegatsiyasiga Balx va Surxondaryo viloyatlarining yoshlar tashkilotlari bilan muntazam va o‘zaro hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish, afg‘onistonlik yoshlarning ham O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan uyushtiriladigan tadbirlarda ishtirokini yo‘lga qo‘yish takliflarini bildirdi.



Bundan tashqari, Mozori Sharif shahrida O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining etnik o‘zbeklar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida yoshlarga o‘zbek tilini «Skype» orqali onlayn tarzda o‘rgatish, O‘zbek-Afg‘on madaniy markazi ochilishi, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlarga afg‘onistonlik yoshlarning sayohatlarini uyushtirish masalalari muhokama etildi.







loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.