Toshkentda derbi, «Nasaf» va «Paxtakor» vodiyda mehmon – Superliga 9-tur prevyusi

Toshkentda derbi, «Nasaf» va «Paxtakor» vodiyda mehmon – Superliga 9-tur prevyusi


16 may, payshanba kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining 9-tur o‘yinlari o‘tkaziladi. Turni «Andijon» va «Paxtakor» jamoalari o‘rtasidagi o‘yin boshlab beradi. 9-turning markaziy o‘yini poytaxtda o‘tkazilib, unda «Lokomotiv» sobiq murabbiyi Vadim Abramov boshqarayotgan «Bunyodkor»ni qabul qiladi. Murabbiysiz qolgan «Buxoro» bu turda chempionatni ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazayotgan «Dinamo»ni qabul qiladi. Quyida Superliganing 9-tur o‘yinlari prevyusi bilan tanishasiz.

16 may (payshanba)

«ANDIJON» – «PAXTAKOR»

O‘yin vaqti: 16 may, 18:30.

Stadion: Farg‘ona, «Istiqlol» stadioni.

Andijondagi stadion «Andijon» – «Nasaf» o‘yinida ochilgandi, lekin ma'lum bo‘lishicha, «Sog‘lom avlod» stadionidagi yoritkichlar hali talab darajasida emas. Shu bois «Andijon» – «Paxtakor» o‘yini Farg‘onadagi «Istiqlol» stadionida o‘tkaziladi. «Neftchi» yuqori divizionda o‘ynamayotgan bo‘lishiga qaramay, Superliga o‘yinlarini eng ko‘p o‘zida qabul qilayotgan stadioni aynan «Istiqlol» bo‘lib turibdi. Chunki stadioni tayyor bo‘lmagan vodiy jamoalari uy o‘yinlarini Farg‘ona shahridagi shu arenada o‘tkazishga majbur bo‘lishmoqda.

O‘yinning o‘ziga to‘xtaladigan bo‘lsak, Andijondagi bahsda «Paxtakor»ning imkoniyatlari yuqori. O‘tgan turda «Navbahor» bilan alamli tarzda durang o‘ynagan «sherlar» vodiyning boshqa bir jamoasiga qarshi o‘yinda g‘alaba qozonishga intiladi. Buning ustiga «Andijon» hozir yaxshi holatda emas. Jamoa bosh murabbiyi Ildar Sakayev iste'foga chiqqani haqida xabarlar ham yuribdi.

Ammo «Andijon» murabbiyning ketganini tasdiqlamadi. Balki jamoani yuqori divizionga olib chiqqan murabbiyga «Paxtakor» bilan o‘yinda hal qiluvchi imkon berilar.

17 may (juma)

«LOKOMOTIV» – «BUNYoDKOR»

O‘yin vaqti: 17 may, 18:45.

Stadion: Toshkent, «Lokomotiv» stadioni.

Boshqa viloyatlardagi jamoalar ham oxirgi yillarda o‘sishga erishdi, ammo ayni damda jadvalning yuqori uchligini baribir poytaxt jamoalari band etgan. «Paxtakor» va «Lokomotiv» yaxshi moliyaviy imkoniyat va kuchli tarkib evaziga haqli ravishda dastlabki ikki o‘rinni egallab turgan bo‘lsa, stadionsiz, avtobussiz qolgan «Bunyodkor» 10-sinf bolalari bilan o‘ynab, uchlikda bormoqda. Chunki yosh «qaldirg‘ochlar»ni yaxshi murabbiy boshqarmoqda.

«Lokomotiv» o‘tgan turda «Metallurg»ning jiddiy qarshiligiga duch keldi. Yetmaganiga, «temiryo‘lchilar»ning OChLda guruhdan chiqa olmasligi ham aniq bo‘ldi. Bunday natijalar Andrey Fyodorovning kursisini qimirlatib qo‘ygani bor gap. Uning iste'fosi yaqinligi ijtimoiy tarmoqlarda allaqachon muhokama qilinmoqda. Mamlakatning oxirgi uch yildagi chempioni kichik inqirozdan chiqib ketishi uchun mana shunday katta o‘yinlarni yutishga intilishi aniq.

