Qo‘qonda 2023-yildan Hyundai Ioniq va Hyundai Kona ishlab chiqarilishi mumkin

Farg‘ona viloyatidagi “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida Hyundai elektromobillarini ishlab chiqarish bo‘yicha korxona ishga tushirilishi mumkin. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-may kuni loyiha taqdimoti bilan tanishdi.

“O‘zbekiston 24” telekanali axborotiga ko‘ra, Janubiy Koreyaning Hyundai Motor va Evergreen Motors kompaniyalari hamda O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Farg‘ona viloyati hokimligi hamkorligida amalga oshirilishi kutilayotgan loyiha 2021-yilda zavod qurilishini boshlash, 2023-yildan esa O‘zbekistonda seriyalab elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi.



Kadr: “O‘zbekiston 24”

Umumiy qiymati 300 million dollarga baholangan loyiha doirasida nafaqat elektromobillar ishlab chiqariladi, balki ular uchun zarur infratuzilma (masalan, elektromobillarni quvvatlantirish tarmoqlari) ham tashkil etiladi. Kamida 1000 kishi ishlaydigan bo‘lajak avtozavod yiliga elektrda harakatlanuvchi 10 mingta avtomobil ishlab chiqarishi kutilmoqda.



Hyundai Ioniq.
Foto: Infocar

“O‘zbekiston 24” telekanalida namoyish etilgan lavhalarda Hyundai Ioniq xetchbeki va Hyundai Kona krossoverlari ko‘rsatildi. Ularning har ikkisi ham elektromotorda harakatlanadi — 2016-yildan beri ishlab chiqarilayotgan Ioniq bir marta to‘liq quvvatlantirilganidan so‘ng 280 kilometrgacha yo‘l bosishi mumkin, elektrda yuradigan versiyasi 2018-yildan beri yig‘ilayotgan Hyundai Kona esa bitta to‘liq quvvatda 470 kilometrgacha yo‘l bosa oladi.



Hyundai Kona.
Foto: The Verge

Ma’lumot uchun, Janubiy Koreyaning Hyundai Motor va Evergreen Motors kompaniyalari bilan hamkorlikda Farg‘ona vodiysining boshqa viloyati — Namanganda tijorat avtomobillari va avtobuslar ishlab chiqaruvchi avtozavod qurish loyihasi amalga oshirilmoqda.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.