Mark Sukerberg WhatsApp va Instagram’ni alohida ajratib yuborish to‘g‘risidagi taklifga munosabat bildirdi

Facebook’dan unga tegishli WhatsApp va Instagram’ni alohida kompaniya qilib ajratib tashlash, ijtimoiy tarmoq oldida turgan muammolarni yechishga yordam bermaydi. Bu haqda Facebook asoschisi Mark Sukerberg France Info kanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi, deb xabar beradi Meduza.



Foto: “RBK”

“Kris Xyuzning yozganlarini o‘qib, uning taklifi muammoga yechim bo‘la olmaydi deb o‘ylayman. Fikrimcha, demokratiya va saylovlar haqida o‘ylaydigan insonlar saylovlarga aralashishga qarshi kurashadigan zamonaviy yechimlarni yaratish uchun yiliga milliardlab dollar tikadigan kompaniyaga ega bo‘lishdan mamnun”, — deydi Sukerberg.

Shuningdek, uning ta’kidlashicha, 2019-yili Facebook’ning xavfsizlik budjeti 2012-yilda birjaga chiqqanida olgan barcha daromadlaridan ortiqroqni tashkil etgan. “Biz muvaffaqiyatli biznes qurganimiz sabab, buni o‘zimizga ep ko‘ra olamiz”, — deya ta’kidlaydi Sukerberg.

Facebook’ning xalqaro ishlar va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha vitse-prezidenti Nik Klegg The New York Times gazetasiga kolonka yozib, Facebook’ni parchalash maqsadga muvofiq emasligini bildirgan. “Muvaffaqiyat uchun jazolamaslik kerak… Facebook’ni bo‘lish emas, uning ustidan nazoratni o‘rnatish kerak”, — deydi Klegg.

Avvalroq, Facebook hamasoschisi Kris Xyuz WhatsApp va Instagram’ni ijtimoiy tarmoqda alohida kompaniya qilib ajratib yuborishni taklif qilgandi.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.