Rustam Shoabdurahmonov: «Sohadagi vaziyat menga ayon»

Rustam Shoabdurahmonov: «Sohadagi vaziyat menga ayon»


O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida rahbarlik faoliyatini boshlagan Rustam Shoabdurahmonov bugun, birinchi ish kunida Olimpiya o‘yinlari oilasiga kirgan barcha sport federatsiya va assotsiatsiyalar mutasaddilari bilan uchrashuv tashkil qildi.


MOQ rasmiy saytiga ko‘ra, sohadagi muammolarni bartaraf etishga qaratilgan yig‘ilishda Tokio Olimpiadasiga olib boriladigan tayyogarlik dasturi ko‘rib chiqilgan.

Majlisda, shuningdek, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Oybek Qosimov, MOQ Bosh kotibi Jasur Matchanov, sport federatsiyalari va assotsiatsiyalari mutasaddi va mas'ul xodimlari ishtirok etishgan.


«Oldimizda Tokio Olimpiadasi turibdi. Vaqt ham oz qolgan. Bartaraf etishimiz kerak bo‘lgan muammolar yetarli. Kecha ham aytganimdek, biz bu borada hamjihatlikda ishlashimiz kerak. Hozir bir necha oy qiynalamiz. Ammo shu qiyinchilikdan o‘tib olsak, keyin ishimiz ancha yengil bo‘ladi.

Hali har bir federatsiya vakillari bilan alohida yaqindan tanishib chiqaman. Bungacha qilichbozlik federatsiyasida faoliyat olib borganim bois, sohadagi vaziyat menga ayon. Endi qolgan federatsiyalar bilan ham shug‘ullanib chiqamiz.

Shuningdek, xayolimizda faqat Tokio Olimpiadasi bo‘lib, yoshlar va o‘smirlar terma jamoalarini ham tashlab qo‘ymasligimiz kerak. Axir keyingi Olimpiadaning negizini shular tashkil etadi. Ular haqida biz qayg‘urmasak, hech kim o‘ylamaydi”, – degan Rustam Shoabdurahmonov.


Majlisda MOQ prezidenti mutasaddilarga fursatni qo‘ldan boy bermay tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari sifatini oshirish, murabbiylar malakasini oshirish bo‘yicha topshiriq bergan.

«Yig‘ilishda Olimpiya o‘yinlari dasturiga kirgan boks, gimnastika, og‘ir atletika, dzyudo, suzish, ot sporti, karate, o‘q otish, kamondan otish, taekvondo WT, zamonaviy beshkurash va regbi federatsiyalari mutasaddilarining fikrlari birma-bir eshitib chiqildi va muammolarni bartaraf etish borasida tegishli ko‘rsatmalar berildi», – deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Rustam Shoabdurahmonov kecha, 16 may kuni iste'foga chiqqan Umid Ahmadjonov o‘rniga MOQ prezidenti etib saylandi.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.