Samarqandda bir oilaning 5 nafar a'zosi jasadi topildi. Bosh prokuror ishni alohida nazoratiga oldi

Samarqandda bir oilaning 5 nafar a'zosi jasadi topildi. Bosh prokuror ishni alohida nazoratiga oldi


Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida yashovchi aholi vakillari huquq-tartibot idoralariga tuman hududida besh kishining vahshiylarcha o‘ldirilgan jasadlari topilgani haqida xabar bergan.

Kun.uz manbalarining xabar qilishicha, o‘ldirilganlarning barchasi bir oila a'zolari bo‘lib – er-xotin, ularning ikki o‘g‘li va qizi Ishtixon tumanining «Chimqo‘rg‘on» mahallasida istiqomat qilib kelishgan. Mazkur oilani taniganlar ular mayiz savdosi bilan shug‘ullanib kelishganini ma'lum qilishmoqda. Voqea guvohlari ularning barchasi boshiga tumtoq va og‘ir predmet bilan urib o‘ldirilganini aytishmoqda.

Qotillik aynan qayerda va kim yoki kimlar tomonidan sodir etilgani hozircha ma'lum emas. Jasadlar Qo‘shrabot tumanining Boqi qishlog‘i yaqinidagi ovloq joyda «Damas» avtomashinasi ichiga qoldirib ketilgan.

Kun.uz muxbiri xabar qilishicha, qotillikni issiq izidan ochish uchun Ishtixon tumanida IIB va prokuratura tezkor xodimlaridan iborat shtab tashkil qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi matbuot xizmati mazkur hodisa haqida ma'lumot berdi.

«15.05.2019 yil soat 13:00 larda Qo‘shrabot tumani «Do‘stlik» mahallasi hududida joylashgan fermer xo‘jaligi yer maydonidan «Damas» rusumli avtomashina o‘rta va orqa o‘rindiqlarida Ishtixon tumani Chimqo‘rg‘on qishlog‘ida yashagan, fermer xo‘jaligi ishchisi A.X. (1969 y.t.), uning turmush o‘rtog‘i, uy bekasi Z.X. (1974 y.t.), o‘g‘illari J.I. (1998 y.t.), A.I. (2002 y.t.) va O.I. (2004 y.t.)larning murdalari, har birining bosh va yuz sohalarida og‘ir tan jarohatlari, ya'ni qotillik alomatlari bilan topilgan.

Voqea joyiga zudlik bilan Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari, Bosh prokuratura O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi boshlig‘i, viloyat prokurori, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i hamda tezkor-tergov guruhi a'zolari chiqishdi.

Mazkur holat yuzasidan shu kunning o‘zida Ishtixon tuman prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda mazkur mudhish jinoyatni fosh etish uchun barcha zaruriy tezkor-qidiruv va tergov harakatlari tun-u kun amalga oshirilmoqda», deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, tergov borishi ustidan Bosh prokurorning alohida nazorati o‘rnatilgan.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.