«Bunyodkor» Navoiydagi kutilmagan mag‘lubiyatdan so‘ng yana o‘ziga kelib oldi va «Qo‘qon-1912»ni mag‘lub etishga ulgurdi. Abramovning yosh jamoasi stabil o‘yin ko‘rsata olmayapti, shunday bo‘lsa-da, 3-o‘rin ham yomon emas. «Qaldirg‘ochlar» mavsum oxirida ham shu o‘rinda qolishsa, buni katta natija deb qabul qilish mumkin.

18 may (shanba)

«QO‘QON-1912» – «NASAF»

O‘yin vaqti: 18 may, 17:45.

Stadion: Farg‘ona, «Istiqlol» stadioni.

Bu o‘yin ham «Istiqlol» stadionida o‘tkaziladi. Qo‘qondagi stadion «Dinamo» bilan o‘yinda ochilishi kutilmoqda. Shu sabab bu «Qo‘qon-1912»ning o‘z maydonida o‘tmaydigan oxirgi uy o‘yini desak bo‘ladi. Har ikki jamoa uchun 8-tur omadsiz o‘tdi. «Qo‘qon-1912» ikki marta penaltidan gol o‘tkazib, «Bunyodkor»ga yengilgan bo‘lsa, «Nasaf» o‘z maydonida «Qizilqum»ni yenga olmadi.

«Nasaf» ayni damda 8-o‘rinda bormoqda, lekin Berdiyev jamoasi o‘tgan turda g‘alaba qozonsa, 3-o‘ringa chiqib olishi ham mumkin edi. «Qo‘qon-1912» esa oxirgi pog‘onada bormoqda. Qo‘qon klubi No‘'mon Hasanovga 1:7 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng ham ishonch bildirishda davom etdi va Toshkentda «Lokomotiv»dan ochko olgan «Qo‘qon-1912» murabbiyi qaysidir ma'noda ishonchni oqlagandek bo‘ldi. Ammo oxirgi pog‘onada yurish mamlakat futbolining ilk jamoasini qoniqtirmasa kerak. Shu bois Hasanov uchun har o‘yin finalga teng.

«QIZILQUM» – «SURXON»

O‘yin vaqti: 18 may, 20:00.

Stadion: «Yoshlik» SM stadioni.

«Qizilqum» kichik inqiroz ko‘chasiga kirib qolgandek ko‘ringandi. Ammo o‘z maydonida «Bunyodkor»ni yengib, Qarshida «Nasaf» bilan durang o‘ynagach, Hamid Aktamov shogirdlari yana o‘yinini topib olgandek ko‘rinmoqda. Ammo Qarshidagi o‘yindan so‘ng Aktamov jamoasi hali inqirozdan chiqib ketmaganini aytdi. 9-turda g‘alaba qozonsa, «Qizilqum» ochkolar bo‘yicha aynan shu turdagi raqibi «Surxon»ga yetib olishi mumkin.

«Surxon» chempionat avvalidagi stabillikni saqlab qola olmayapti. Miklyayev jamoasida boshqa jamoadan kelgan futbolchilarning ko‘pligi bir xil o‘yin ko‘rsatishda xalaqit berayotgandek.

19 may (yakshanba)

«NAVBAHOR» – «MeTALLURG»

O‘yin vaqti: 17:30.

Stadion: Namangan, «Markaziy» stadioni.

«Navbahor» hozir Superliganing eng yaxshi holatdagi jamoasi. «Navbahor» oxirgi 5 ta o‘yinda shunchalik yaxshi o‘ynadiki, endi Kanchelskis shogirdlarini bemalol chempionlikka da'vogarlar sirasiga kiritish mumkin. Qarshida «Nasaf»ni yenggan «Navbahor» omadli yurishini aynan o‘sha o‘yindan boshladi.

