E'tirozlar va yana e'tirozlar: «Zulfiya» tanloviga ochiqlik prinsipi begonami?

E'tirozlar va yana e'tirozlar: «Zulfiya» tanloviga ochiqlik prinsipi begonami?


Har yili Zulfiya nomidagi davlat mukofotining o‘z egalariga dabdaba-yu, as'asa bilan topshirilish jarayoni ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalaridagi rezonansli munosabatlarga ulanib ketadi. Qizig‘i, bildirilgan fikrlarning aksariyati (hammasi desak ham mubolag‘a bo‘lmas) norozilik kayfiyatida tanlov adolatsiz o‘tganligining ta'kidi sifatida jaranglaydi. Lekin bularning barchasi, ta'bir joiz bo‘lsa, «karning qulog‘iga tanbur chertishga» o‘xshaydi. Chunki e'tirozlar o‘z manziliga yetib bormaydi, yoinki eshitib, eshitmaganlikka olinadi.

Bu gal ham xuddi shu tomoshani ko‘rdik. Hamma yoqda bong urildi, e'tirozlar bildirildi, asoslidir-asossizdir takliflar berildi. Lekin hech narsa o‘zgargani yo‘q, o‘zgaradiganga ham o‘xshamayapti. Bu safar ham 11 oy jim yurib, mart kelganda yana ayyuhannos solamizmi? Nega bu tanlov atrofidagi fikrlarning barchasi salbiy? Undan ham muhimroq savol: nega e'tirozlar aytilgan va yozilgan joyida o‘z holicha qolib ketyapti?

Husan Karvonli, « Ma'rifat» gazetasi bosh muharriri:

─ Zulfiya nomidagi davlat mukofotini berish to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, mamlakatning har bir hududiga, ya'ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga 2tadan kvota ajratilgan. Ko‘pchilikda «Zulfiyachilar» ga nisbatan xayrixohlik munosabatining shakllanmasligiga, ya'ni ulardan aksariyatining saviyasidan ziyoli qatlamning ko‘ngli to‘lmasligiga mana shu kvotalar « aybdor» . Ya'ni 3 milliondan ziyod aholisi bor Andijondan ham, 800 ming aholisi bor Sirdaryodan ham har yili 2 nafardan qiz mukofotni oladi. Hududlarga bir xil kvota berilishi saviyali nomzodlarning chetda qolib ketishiga sababchi bo‘ladi. Muammoning yechimi bor: xuddi fan olimpiadalaridagi kabi har bir hududdan 3 nafardan g‘olib respublika boschiqiga keladi. Yakuniy bosqichda qaysi hududdan bo‘lishidan qat'i nazar munosib nomzodlar g‘olib deya e'tirof etiladi.

Shahnoza To‘raxo‘jayeva, bloger:

─ Zulfiya nomidagi davlat mukofoti imtiyozi ko‘p mukofot. Yana yosh qizchalarga tavakkaliga, kredit sifatida beriladigan mukofot. Endi o‘ylab ko‘raylik: qariyb 20 yildan beri berilgan shu kreditlarning qanchasi qaytdi? Mukofot olgan 300ga yaqin qizning nechtasi bugun ilg‘or qizga aylandi? Qancha olima, deputat, rahbar, chempion, tadbirkor...ayol yetishib chiqdi ulardan? Biz shu mukofot orqali qizlarni rag‘batlantiryapmiz, ulardan kelajakda yetakchi, ilg‘or ayollar yetishib chiqishiga zamin yaratyapmiz, deb o‘zimizni aldamayapmizmi?

Tanlov jarayonining shaffofligi masalasida bir necha takliflarim: ishtirokchilarning hujjat topshirishini elektron shaklga o‘tkazish, tanlovni onlayn tarzda o‘tkazish (buning uchun maxsus portal ochish), tanlov hay'ati tarkibi va baholash jarayoni ham ochiq bo‘lishi kerak, g‘oliblarning grant asosida o‘qishga kirishi masalasini qayta ko‘rib chiqish lozim.

