Davlat va xususiy sektor sherikchiligi O‘zbekiston taraqqiyotga hissa ko‘sha oladimi?

Davlat va xususiy sektor sherikchiligi O‘zbekiston taraqqiyotga hissa ko‘sha oladimi?


O‘tgan asrning 90-yillarida PPP (public-private partnership) atamasi vujudga keldi. Tushunchaning asl mohiyati shundaki, bunda davlat va xususiy sektor mamlakat infratuzilmasini yaxshilash va sifatli davlat xizmatlarini amalga oshirishda o‘zaro birlashadi. Bundan kimga foyda? Ikkala sektor alohida faoliyat yuritganda ham ulkan natijalarni qo‘lga kiritish mumkin, deguvchilar ham bor. Xulosa qilishga shoshilmaslik lozim. Hukumat hamma sohalarga birday e'tibor qaratib, ma'lum miqdorda mablag‘ ajratishi imkonsiz. Shunday sharoitda iqtisodiyotni mustahkamlash, qator ijtimoiy sohalarni oyoqqa turg‘azish, shu orqali fuqarolar farovonligini oshirish vazifasi turibdi. Xo‘sh, ushbu vaziyatda davlat kimdan ko‘mak olishi mumkin? Albatta, moliyaviy jihatdan baquvvat bo‘lgan xususiy sektor mavjud vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartiroladi. Sherikchilik nafaqat fuqarolar hayotini farovon qiladi, balki ikkala tomon uchun xarajatlarni kamaytirib, foyda oshishiga hissa qo‘shadi.

Jahon Bankining 2018 yil yakunlari bo‘yicha taqdim etgan hisobotlariga ko‘ra, dunyoning 135 ta mamlakatida davlat-xususiy sherikchilik mexanizmlaridan foydalanib kelinmoqda. Umumiy investitsion loyihalarning 15-20 foizi aynan davlat-xususiy sherikchiligi hissasiga to‘g‘ri kelyapti. 1990-2012 yillar davomida ushbu jabhaga ajratiladigan o‘rtacha mablag‘ qiymati qariyb 200 mlrd. AQSh dollariga yetdi.

O‘zbekistonda ushbu amaliyotni joriy qilish mumkinmi? Bu qanchalik o‘zini oqlay oladi? Hali bu sohada tajribaga ega bo‘lmasdan turib yirik loyihalarni amalga oshirish mumkinmi? O‘ttiz yillik jahon tajribasini o‘zlashtirish uchun qanday vazifalarni bajarish lozim?

Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sherikchiligi agentligi rahbari G‘olib Xoljigitov agentlik faoliyati, loyihalar ko‘lami va boshqa muhim ma'lumotlarni taqdim etdi.

«O‘zbekistonda davlat-xususiy sherikchilik loyihalari avvaldan amalga oshirib kelinardi, ammo...»

Davlat-xususiy sherikchiligi sohasi O‘zbekiston uchun yangi bo‘lsa-da, bu sohada qonunchilik bazasi ishlab chiqilishidan oldin ayrim yo‘nalishlarda davlat-xususiy sherikchiligi loyihalari bo‘lgan. Amaliyotda bu tajribadan maktabgacha ta'lim muassasalarini qurishda foydalanilgan. Lekin bu keng tarmoq bo‘lib rivojlantirilmagan. Demak, bu borada oz bo‘lsa ham tajribaga egamiz.

Davlat-xususiy sherikchiligi iqtisodiyotga qanday ta'sir qiladi?

