Eron milliy jamoasiga yangi bosh murabbiy tayinlandi

Eron milliy jamoasiga yangi bosh murabbiy tayinlandi


Belgiyalik mutaxassis Mark Vilmots Eron milliy jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda mamlakat futbol federatsiyasi prezidenti Mehdi Toj davlat televideniyesidagi chiqishi chog‘ida e'lon qildi.

50 yoshli murabbiyning so‘nggi ish joyi Kot-d’Ivuar milliy jamoasi bo‘lgandi. U 2017 yil mart oyida Afrikaning ushbu termasi bosh murabbiyiga aylangan, ammo oradan olti oy o‘tib – jamoa JCh-2018 saralashida muvaffaqiyatsizlikka uchragach iste'foga chiqarilgan edi.

Vilmots bunga qadar Belgiya milliy jamoasida yordamchi (2009-2012) va bosh murabbiy (2012-2016) bo‘lib ishlagan. Uning boshqaruvida belgiyaliklar JCh-2014 guruh bosqichining uchala o‘yinida ham g‘alaba qozonib, chorak finaldan kurashni to‘xtatishgandi. Jamoa Yevro-2016ni ham chorak finaldan tark etgach, Vilmots ishdan bo‘shatilgan edi.

Mark Vilmots 2013 va 2014 yillarda Belgiyada yilning eng yaxshi murabbiyi deb topilgan.

Belgiya matbuotidagi xabarlarga qaraganda, Eron milliy jamoasining yangi bosh murabbiyi tayinlov oldidan o‘zi bilan ikki nafar assistent olib kelishini va 1,5 mln dollar maosh to‘lanishini so‘ragan. Mahalliy mutaxassislardan Javod Nekunam ham yangi shtab tarkibida bo‘lishi kutilyapti.

Vilmots forslar bilan qancha muddatga shartnoma imzolagani rasman ochiqlanmadi. Hamkorlik muddati JCh-2022 oxiriga qadar mo‘ljallangani taxmin qilinmoqda.

Eronliklar iyun oyida ikkita o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishadi: Suriya va Janubiy Koreya bilan bahslar Mark Vilmots qo‘l ostidagi ilk o‘yinlar bo‘ladi.

Ma'lumot uchun, Eron – FIFA reytingidagi o‘rni (21-pog‘ona) bo‘yicha Osiyoning birinchi raqamli jamoasi sanaladi.

Forslar 2019 yil boshida BAAda o‘tgan Osiyo kubogida yarim finalgacha yetib borib, Yaponiyadan 0:3 hisobida mag‘lubiyatga uchragan edi. Shundan so‘ng termani 7 yil davomida boshqarib kelgan Karlush Keyrush iste'foga chiqqandi. Portugaliyalik murabbiy hozirda Kolumbiya milliy jamoasini boshqarmoqda.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.