Alisher Nazar, publitsist:

─ Menga qolsa, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti nizomini o‘zgartirish kerak. Birinchidan, 15-16 yoshli o‘smir qizaloqqa davlat mukofotini berish to‘g‘ri emas. Hali hayotning achchiq-chuchugini totmagan, el-yurtga foydasi tegmagan, o‘z sohasida nimanidir yaratib qo‘ymagan o‘smirga bu mehribonchilik «og‘irlik» qiladi. Ikkinchidan, mukofot noto‘g‘ri taqsimlanmoqda. Zulfiya umrida badiiy gimnastika, kurash yoki sakrash bilan shug‘ullanmagan. Lekin ayni sport chempionlariga Zulfiya mukofoti berilmoqda. Bu mantiqan to‘g‘ri emas. Uchinchidan, Zulfiya mukofoti faqat qizlarga xoslanishi to‘g‘ri emas. Boringki, faqat qizlarga xoslanganda ham umumiy ayol ijodkorlarga berilishi lozim. Chunki shu paytgacha yuzlab o‘smir qizlar ushbu mukofotga sohiba bo‘ldilar. Lekin bugun ular qani? Nega muhtasham adabiyotimiz sahnasida ijodni qoyil qilib qo‘ygan « zulfiyachilar» ko‘rinmaydi? Ko‘rinayotganlarining ham soxta, robotga o‘xshab « vatanparvar» lik qilishi kishining ensasini qotiradi. To‘rtinchidan, mukofot nizomning «oliy o‘quv yurtiga to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul qilinadi» degan joyini o‘chirib tashlash kerak. Ana shunda adolat qaror topgan bo‘ladi. Beshinchidan, bu mukofot har yili 14-15 nafar (o‘tgan yildan boshlab 28 nafar) iste'dodli qizni « topib olayotgani» biroz erish tuyuladi. Shubhasiz, O‘zbekiston allomalar yurti. Lekin har yili o‘nlab iste'dodlarni yetishtirib berishi ozgina shubhali emasmi?

Abdunabi Abdiyev, Mirishkor tumani 22-maktab direktori:

─ Mazkur mukofot uchun kurash shunchalik kuchayib ketdiki, hafsala qilib ikki-uch varaqni almoyi-jalmoyi misralar bilan qoraytirgan qizaloq ham uni qo‘lga kiritishdan umidvor. Tengdoshlari sochbog‘iga jamalak taqib, halinchak uchishdan ortmayotgan qizchalarning ijodi sermahsulligiga tan bermasdan iloj yo‘q. Ammo ularning chop etilgan kitoblarini varaqlab ko‘ringchi, yalt etib ko‘zga tashlanadigan misra topiladimi? Qalamkash tanishlarimdan biri maqtanib ko‘kragiga mushtlaydi: «Falonchi mukofotni olgan pismadonchining kitobini men yozib bergandim...»

Mukofot ta'sis etilgandan buyon unga sazovor bo‘lganlar ro‘yxatini elakdan o‘tkazib chiqsangiz, Guljamol Asqarova kabi bir-ikki tanish nomlarni aytmasak, adabiyot olamida portlagan boshqa yulduzlarga duch kelish amrimahol. Gapning ochig‘i, mukofotga taqdim etish jarayonining ibtidosi xatolikdan boshlanadi. Zulfiya shoira sifatida tanilgan. Ammo nega uning nomi bilan ataluvchi mukofot hunarmand-u sportchi, tadbirkor-u talabaga birdek ravo ko‘rilaveradi? Menimcha, Zulfiya nomidagi mukofotga faqatgina adabiyot sohasida yutuqlarga erishgan xotin-qizlar sazovor bo‘lishi, laureatlarni esa bir hovuch idora xodimlari emas, keng jamoatchilik muhokamasi belgilab berishi kerak.

Matluba Berdiyorova, Kattaqo‘rg‘on tumani 18-maktab kutubxonachisi:

─ Zulfiya nomidagi davlat mukofoti tanlovi nizomini qayta ko‘rib chiqish, saralash jarayonini «Yosh kitobxon» tanlovi kabi televideniyeda ko‘rsatish kerak. Chekka qishloqlarda yashovchi iqtidorli, intiluvchan qizlar shahar qizlaridek to‘rtta tilni bilmasa-da, o‘zbek tilini yaxshi, rus va ingliz tillarini qisman biladi, shu bois chet tilini bilishga asosiy urg‘u berilmasligi lozim.

Shalola Rahimova, Qarshi davlat universiteti 2-kurs talabasi:

─ Zulfiya mukofotini olib, imtiyozni qo‘lga kiritgan laureatlarning oliy ta'lim muassasasiga kirish imtiyozi sohalar bo‘yicha chegaralanishi kerak:

─ adabiyot, she'riyat yo‘nalishi bo‘yicha mukofotlanganlarga ─ filologiya yo‘nalishlari;

─ san'at yo‘nalishi bo‘yicha mukofotlanganlarga ─ san'at, dizayn kabi yo‘nalishlar;

─ fan, ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha mukofotlanganlarga ─ fan sohasidan kelib chiqib biologiya, kimyo, pedagogika, matematika yo‘nalishlari;

─madaniyat, sport yo‘nalishi bo‘yicha mukofotlanganlarga─madaniyat, sport yo‘nalishlari bo‘yicha OTMga kirishi uchun imtiyoz berilishi zarur. Sport yo‘nalishi bo‘yicha mukofot olib, o‘zbek filologiyasi fakultetida o‘qiyotganlar ham bor.

