Isroil Madrimov keyingi oyda navbatdagi jangini o‘tkazadi

Isroil Madrimov keyingi oyda navbatdagi jangini o‘tkazadi


Professional boksning super yarim o‘rta (-69,85 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Isroil Madrimov (2-0, 2 KO) iyun oyida o‘zining uchinchi jangini o‘tkazadi.

GoSport.uz xabariga ko‘ra, Madrimov 8 iyun kuni Nyu-Yorkdagi mashhur Madison Square Garden arenasida bo‘lib o‘tadigan boks oqshomida ringga ko‘tariladi. Hozircha unga kim raqiblik qilishi noma'lum. Isroil shu kuni o‘zining WBA Intercontinental chempionlik kamarini himoya qiladi.

Mazkur boks oqshomining markaziy jangida qozog‘istonlik afsonaviy bokschi, 4ta yo‘nalish bo‘yicha sobiq jahon chempioni Gennadiy Golovkin (38-1-1, 34 KO) ringga chiqadi. Golovkin shu kuni kanadalik Stiv Rolls (19-0, 10 KO) bilan jang qiladi. Jang DAZN internet-platformasi orqali translatsiya qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, Isroil Madrimov professional boksda so‘nggi marta 9 mart kuni venesuelalik Frank Roxasga qarshi ringga chiqib, raqibini chuqur nokautga uchratgan va WBA Intercontinental chempionlik kamarini himoya qilgandi.

U WBA professional bokschilarning yangi reytingida bir oy oldingi ko‘rsatkichidan bir pog‘ona pastlab, 7-pog‘onadan joy olgan.

Ma'lumot uchun, Butunjahon boks assotsiatsiyasi WBA reytingida jami 4 nafar o‘zbekistonlik bokschi o‘rin olgan. Madrimovdan tashqari, super yengil (-63,5 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Shahram G‘iyosov (8-0, 6 KO) yana kuchli 15talikka qaytgan (14-o‘rin), ikkinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Murodjon Ahmadaliyev (6-0, 5 KO) 2-o‘ringa joylashgan, super yengil (-63,5 kg) vazn toifasida bitta jang o‘tkazgan Shohjahon Ergashev (16-0, 14 KO) esa reytingda 4-o‘rinda qolgan.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.