«Biznes-ekspress»: 19 yoshida korxona ochgan qiz va mehmonxona biznesi haqida 

«Biznes-ekspress»: 19 yoshida korxona ochgan qiz va mehmonxona biznesi haqida 


O‘zbekiston yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash respublika boshqaruv apparati qoshidagi «Biznes klub» tinglovchilari va tadbirkorlikka qiziquvchi yoshlar «Biznes-ekspress» loyihasi doirasida Toshkent shahrida oilaviy tadbirkorlar bilan uchrashishdi.

Biznes tur Davlat soliq qo‘mitasi, Markaziy Bankning Toshkent shahar Bosh boshqarmasi hamda Toshkent shahar hokimligi hamkorligida tashkil etildi. Loyihani tashkil etishdan maqsad O‘zbekistonda oilaviy tadbirkorlikni yanada ommalashtirish va yoshlarda bu borada tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishdir.

Biznes-trening bir necha manzillarda o‘tkazildi. Avvaliga qatnashuvchilar Olmazor tumanidagi «Gulnora» oilaviy mehmonxonasiga tashrif buyurishdi. Oilaviy tadbirkor Gulnora Karimova sohadagi tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.


«20 yildan beri mehmonxona biznesi bo‘yicha oilam birga shug‘ullanib kelamiz. Boshida mehmonlarni qanday jalb qilish bo‘yicha qiynalganmiz. Bozor katta, raqobatdoshlarimiz yetarlicha. Nima qilish kerak? Avvalo, biznesingizda o‘ziga xoslikka ega bo‘ling. O‘z oldingizga savol qo‘ying: mehmon nima uchun aynan mening mehmonxonamga kelishi kerak? Saranjomlik, xushmuomala bo‘lish eng muhim jihatlardir. Bu mavsumiy biznes. Doimiy daromad olish imkoniyati cheklangan. Shunga ham katta e'tibor bering» , - deya maslahat berdi Karimova.

Tadbirkorning aytishicha, oilaviy mehmonxonaning bir choraklik tushumi o‘rtacha 200 mln.so‘mni tashkil qiladi. Sof daromad esa 50 mln.so‘m. 5 ta ishchisiga ega korxona bir vaqtda 32 kishiga xizmat ko‘rsata oladi. Mehmonlar soni mavsumga qarab o‘zgaradi va bu vaqtda 20 ga yaqin sayyoh kutib olinadi.


Tur ishtirokchilarining keyingi manzili Toshkentning Avayxon mahallasi non va qandolatchilik mahsulotini ishlab chiqaruvchi Zuzzi korxonasi bo‘ldi. Uning rahbari 19 yoshli Zilola Usmonova o‘z faoliyati haqida ma'lumot berdi.

«O‘tgan yilning dekabr oyida Markaziy Bank tomonidan 3 yil muddatga kredit oldim. Fevral-mart oylarida bizga berilgan obektni ta'mirlab jihozlashga ulgurdik. Hozirda 2 nafar ishchimiz bor. Kuniga 400 ming so‘m daromad qilmoqdamiz. 24 xildagi mahsulot chiqarib savdoga qo‘yamiz. Asosiy iste'molchilarimiz mahalla ahli va maktab o‘quvchilaridir» .

Uchrashuvda hamkor tashkilot vakillari ham qatnashdi. Ishtirokchilar kredit, yer olish, biznesni qay tartibda boshlash, qaysi tashkilotlarga murojaat qilish, soliq to‘lash tizimi va boshqa muhim mavzular bo‘yicha savollariga javob olishdi.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.