Zilola G‘aybullayeva, O‘zDJTU 3-bosqich talabasi:

─ Tanlovning hududiy bosqichida saralangan qizlar respublika bosqichiga atigi ikki soatlik suhbat uchun shuncha yo‘l bosib keladi. Tanlov ichki tartibda bo‘lgani uchun ularni bunchalik ovora qilish ma'nisiz, menimcha. Buning o‘rniga onlayn suhbatni yo‘lga qo‘yish mumkin. Shaxsan o‘zim tanlovda ko‘p bora qatnashganim uchun bilaman, uzoq hududdan charchab kelib, katta mutaxassislar bilan muloqotga kirishish oson emas. Tanlovga suhbat o‘tgandan keyin, hujjatlar o‘rganilgunga qadar jarayondan hech kim xabardor bo‘lmaydi. Aynan qaysi mezonlar asosida ishtirokchilar saralanishini ochiq tizimga o‘tkazish kerak. Negadir Prezident g‘oliblar ro‘yxatini tasdiqlaganidan keyin ham ismlar sir tutiladi, umid bilan kutib yurgan qizlar taqdirlash marosimidan keyin hafsalasi pir bo‘ladi. Jarayon yaxshi yoritilsa, menimcha, norozilik kayfiyati ham kamroq bo‘lardi. Tanlov uchun bir-biriga o‘xshash bo‘lgan hujjatlarning talab qilinishi ham ortiqcha.

Ijtimoiy tarmoqlar va OAVda Zulfiya mukofoti haqida bildirilgan turli fikr va mulohazalar yuzasidan Xotin-qizlar qo‘mitasi bosh mutaxassisi Nodira Karimovaga murojaat qildik:

─ 2018 yil 2 fevraldagi «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi Prezident Farmoniga asosan tanlov yangicha mezonlar asosida o‘tkazilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlardagi munosabatlarni ko‘rib hayron qolaman, nega odamlarda mukofot haqda bunday tushuncha paydo bo‘lgan?Mukofot egasi qancha sinovlardan o‘tadi. Yillar davomida qilingan mehnat asosida belgilangan ko‘rsatkichlar ─ xalqaro yutuqlari, fan olimpiadalari g‘olibligi, medallari soni, nashrdan chiqqan kitoblari hisobga olinadi. Har yili hamkor tashkilotlar ─Xalq ta'limi, Madaniyat, Jismoniy tarbiya va sport vazirliklari, Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ittifoqi, Badiiy akademiyadan zaxiradagi iqtidorli qizlarning yangilangan ro‘yxati olinadi. Oxirgi uch yillik yutuqlari inobatga olinib, ana shu qizlar birinchi navbatda mazkur mukofot talabgorlari hisoblanishadi. Alohida ta'kidlash kerakki, qizlarning OAVdagi chiqishlari ularning mukofot olishini belgilab bermaydi. Belgilangan nizom va yo‘riqnoma asosida nomzodlarning ilmiy izlanishlari, bilimlari, mamlakat ravnaqi yo‘lida qo‘lga kiritgan yutuqlari inobatga olinadi. Jarayon yopiq tarzda kechadi, degan fikrga qo‘shilmayman, yagona nizomda hamma narsa belgilangan va unga rioya qilinadi, xohlovchilar nizom bilan tanishib chiqishi mumkin.

Shu yili tanlov natijalaridan norozi bo‘lganlarning birontasi e'tibordan chetda qolmadi. Qo‘mita raisi Tanzila Norboyeva shaxsan har bir murojaatchi bilan shug‘ullandi.

Zulfiya mukofoti uchun tanlov har yili o‘tkazilaveradi, yutgan yutaveradi, «omadi chopmagan» , «iste'dodi yetarli darajada bo‘lmaganlar» nima uchun munosib ko‘rilmaganining tagiga yetolmay qolaveradi, odamlar norozilik bildiraveradi... faqatgina nizomlar o‘zgarmaydi, eski prinsiplar o‘z holicha qolaveradi. Bu ketishda keyingi yili ham eski spektakl takror qo‘yilishi ehtimolga juda yaqin. Ssenariy o‘sha-o‘sha, faqatgina qahramonlar o‘zgaradi, « qahramonlar» ni kashf etishda ustasi farang bo‘lib ketganlar esa kursisidan qo‘zg‘almaydi. Shamol bo‘lmasa, terakning uchi qimirlamas... Ko‘p sonli e'tirozlarni ham tahlil qilib ko‘rish kerakdir.

Saodat Abdurahmonova

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.