Eng avvalo, xarajatlar qisqaradi. Hisob-kitoblar shuni ko‘rsatadiki, davlat-xususiy sherikchiligi bo‘yicha loyihalarning umumiy xarajatlari, to‘g‘ridan-to‘g‘ri bitim bo‘yicha loyihalarga nisbatan 20-30 foizgacha qisqaradi. Bu nimaning hisobiga bo‘ladi? Davlat-xususiy sheriklik loyiha konsepsiyasini ishlab chiqish, unga ketadigan xarajatlarning chuqur tahlili, qulay hududni tanlash, malakali mutaxassislarni jalb qilish barchasini o‘z zimmasiga oladi. Boshqacha aytganda, davlat xizmatlari bepul amalga oshiriladi. Xususiy sektor esa mavjud xavf-xatarni bo‘yniga olib, loyihani moliyalashtiradi. Eng asosiysi, davlat ushbu loyihalarni tartibga solishda o‘z vakolatlarini saqlab qoladi. Davlat-xususiy sheriklik loyihalarida davlat tomonidan qo‘shiladigan hissa xususiy sherik majburiyatlari orqali qoplanadi.

Davlat xususiy sherikchiligining yana bir ijobiy jihatlaridan biri iqtisodiyotni raqobatbardoshligini ko‘tarishdir. Xususiy tomon raqobatdoshlaridan ko‘ra ko‘proq foyda olish maqsadida bozordagi talabni sinchkovlik bilan o‘rganadi. Natijada, xizmat sifatini oshirishga intiladi. Eng muhim jihati shundaki, xususiy sektor davlatga qaraganda tashabbuskorona fikrlaydi. Ichki talabni yaxshiroq tushunadi, iste'molchilar xohish-istagini hisobga oladi. Chunki sherikchilik uzoq muddatga kelishiladi va jiddiy xatarlardan iborat bo‘lishi mumkin.

Agentlik investorlarga qay darajada yordam beroladi?

Agentlik o‘z oldiga qanday maqsadlarni qo‘ygan? Birinchidan, muassasa sohada yagona davlat siyosatini yuritadi. Masalan, loyihaga doir hujjatlarni tayyorlashda ko‘maklashadi va ma'qullaydi. Ikkinchidan, kadrlarni tayyorlaydi va loyihalarni monitoring qiladi, tender o‘tkazadi, ikkala tomonning huquqiy manfaatini himoya qiladi, investorlar, xalqaro moliya va donorlik tashkilotlari, ilmiy va ekspert hamjamiyatlari, shuningdek davlat-xususiy sheriklik sohasining boshqa ishtirokchilari bilan hamkorlikni tashkil etadi. Umumiy qilib olganda, loyiha bilan bog‘liq barcha munosabatlarda investorga ko‘mak beradi.

Davlat-xususiy sherikchiligi bo‘yicha mustahkam qonunchilik bazasi mavjudmi?

Yirik masshtabdagi loyihalarni amalga oshirishda xususiy sektor barcha xavf-xatarni o‘z zimmasiga olishi kerak. Shuning uchun investor o‘z huquqlarining qonuniy tomondan qay darajada kafolatlanishiga ahamiyat beradi. O‘zbekistonda davlat-xususiy sherikchiligi bo‘yicha yetarlicha huquqiy baza mavjud. Joriy yilning 10 mayida O‘zbekiston Respublikasining «Davlat-xususiy sherikchiligi to‘g‘risida» gi Qonuni imzolandi. Ushbu yirik huquqiy hujjat davlat va xususiy sektorning qonuniy manfaatlarini himoya qiladi. Unda ikkala tarafning huquq-majburiyatlari aniq belgilab berilgan. Qonun loyihasi Moliya vazirligi tomonidan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ko‘magida tayyorlandi. Osiyo taraqqiyot banki, Jahon bankining Xalqaro moliya korporatsiyasi ekspertlari fikrlaridan ham foydalanildi. Dunyoning yetakchi davlatlari: AQSh, Germaniya, Fransiya, Rossiya, Qozog‘iston, Belarustajribasi o‘rganildi.

Davlat o‘z sherigini qay tartibda tanlaydi?