Qarshidagi o‘yindan so‘ng namanganliklar mag‘lubiyat nimaligini bilmayotgan «Surxon»ni yirik hisobda yengishdi, keyin Samarqandda «Dinamo» bilan mavsumning eng qiziqarli o‘yinlaridan birida qatnashishdi. 7-turda stadionining ochilishida «So‘g‘diyona»ni chiroyli o‘yin ko‘rsatib mag‘lub etgan «Navbahor» o‘tgan turda «Paxtakor» bilan durang o‘ynadi.

«Metallurg»ning ham ishlari chakki emas. Shipilov shogirdlari o‘tgan turda «Lokomotiv»dan ochko olishni uddalashdi. O‘sha o‘yin shunchalik shiddatli kechdiki, bosh hakam Aziz Asimov uning tempiga chiday olmay, tanaffusda o‘rnini boshqa hakamga bo‘shatishga majbur bo‘ldi. Ana shunday shiddatli o‘yinda bekobodliklar «Loko»dan ochko olishdi. Shu bois «Metallurg»ni yengish «Navbahor»ga ham oson bo‘lmaydi.

OKMK – «SO‘G‘DIYoNA»

O‘yin vaqti: 19 may, 17:45.

Stadion: Olmaliq, OKMK stadioni.

Mirjalol Qosimov Olmaliqda yaxshi jamoa tuzishga qiynalyapti. Jamoada yaxshi futbolchilar yig‘ilgan, lekin ularning ko‘pchiligi boshqa klublardan kelgani OKMK o‘yinida stabillikning yo‘qligiga sabab bo‘lmoqda. Qosimov jamoasida yetakchi yetishmayotganini ham ko‘p bora aytdi. Yaxshi futbolchilarning yig‘ilgani muvaffaqiyat garovi bo‘la olmasligini aynan OKMK misolida ko‘ryapmiz.

«So‘g‘diyona» Ulug‘bek Baqoyev murabbiyligiga o‘tgach, ancha jonlandi. Jizzaxliklar Baqoyev bilan «Andijon» va «Metallurg»ni yengishdi. Bu o‘yin turnir jadvalida ikki yonma-yon borayotgan jamoalar o‘rtasidagi to‘qnushuv bo‘lgani bilan ham ahamiyatli. Olmaliqliklar o‘z maydonidagi bu bahsni yuta olishmasa, yana oxirgi pog‘onaga qaytishlari mumkin.

«BUXORO» – «DINAMO»

O‘yin vaqti: 19 may, 20:00.

Stadion: Buxoro. «Buxoro» SM stadioni.

O‘tgan yil OKMK bilan O‘zbekiston Kubogida zafar quchgan Baxtiyor Ashurmatov joriy mavsum avvalida «Buxoro»ni qabul olgandi. Ammo ko‘hna shaharda uning ishlari yurishmadi va klub rahbariyati «Dinamo» bilan o‘yin oldidan Ashurmatovni iste'foga chiqardi.

Bu «Buxoro» futbolchilariga ikki xil ta'sir qilishi mumkin. Birinchidan, iste'fo katta ehtimol bilan jamoaga salbiy ta'sir qiladi. Chunki murabbiyning ketishi futbolchilar ham yaxshi o‘ynamaganini ko‘rsatadi. Boshqa tomondan murabbiyning ketishi jamoaga ijobiy ta'sir qilishi ham mumkin, boisi futbolchilar natijalarda ularning aybi yo‘qligini isbotlash uchun ham yaxshiroq o‘ynashadi.

«Dinamo» hozir juda yaxshi holatda. Yangi mavsumga Pro-Ligada o‘ynash uchun tayyorlangan samarqandliklar kutilmaganda Superliga chiqib qolishdi. Shu bois «Dinamo» tarkibi ham ko‘proq Pro-Liga jamoalarinikiga o‘xshab ketadi. Shunday bo‘lsa-da, Davron Fayziyev jamoasi yaxshi o‘yin ko‘rsatmoqda. 3 g‘alaba va 3 durang qayd etgan samarqandliklar ayni damda 5-o‘rinda. «Dinamo» mavsum oxirida ham shu o‘rinda qolsa, buni sensetsion natija deyish mumkin.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.