Andijonda Muhammadqodir Abdullayev boks maktabi tashkil etildi

Andijonda Muhammadqodir Abdullayev boks maktabi tashkil etildi


Joriy yilning 19 mart va 3 aprel kunlari prezident raisligida yoshlar ta'lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish, xotin-qizlar bandligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan 5ta tashabbusni amaliyotga joriy etish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilib, vazifalar belgilab berilgan edi.

Xususan, davlat rahbari tomonidan hududlarda mashhur sportchilar maktablarini tashkil etish orqali yoshlarni ommaviy sport jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan edi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, shunday muassasalardan biri sifatida Andijon viloyati Bo‘z tumanidagi 6-umumta'lim maktabida 2000 yilgi Olimpiya o‘yinlari chempioni, jahon chempioni, ikki karra Osiyo chempioni Muhammadqodir Abdullayev boks maktabi tashkil etildi.

Mazkur maktab yoshlar boks bilan shug‘ullanishlari uchun barcha zarur jihozlar bilan ta'minlandi. Yoshlarga ushbu sport turi sir-asrorlarini o‘rgatish uchun malakali mutaxassislar jalb qilindi.

15 may kuni o‘tkazilgan muassasaning ochilish marosimida Olimpiya o‘yinlari va jahon chempioni Muhammadqodir Abdullayev, boks bo‘yicha jahon chempioni va Olimpiya o‘yinlari sovrindori O‘tkirbek Haydarov, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, viloyat hokimligi mutasaddilari, o‘quvchi-yoshlar va boshqalar ishtirok etishdi.

«Ochilish marosimida so‘zga chiqqan Muhammadqodir Abdullayev yurtimizda sportga qaratilayotgan e'tibor kundan-kunga kuchayib borayotgani va yoshlarimiz shug‘ullanishlari uchun zarur sharoitlar yaratilayotganini ta'kidlar ekan ushbu muassasa ham tuman yoshlarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish hamda bo‘lg‘usi chempionlarni tayyorlash niyatida tashkil etilganini ma'lum qildi», deyiladi xabarda.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.