Narkokurerga kunning issig‘ida kurtka nega kerak bo‘lib qoldi?

Narkokurerga kunning issig‘ida kurtka nega kerak bo‘lib qoldi?


Bojxona xodimlari tomonidan “zahri qotil”ning navbatdagi kontrabandasi to‘xtatib qolindi.

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunbuzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari “Ayritom” chegara bojxona posti orqali qo‘shni mamlakatdan yurtimizga kirib kelayotgan giyohvandlik moddasini fosh etishdi.

Mazkur postga piyoda tarzda kirib kelgan qo‘shni davlat fuqarosi M.R. ning shubhali xatti–harakatlari bojxonachilar e'tiborini tortdi. Fuqaro havo harorati issiq bo‘lishiga qaramasdan qishki kurtka bilan bojxona postining kirish zali orqali harakatlanayotganda, uning kurtkasi shubha ostiga olinib, xolislar ishtirokida bojxona nazoratidan o‘tkazildi. Natijada, kurtkaning ichki astari orasiga tikilgan 30 dona skotch bilan o‘ralgan tselofan paketlar ichiga xufiyona joylashtirilgan sof og‘irligi 230,26 gramm bo‘lgan “opiy” giyohvandlik moddasi borligi aniqlandi.

Shuningdek, yana bir holatda esa, viloyat bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunbuzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda Termiz shahrida tezkor tadbir o‘tkazishdi. Tadbir davomida, fuqaro S.Sh. xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning yonidan qog‘oz bo‘laklariga o‘ralgan 1,6 gramm “Marixuana” giyohvandlik moddasi borligi ma'lum bo‘ldi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.