Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini ta'minlashga qaratilgan qarorni imzoladi 

Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini ta'minlashga qaratilgan qarorni imzoladi 


O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Respublika hududlarida tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan 2019-2021 yillar davomida respublika hududlarida “O‘zpaxtasanoat” AJ tomonidan yengil konstruksiyali yoki bo‘sh turgan bino va inshootlar negizida tashkil etiladigan 271 ta tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan majmualar yaratiladi.

Majmualar foydalanishga qabul qilinganidan so‘ng ularni “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga a'zo bo‘lgan korxonalarga yoki tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan boshqa tadbirkorlik sub'yektlariga 5 yil muddatga, 10 foizdan ortiq bo‘lmagan stavkada lizing asosida yoki sotib olish sharti bilan ijaraga beriladi.

“O‘zpaxtasanoat” AJ “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda loyiha tashkilotlarini jalb qilgan holda bir oy muddatda ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, innovatsion texnologiyalarga asoslangan, arzon va mamlakatimizda ishlab chiqariladigan qurilish materiallaridan foydalangan holda majmualarni tashkil etish bo‘yicha yakka tartibdagi namunaviy loyihalarni ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlaydi.

“O‘zpaxtasanoat” AJ tarkibiga kiruvchi tikuv-trikotaj korxonalariga loyihalarni amalga oshirish doirasida istisno tariqasida:

loyihalash va qurilish-montaj ishlarini hamda import qilinadigan texnologik asbob-uskunalarni xarid qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga;

tashkil etiladigan tikuv-trikotaj majmualarini qisqa muddatlarda ishga tushirilishini ta'minlash maqsadida loyiha va pudratchi tashkilotlarni tender (konkurs) savdolarini o‘tkazmasdan, eng yaxshi takliflarni tanlash va moliyalashtirishni loyihalash bilan parallel ravishda amalga oshirishga ruxsat berilmoqda.

Loyihalarni amalga oshirish doirasida (2022 yil 1 yanvarga qadar):

mavjud tayyor tikuv-trikotaj majmualarini lizing asosida yoki sotib olish sharti bilan ijaraga boshqa tadbirkorlik sub'yektlariga berilgan kunga qadar foyda va mol-mulk solig‘idan;

respublikada ishlab chiqarilmaydigan texnologik asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, qurilish materiallarini belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kirishda bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) ozod etilmoqda.

“O‘zpaxtasanoat” AJ tarkibiga kiruvchi tikuv-trikotaj korxonalariga, istisno tariqasida, birja savdolari orqali paxta tolasini, keyinchalik uni to‘qimachilik korxonalarida yarim tayyor mahsulotlar shaklida qaytarish asosida qayta ishlash sharti bilan, sotib olish huquqi berilmoqda.

Mahalliy hokimiyat organlari majmualarni tashkil etish uchun muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari mavjud, birinchi navbatda, “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan aholi punktlarida yer maydonlari ajratilishini;

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi loyihalarni amalga oshirish uchun, istisno tariqasida, foydalanilmayotgan va bo‘sh turgan davlat obektlarining “nol” qiymatda berilishini ta'minlaydi.

“O‘zpaxtasanoat” AJ:

bir oy muddatda hududlarda loyihalarni joylashtirishning aniq manzilli ro‘yxatini shakllantiradi;

olti oy muddatda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida joylashgan sobiq paxta tozalash korxonasi hamda Namangan shahrida joylashgan mintaqaviy paxta terminali negizida paxta tolasini qayta ishlash va keyinchalik undan yuqori sifatli matolar ishlab chiqarishni tashkil etadi.

Loyihalarni amalga oshirishning moliyaviy manbalari:

– “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining tijorat banklari uchun ochilgan kredit liniyalari mablag‘lari hisobidan 366 milliard so‘m miqdorida uzoq muddatli kreditlar;

– Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan tijorat banklarida ochiladigan kredit liniyalari 50 milliard so‘m miqdorida kreditlar;

– “O‘zpaxtasanoat” AJ va uning tizimidagi korxonalarning taqsimlanmagan sof foydasi hamda o‘z mablag‘lari (300 mlrd so‘m).

Qo‘llanilgan imtiyoz va preferensiyalar hisobiga jamlangan va tayyor tikuv-trikotaj majmularini lizingga yoki sotib olish sharti bilan ijaraga berishdan tushgan mablag‘lar, keyingi yillarda qurilishi rejalashtirilgan majmualarga yo‘naltiriladi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan:

– aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun berilgan kreditlar bo‘yicha belgilangan foiz stavkasining 25 foizi miqdorida, lekin 5 foizli punktdan yuqori bo‘lmagan holda;

– asbob-uskunalarni sotib olish maqsadida berilgan kreditlar bo‘yicha belgilangan foiz stavkasining 50 foizi miqdorida kompensatsiya qilinadi.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.