Tanzila Norboyeva ShHT Ikkinchi ayollar forumida mamlakat rivojida ayollarning roli haqida so‘zladi

Tanzila Norboyeva ShHT Ikkinchi ayollar forumida mamlakat rivojida ayollarning roli haqida so‘zladi


O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Tanzila Norbayeva Bishkek shahrida o‘tayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT)ning II Ayollar forumida ishtirok etmoqda. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot xizmati Kun.uz'ga shu haqida xabar berdi.

15-16 may kunlari Bishkekda o‘tkazilayotgan mazkur forum besh sessiyadan iborat bo‘lib, unda mintaqalararo hamkorlikning gender masalalari, ayollarning inklyuziv va barqaror rivojlanishidagi roli, ShHT faoliyati rivojida xotin-qizlarning rolini yaxshilash, ta'lim va sog‘liqni saqlash tizimiga investitsiyalar jalb qilish kabi masalalar muhokama qilinmoqda.

Foto: Xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot xizmati

15 may kuni Tanzila Norboyeva forumda ma'ruza bilan ishtirok etdi, unda yuqoridagi masalalar bo‘yicha O‘zbekistonda yaratilayotgan imkoniyatlar, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar hamda qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgarishlar haqida so‘z bordi.

Shuningdek, Bosh vazir o‘rinbosari mazkur forumni o‘tkazayotganligi uchun Qirg‘iziston tomonga minnatdorchilik izhor etar ekan, O‘zbekiston ShHT doirasida unga a'zo davlatlarning ayollar tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini ma'lum qildi.

Foto: Xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot xizmati

Forumning ikkinchi kunida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo mamlakatlarning ikkinchi ayollar forumi hamda onalar kuniga bag‘ishlangan “Ajdodlar merosi” amaliy san'at respublika yarmarkasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.