Akfa Lighting raddiya berdi: «Korxonamiz avtomobil faralari uchun chiroqlar ishlab chiqarmaydi»

Akfa Lighting raddiya berdi: «Korxonamiz avtomobil faralari uchun chiroqlar ishlab chiqarmaydi»


AKFA Lighting keng tarmoqli energiya tejamli lampalar ishlab chiqaruvchi kompaniyasi OAVda tarqalgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

Xabarlarda yo‘l harakati qoidalariga kiritilgan o‘zgartirish – haydovchilar kunduzi yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoqib yurishini talab qiluvchi qoida joriy etilishi bilan bir vaqtda AKFA Lighting kompaniyasi ham avtomobil chiroqlarini ehtiyot qismlar bozoriga olib kirgani haqida aytilgandi.

«2019 yilning 21 may kuni turli saytlar hamda telegramdagi kanallarda, shu jumladan, www.uza.uz, www.daryo.uz, www.upl.uz, www.hordiq.uz kabi manbalarda Vazirlar Mahkamasining Yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qarori asosida (Vazirlar Mahkamasining 2018 yil, 19 maydagi «Yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 377-son qarori) go‘yoki «AKFA Lighting» korxonasi yangi mahsulot – avtomobil faralari uchun chiroqlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygani haqidagi yolg‘on axborot tarqatila boshlandi.


Shuni rasman ma'lum qilamizki, mazkur ma'lumot yolg‘on va provokatsion xususiyatga ega. Korxonamiz avtomobil faralari uchun chiroqlarni tayyorlamaydi va bugungi kunda ularni ishlab chiqarish ham ko‘zda tutilmagan.

Ma'lumki, qator onlayn nashrlarda keng yoyilgan tuhmat shaklidagi xabarlar uchun qonunchiligimizda eng kam oylik ish haqining 20 baravaridan 60 baravarigacha miqdoridagi jarimalar ko‘zda tutilgan (O‘zbekiston Respublikasining «Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi» Kodeksi, 40-modda).

Qo‘shimcha tarzda shuni alohida ta'kidlab o‘tishimiz joizki, yuqoridagicha xabarni tarqatgan nashrlarning birortasi ma'lumotning haqqoniyligini tekshirish uchun bizga murojaat bilan chiqmagan.


Hurmatli iste'molchilar, ogoh bo‘ling. Ishonarsiz, tekshirilmagan ma'lumotlar va ularning manbalariga ishonmaslikni so‘rab qolamiz. Korxonamiz muloqot uchun doimo ochiq. Barcha turdagi ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimiz do‘konlarda mavjud. Kerakli ma'lumotlar bilan esa rasmiy saytimiz – www.akfalighting.uz da tanishishingiz mumkin.

Bundan tashqari, +99878 1504488 raqamlari orqali aloqa markazimizga qo‘ng‘iroq qilib, taqdim etayotgan mahsulotlarimiz to‘g‘risida o‘zingizni qiziqtirgan barcha savollarga javob olishingiz mumkin. Svetodiodli chiroqlar va panellar Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Kichik halqa yo‘li ko‘chasi, 2-uy manzilida ishlab chiqariladi. Chiqarilayotgan mahsulotlar bo‘yicha ma'lumotlarni ham aynan shu yerda bilib olishingiz imkoniyati bor.


Shuningdek, korxonamiz OAV vakillari uchun zavodimizga ekskursiya uyushtirishi mumkinligini ham ma'lum qilamiz», deyiladi raddiyada.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.