Diagnostika xodimlari malakasini oshiruvchi yangi o‘quv markazi ish boshladi

Diagnostika xodimlari malakasini oshiruvchi yangi o‘quv markazi ish boshladi


Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti va tibbiy tashxis qurilmalarini ishlab chiqaruvchi GE Healthcare kompaniyasi bilan hamkorlikda yangi o‘quv-simulyatsion markazi ishga tushirildi.

Mazkur markaz tibbiyot sohasi vakillarining tashxislash yo‘nalishidagi malakasini mahalliy talab va xorijiy tajribaga asosan oshirishni ta'minlaydi. Xususan, diagnostikaning eng keng tarqalgan va samarali hisoblangan usuli ─ ultratovushli tashxislash (UTT/UZI) bo‘yicha kadrlarni zamonaviy asosda qayta tayyorlaydi.

Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, so‘nggi ikki yilda O‘zbekistonda poliklinikalar miqdori ikki hissaga, tibbiyot xodimlarining soni esa 12 foizga ortgan.

“O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiyalashtirish yuqori sur'atda o‘sib bormoqda. O‘z navbatida, yangi, ilg‘or tashxislash uskunalarini olib kelish bilan birga, ularning imkoniyatlaridan samarali foydalana oladigan kadrlarni ham tayyorlash zarurati tug‘iladi. Bu o‘quv-simulyatsion markazning ochilishi kadrlarning tashxislash bo‘yicha ko‘nikmalarini yangilash, mamlakatda tibbiy xizmat sifatini oshirishga xizmat qiladi, degan umiddaman”, ─ deya ta'kidladi markaz ochilishida ishtirok etgan GE Healthcare'ning MDHdagi prezidenti Nina Kandelaki.


Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti rektori Habibullo Oqilovga ko‘ra, keyinchalik markazning texnik bazasini zamonaviy asosda yanada kengaytirish maqsad qilingan.

“Ta'lim tizimida olingan bilimlarni bevosita amaliyotda qo‘llash muhim ahamiyat kasb etadi. Bu yangi markaz ham respublikada tibbiyot kadrlarining tashxislash borasidagi malakasini uzluksiz tarzda oshirishni maqsad qiladi. Ayniqsa, ayollar salomatligi va perinatal tizimda tashxislashning sifatli yo‘lga qo‘yilishida ushbu markazning ochilishi muhim amaliy qadam bo‘ldi”, ─ deya qo‘shimcha qildi u.

Markazda olib boriladigan ta'lim dasturi ultratovush zamonaviy diagnostikasidan samarali va xavfsiz asosda foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘nikmani shakllantirishga yo‘naltirilgan. Ta'lim ma'ruzalar va amaliy treninglarni qamrab oladi. Markazda olingan nazariy bilimlarni bevosita zamonaviy qurilmalarda amaliy qo‘llab ko‘rish imkoniyati majud.

Bir yilda 150 nafar kadrning malakasini oshirish quvvatiga ega bo‘lgan markazda ta'lim Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti va GE Healthcare mutaxassislari tomonidan olib boriladi.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.