Qonunda belgilanganidek, hukumat o‘z loyihalarini keng jamoatchilikka e'lon qiladi va ushbu loyihalarga qiziqish bildirgan investorlar o‘rtasida tender o‘tkazadi yoki muzokaralar asosida ham sherigini tanlashi mumkin. Bundan avval loyiha ikki bosqichli jarayondan o‘tadi: loyiha konsepsiyasini tayyorlash va texnik-iqtisodiy tahlil (loyihaning texnik xavfsizligi va moliyaviy xarajatlar). Undan so‘ng esa ishtirokchilar o‘rtasida ikki bosqichli tender o‘tkaziladi. Davlat eng kam xarjli rejani taqdim etgan xususiy sektor bilan sheriklik qiladi. Shundan so‘ng g‘olib chiqqan ishtirokchi bilan muzokaralar o‘tkazadi va bitim imzolanadi. Xususiy tomonga quyidagi talablarga javob berishi lozim: huquqiy layoqatga ega bo‘lish, ishga layoqatlilik, to‘lay olish qobiliyati, zarur moliyaviy, moddiy-texnik tajriba va mehnat resurslari borligi.

Davlat-xususiy sherikchiligi qancha vaqt davom etadi?

Qonunga ko‘ra, davlat-xususiy sherikchiligi bitim asosida mustahkamlanadi. Bitim muddati 3 yildan 49 yilgacha deb belgilangan. Nima uchun aynan 49 yil? Yer egaligi qonunchiligiga muvofiq, yer 49 yildan keyin davlat ixtiyoriga o‘tadi. Demak, xususiy tomon ma'lum obektdan eng ko‘pi bilan 49 yilgacha foyda olishi mumkin, undan keyin esa xususiy sherik o‘zi foydalanib turgan yerni va undagi obektni davlatga topshiradi.

Xususiy sektor obektga butun umr egalik qilishi mumkinmi?

Yuqorida aytilganidek, 49 yildan so‘ng bitim muddati tugaydi va har qanday obekt davlat ixtiyoriga o‘tadi. Lekin xususiy sektor o‘zaro muzokaralar davomida sherigi (davlat)ga bitim muddatini uzaytirish bo‘yicha asosli sabab ko‘rsata olsa, belgilangan muddat o‘zgartirilishi mumkin. Shuningdek, davlat ma'lum obektni xususiy sektorga to‘la topshirishi ham mumkin. Istisno tariqasida Prezident qarori bilan davlat-xususiy sherikchilik obekti shartnoma muddati tugaganidan so‘ng xususiy sherikka o‘tkazilishi mumkin.

Investor uchun xavf-xatarlar nimalardan iborat?

Barcha davlat-xususiy sheriklik loyihalarini tayyorlash jarayonida unga risklar matritsasi va moliyaviy model tayyorlanadi. Misol uchun, to‘lov yo‘llari loyihasini oladigan bo‘lsak - unda prognoz qilingan yo‘lovchilar soni bilan amaldagi raqamlarning farqi (talab xatari), loyihaga jalb qilingan moliyaviy resurslari – qarzning to‘lov imkoni bo‘lmasligi (moliyaviy xatar), loyiha hisob-kitoblarning noto‘g‘ri bo‘lishi (noto‘g‘ri spetsifikatsiya xatari), uchinchi tomon masalalari (noto‘g‘ri pudratchining tanlanishi, qayta moliyalashtirish, protsent stavkalarining o‘zgarish xatarlari). Bundan tashqari, loyihada valuta, inflatsiya va tarif siyosatining o‘zgarishi bilan bog‘liq xavf-xatarlar bo‘lishi mumkin.

Barcha davlat-xususiy sheriklik loyihalarini tayyorlash jarayonida unga moliyaviy model, ya'ni kapital, operatsion xarajatlar, daromad va boshqa moliyaviy ko‘rsatgichlar shartnoma muddati davomi uchun hisoblanadi. Loyihaning moliyaviy resurslari xususiy sherik tomonidan ta'minlanadi. Demak, xavf-xatarlarning eng asosiysi moliyaviy xavf-xatar hisoblanadi.

Investorlar qaysi loyihalarga qiziqish bildirishmoqda?

