«Chempion hikoyalari». Antonio Valensiya og‘ir bolalik va qadrli ikki narsa haqida

«Chempion hikoyalari». Antonio Valensiya og‘ir bolalik va qadrli ikki narsa haqida


«Manchester Yunayted» yana bir futbolchisi bilan xayrlashdi. So‘nggi yillarda jamoa sardori bo‘lib kelgan ekvadorlik himoyachi Antonio Valensiya ham jamoani tark etadi. E'tiboringizga ushbu futbolchining jamoa muxlislariga murojaatini havola qilamiz.

Bir paytlar, men – ekvadorlik bolakayga birov kelib, kelajakda «Manchester Yunayted »da 10 yil o‘ynashimni aytsa, aslo ishonmasdim.

Men ota-onam va olti nafar aka-singillarim bilan Lago Agrio yaqinidagi qishloqda katta bo‘lganman. Hammasi oddiy edi. Ba'zida bayram qilardik, ammo atrofdagi, tashqaridagi haqiqat biroz boshqacha ekanini bilardik. Yashash uchun yetarli mablag‘lar kam edi, shuning uchun bolaligimiz juda og‘ir o‘tgan. Otam va bolalar, hammamiz uyga shunchaki, yegulik olib kelish uchun har kuni kurashardik. Onam ham.

Shahardagi neft sanoati tufayli ish ko‘p edi. Ishchilar ko‘p, otam ham, akalarim, opalarim ham hali ulg‘ayib ulgurmasdan, shu yerda, zavodda ishlashgan. Oilamga moddiy yordam berish uchun men ham ishga kirishar, masalan, ko‘chalardan butilkalarni to‘plardim. Ularni ko‘paygach, topshirib qanchadir pul olardim. Men ham bu kurashda askar edim.

Noto‘g‘ri tushunmang, albatta, har bir bolakay kabi, mening ham baxtli kunlarim bo‘lgan. Uydagilar bilan o‘ynash zavq edi, aytishim mumkinki, bolaligimning yarmi quvonch, qolgan yarmi g‘am bilan o‘tgan. Lekin bu hayot, tabiiyki, hech qachon hammasi yaxshi bo‘lmaydi. Masalan, hammaning ham uyi ro‘parasida futbol maydoni bo‘lmagan, ya'ni omadlari kelmagan. Mening omadim kelgan.

Lago-Agrio jamoasi o‘sha stadionda o‘ynardi. Biz tomosha qilgani chiqar, shuningdek, istagan paytimizda u yerda to‘p tepishimiz mumkin edi. Deyarli har oqshomimiz o‘sha yerda o‘tar, ba'zida stadion xodimlari bizni to‘xtatish uchun svetni o‘chirib qo‘yishar yoki onam kelib, olib ketardi. Biz juda ko‘p futbol o‘ynardik va albatta, bu faoliyatimni boshlashga katta yordam berdi.

14 yoshga kirganimda «El Natsional» klubiga ko‘rikdan o‘tmoqchi bo‘ldim. Bu klub Ekvadorning eng kuchli jamoalaridan biri, mamlakat poytaxti Kito, bizning uyimizdan 250 kilometr masofada joylashgan. Meni 16 yoshlilar jamoasida sinab ko‘rishdi va murabbiy jamoaga olishga qaror qildi. Forma berishdi va yosh futbolchilar yotoqxonasiga joylashtirishdi. Shu tariqa mening futbol faoliyatim boshlandi.

«Manchester Yunayted»ga qiziqishim o‘sha paytlarda boshlangan. Manchesterda to‘p suradigan amerikaliklar – Veron va Forlan tufayli, bu klub menga yaqin bo‘lib qolgandi. Men «Yunayted»ning o‘sishini, yildan yilga turli sovrinlar yutishini kuzatdim. O‘sha paytlarda bu klub qanday klub ekanini his qila boshladim.

Futbol bilan shug‘ullanishni boshlagan yillarim, avval biror mahalliy klubda professional ravishda o‘ynash, keyin mamlakat terma jamoasida maydonga tushish haqida o‘ylagan bo‘lsam, keyin, bu istaklarim amalga oshgach, Yevropada to‘p surish haqida ham orzu qila boshladim. Avvaliga «Uigan»da, keyin Ispaniyada o‘ynab, o‘z ustimda ishlashga va katta klublarning e'tiborini qozonishga urina boshladim.

«Bu mening klubim. Mening uyim. Bu yerda uzoq yillar o‘ynamoqchiman», – Manchesterga kelgan ilk kunimda o‘zimga o‘zim shu so‘zlarni aytdim.

