Deputat GM Uzbekistan’ni tanqid qildi va jarima joriy etishda aholi fikri hisobga olinmaganligini bildirdi

Deputat GM Uzbekistan’ni tanqid qildi va jarima joriy etishda aholi fikri hisobga olinmaganligini bildirdi


Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev kunduzgi vaqtda mashinalar chirog‘ini yoqib yurish masalasida o‘z fikrini bildirdi.

“Munosabat” ko‘rsatuvi davomida boshlovchi eksport uchun chiqarilgan Tracker Chevrolet rusumidagi avtomobilning chiroqlari avtomatik ravishda yonishini, O‘zbekiston aholisi uchun chiqarilgan mashinalarda esa bunday funksiya yo‘qligini aytdi. Shundan so‘ng Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘z fikrini bildirdi.


«Biz haydovchilarga nisbatan adolatsizlik qilganimizni tan olgimiz kelmayapti. Biz mashinasi faralari avtomatik yonmaydigan haydovchilarga nisbatan adolatsizlik qildik. Jahon amaliyotini oladigan bo‘lsak, oxirigacha olish kerak. Yevropa mamlakatlarida 2011 yilda bu narsa avtomobil ishlab chiqaruvchilarga nisbatan joriy qilingan, haydovchilarga emas. Bundan tashqari, 2011 yilgacha ishlab chiqarilgan avtomobillar egalariga jarima solinmagan, ularga majburiy bo‘lmagan, biz esa barchani jarimaga tortyapmiz. Odamlar albatta norozi bo‘ladi. Ko‘pchilik norozi bo‘lgan narsadan biz deputatlar ham norozi bo‘lamiz. Bizga sizlar to‘g‘ri bo‘ldi deb targ‘ibot qilishingiz kerak, deyishyapti. Qanaqasiga minglab odamlar noto‘g‘ri bo‘ldi deb tursa, biz qanaqasiga to‘g‘ri bo‘ldi deymiz. Talab avval ishlab chiqarishga nisbatan joriy qilinsin. Yevropa bizning avtomobillarni sifatli deb tan olyaptimi, bizning xalqimiz ham sifatli avtomobillarga haqli. Nima uchun ikki xil variantda ishlab chiqariladi», - dedi deputat.

U shuningdek, hujjat loyihasi muhokamaga qo‘yilgani, ammo loyiha mualliflari oddiy fuqarolar va mutaxassislarning takliflarini inobatga olishmaganini aytdi.

«Agarda odamlarning fikri inobatga olinmaydigan bo‘lsa, uni muhokamaga qo‘yishning nima keragi bor edi? Bizdan nima uchun bizning fikrlarimizni inobatga olishmadi deb so‘rashyapti. «Xohlasang ham, xohlamasang ham shuni qilasan. Biz yaxshi bilamiz» qabilida ish tutilgan. Balki adashayotgandirman, lekin jarayondan kelib chiqib aytyapman», - dedi deputat.

Eslatib o‘tamiz, 10 maydan kunduzgi vaqtda yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoqib yurmaganlik uchun haydovchilar jarimaga tortila boshladi. Jarima miqdori eng kam ish haqining 50%ini tashkil etadi. Takror sodir etish sanksiya miqdoriga ta'sir ko‘rsatadi – o‘ta «ashaddiy» qoidabuzarlarga EKIHning 4 baravari miqdorida jarima solinadi yoki haydovchilik guvohnomasidan yarim yilga mahrum etiladi.

Kun.uz «Sizning fikringiz» Telegram-kanalida yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoqib yurish majburiyligi borasida so‘rov o‘tkazdi.


1 891 kishi qatnashgan so‘rovda 40% respondent “avval haydovchilarning fikrini o‘rganish kerak edi” deb javob berdi. Xuddi shuncha respondent bu noto‘g‘ri qaror bo‘lganligini aytdi. Bu qarorni 15% kishi qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, 5% respondent javob berishga qiynalayotganini bildirgan.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.