Osiyo taraqqiyot bankining hisob-kitoblariga asosan, O‘zbekiston ishlab chiqarish va infratuzilmani rivojlantirishga har yili o‘z YaIMning
7.4 foizi miqdorida (qariyb 3.6 mlrd. AQSh dollari) investitsiya kiritishi kerak. Transport (2.1 %), energetika (2.9%), axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (0.9%), ichimlik suvi va sanitariya (0.6%) sohalariga ehtiyoj bor. Shuni hisobga olgan holda, joriy yilning 20 aprelida Prezident qarorida umumiy qiymati 2 mlrd. dollarlik 15 ta loyiha ro‘yxati tasdiqlandi. Unda transport, aeroport, temiryo‘l, energetika, tibbiyot, ta'lim sohalarini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar taqdim etilgan. Istalgan investor ushbu loyihalar yuzasidan davlat-xususiy sherikchiligi asosida faoliyat ko‘rsatish bo‘yicha taklif bildirishi mumkin. Ayni vaqtda investorlar energetika sohasidagi loyihalarga katta qiziqish bildirishmoqda. www. pppda.uz sayti orqali investorlar loyihalar bilan tanishib chiqishlari mumkin. Sayt hozircha ingliz tilida faoliyat olib bormoqda, chunki biz investorlarni asosan xorijdan jalb qilmoqchimiz. Jahonda bu borada yetarlicha tajriba mavjud. Shu maqsadda avval xorijlik investorlar bilan hamkorlik qilib muvaffaqiyatli loyihalarni qilmoqchimiz va davlat-xususiy sherikchiligi ahamiyatini amaliy tomondan isbotlab bermoqchimiz. Bu o‘z-o‘zidan mahalliy investorlarni ham jalb qilishga yordam beradi.

O‘zbekistonda davlat-xususiy sherikchiligini ommalashtirishda qanday ishlar qilinmoqda?

Yuqorida aytilganidek, davlat-xususiy sherikchiligi uzoq davom etadigan jarayon. Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, YeTTB mutaxassislari bilan hamkorlikni davom ettiryapmiz. Jumladan, Jahon bankining Xalqaro moliya korporatsiyasi mutaxassislari 30 ga yaqin mahalliy vazirlik va idora vakillariga o‘quv-treninglar o‘tkazishdi, natijada barchasi xalqaro sertifikat sovrindori bo‘lishdi. Bu davlat-xususiy sherikchiligi sohasida kadrlar tayyorlashning bir ko‘rinishi hisoblanadi. Ularni keyinchalik murakkab loyihalarni tayyorlashga jalb etish imkonimiz bo‘ladi. Yana bir tashabbuslardan biri Oliy ta'lim vazirligi bilan hamkorlik o‘rnatib, tegishli OTMlarda davlat-xususiy sherikchiligi bo‘yicha fanlarni joriy etish, darsliklarni ishlab chiqmoqchimiz. Shuningdek, shu yili kuzda investorlar xalqaro forumini o‘tkazmoqchimiz. Bundan maqsad loyihalarni moliyalashtirishda ko‘proq xorijiy hamkorlarga ega bo‘lishdir. Bajarilayotgan loyihalar haqida gapirilganda, Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan Navoiy viloyatida 100 megavatt quyosh energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha loyiha amalga oshmoqda. Hozir tenderning eng oxirgi bosqichlari o‘tkazilmoqda. Yaqin kunlarda g‘olib aniqlanadi. Boshida jahonning 42 ta yirik korxonasi loyihaga qiziqish bildirdi. Saralash natijasida 11 ta korxona so‘nggi bosqichgacha yetib keldi. Ularning aksariyati Germaniya, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Turkiya vakillaridir.

Davlat-xususiy sherikchiligi O‘zbekiston sharoitida «ochilmagan qo‘riq» dir. Sohaning ahamiyati bo‘yicha aholiga to‘g‘ri tushuncha berilsa, jahonning ilg‘or tajribasi o‘rganilsa, milliy iqtisodiyotga misli ko‘rilmagan foyda keladi. Shu bilan birga, mamlakat infratuzilmasi yaxshilanishiga erishish mumkin. Bunda davlat ham, xususiy sektor ham birday manfaatdor bo‘ladi.

Muhabbat Ma'mirova suhbatlashdi

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.