Grizmann «Barselona»da qancha maosh olishi ma'lum

Grizmann «Barselona»da qancha maosh olishi ma'lum


Yozda «Atletiko»dan ketishini e'lon qilgan fransiyalik hujumchi Antuan Grizmannga «Barselona» taqdim etgan bitimning ba'zi shartlari ma'lum bo‘ldi.

L’Equipe nashri ma'lumotiga ko‘ra, Kataloniya klubi 28 yoshli futbolchiga 5 yillik shartnoma va 17 mln yevro miqdorida yillik maosh taklif etgan.

Antuanning «Atletiko»dagi maoshi esa yiliga 21 mln yevroga teng. Ya'ni, u «Barsa» taklifiga ko‘ngan taqdirda yillik maoshi 4 mln yevroga kamayadi.

Ammo, manbaga ko‘ra, Grizmann «ko‘k-anorranglilar» safiga o‘tgach, uning homiylik shartnomalari orqali ko‘radigan daromadi oshadi.

7-raqam egasining madridliklar klubi bilan amaldagi shartnomasiga asosan, uning transfer qiymati joriy yilning 1 iyulidan so‘ng 200 mln yevrodan 120 mln yevroga tushadi. Bu miqdorning 20 foizi (24 mln yevro) fransuzning sobiq klubi – «Real Sosedad»ga tegishli bo‘ladi.

Grizmann – yozgi transfer oynasi uchun «Barselona» mo‘ljalidagi yagona yirik xarid emas. Klub «Ayaks»dan himoyachi Matteys de Ligtni ham sotib olmoqchi. Shuningdek, Matteysning jamoadoshi Frenki de Yong transferi ham kelishib qo‘yilgan. Ushbu uch futbolchi, Marca`ning yozishicha, «Barsa»ga 235 mln yevroga tushadi: Grizmann – 120, de Ligt – 70, de Yong – 75 mln yevro.

Mazkur xarajatlarni qoplash uchun Ispaniya chempioni bir qator futbolchilarini, xususan: Filippe Koutino (taxminan 100 mln yevro), Ivan Rakitich (50 mln.gacha), Samyuel Umtiti (40 mln), Yasper Silessen (30 mln), Malkom (kamida 40 mln), Ande Gomesh (20-25 mln), Denis Suares, Rafinya Alkantara (bu ikki futbolchining aniq narxi belgilanmagan), Mark Kukurelya (10 mln) va Nelson Semedu (35 mln) kabilardan ba'zilarini transferga qo‘yishga tayyor.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Atletiko» va «Barselona» Grizmann va Koutinoni ayirboshlashi mumkinligi xabar qilingan edi.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.