Toshkent militsiyasi ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etishga mo‘ljallangan zirhli mashinasini namoyish etdi

Toshkentdagi “Moviy gumbazlar” restorani oldidagi xiyobonda 27-aprel kuni “Yoshlar jinoyatchilikkka qarshi” shiori ostida bo‘lib o‘tgan tadbirda maxsus zirhlangan avtomobil namoyish etildi, deya xabar bermoqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati.



Foto: “Kun.uz”

“Kun.uz”ning yozishicha, maxsus metall qoplama bilan zirhlangan avtomobil o‘q o‘tkazmaydi. Mashina solyarka va benzin bilan harakatlanadi, 100 kilometr masofaga 18 litr yonilg‘i sarflaydi. Ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etishga mo‘ljallangan maxsus mashinaga 7—8 xodim bemalol joylasha oladi.

Tadbirda “g‘ildirakli shtab” — tomiga 50 metr balandlikkacha ko‘tariladigan, kunduzi 1, tunda 1,5 kilometr masofagacha tasvirga oladigan yumaloq kamera o‘rnatilgan Isuzu avtobusi ham namoyish etilgan. Avtobus ichidagi texnologiyalar yordamida tasvirga olingan kishilarning shaxsiga aniqlik kiritish mumkin.



Foto: “Kun.uz”

IIBB matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, avtobus allaqachon sinovdan o‘tgan. Ommaviy tadbirlar vaqtida foydalanish uchun mo‘ljallangan bunday transport vositalaridan yana bir nechtasiga buyurtma berilgan bo‘lib, ta’kidlashlaricha, yangilari hozirgisidan ham mukammalroq bo‘ladi.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.