Ilk kunlarimda, mashg‘ulotlarimda hayajon juda kuchli edi, axir atrofimni futbol yulduzlari qurshab olgandi. Bu yerda hatto ikki yil qolishimga ham ko‘zim yetmay qoldi.

«Bu – «Manchester Yunayted». Yutamizmi, yutqazamizmi, har bir futbolchi tinmay mehnat qilishi va shug‘ullanishi kerak. Bu - g‘oliblar mentalitetidagi jamoa» – degandi ilk oylarda Edvin van der Sar. Albatta, menga bu yoqadi. Doim g‘alaba qozonishni istayman. Kurashish esa, men uchun odat.

Kim uchundir biroz g‘alati tuyular, ammo men uchun eng esda qolarli o‘yinlardan biri – Chempionlar Ligasida «Bavariya»ga qarshi bo‘lgandi. Bu mening «Old Trafford»dagi ilk mavsumimda yo‘l bergan. Biz birinchi o‘yinda 1:2 hisobida yutqazgandik va javob o‘yinida g‘alaba qozonishimiz shart edi. Kayfiyat ham yomon emas.

Rio va Patris biz bu o‘yinni muxlislar uchun yutishimiz kerakligini aytib, yoshlarga motivatsiya berishardi. Maydonga tushdik va 10 daqiqada ikkita gol urdik. Tanaffusga yaqin hisob 3:0 ko‘rinishiga yetgandi. Butun jamoa o‘yinni juda zo‘r o‘tkazar, muhit ajoyib edi. Ammo biz o‘sha bosqichdan o‘ta olmaganmiz, «Bavariya» ikki gol urib, safardagi gol qoidasi bo‘yicha yarim finalga chiqqandi. Ammo nima bo‘lgandayam, o‘sha o‘yin hech yodimdan chiqmaydi. Alam bilan emas, aksincha, maydonda maydonda borimizni berib, mehnat qilganimizni eslayman. Natija har doim ham yaxshi bo‘lavermaydi, mana shunday holatlar esa, mag‘lubiyatdan qat'i nazar ijobiy hissiyotlar qoldiradi.

Ikkinchi mavsumda oyog‘imni sindirib oldim va uzoq muddatga safdan chiqdim. Kasalxonadan qaytganimda eshik taqillab, ochganimizda, ostonada Aleks Fergyusonni ko‘rib, hayron qolganman. Klub meni ajoyib shaklda quvvatlagan va xavotirga o‘rin yo‘qligini aytgandi.

«Xotirjam bo‘l va tiklanish haqida o‘yla. Biz seni kutamiz», – degandi Ser.


Bu men uchun juda muhim edi. Olti oy o‘tib, men Chempionlar Ligasi finalida maydonga tushdim. O‘sha jarohat olgan paytlarimda ham kunim klub bazasida o‘tar, aynan o‘sha kunlari klub personali bilan yaqindan tanishgandim. Ularning har biri ajoyib odamlar.

Men bilan yonma-yon o‘ynagan buyuk futbolchilarni ham unutish qiyin. Giggz, Runi, Skoulz, Rio, Vidich, Evra... men hozir birma-bir sanashni boshladim, lekin har birini aytib o‘tishning iloji yo‘q, ularning ichidan eng yaxshisini ham ayta olmayman. Shunchaki, shunday buyuk futbolchilar bilan birga o‘ynaganimdan baxtliman. Bu yerdagi xotiralarimni, o‘tkazgan vaqtimni hech qanday pulga sotib olib bo‘lmaydi.

Ikki narsani ayniqsa juda qadrlayman: Birinchisi, klub safida ilk bor maydonga tushganimda kiygan libosim. Ikkinchisi, Joze Mourino menga sardorlikni ishonib topshirganda, ilk o‘yinimda taqqan sardorlik bog‘ichim. Ularni haligacha saqlayman va aytish mumkinki, uyimda butun «Manchester Yunayted» muzeyi bor. Ularning bahosi yo‘q.

Qalbim doim «Manchester Yunayted» bilan bog‘liq. Men doim ushbu jamoa muxlisi bo‘lib qolaman, bu yerning odamlari men uchun yaqin insonlar bo‘lib qoladilar. Qizim o‘n yil bu yerda baxtli damlarini o‘tkazdi. Bu ajoyib uy edi.

Jamoa muxlislari esa, men uchun eng yaqin insonlar. Jamoa muxlislari, sizlar doim menga yaxshi munosabatda bo‘ldingiz, ajoyib o‘tgan bu yillarda quvvatladingiz, bu uchun minnatdorman. Umid qilamanki, siz klubni quvvatlashda davom etasiz va «Manchester Yunayted» kelajakda siz uchun yangi sovrinlarni yutishda davom etadi».

¡Muchas Gracias!”

Antonio Valensiya

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.