Hamid G‘ulom zamondoshlari xotirasida - Jahon adabiyotining go‘zal namunalari uning boshchiligida o‘zbek tiliga o‘girilgan

Hamid G‘ulom zamondoshlari xotirasida - Jahon adabiyotining go‘zal namunalari uning boshchiligida o‘zbek tiliga o‘girilgan


Bugun, 24 aprel kuni Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston xalq yozuvchisi, shoir, dramaturg va jamoat arbobi Hamid G‘ulom tavalludining 100 yilligi munosabati bilan adabiy kecha tashkil etilib, unda adibning «Tanlangan asarlar» kitobi taqdimoti o‘tkazildi. Kechada yozuvchi va shoirlar, san'at va ilm-fan sohasi vakillari, adibning oila a'zolari va muxlislari, yoshlar, OAV xodimlari ishtirok etdi.



Kun.uz muxbiri xabar berishicha, so‘z olganlar Hamid G‘ulomning ijodiy faoliyati, turli lavozimlarda kechgan qizg‘in ish jarayoni hamda o‘zbek adabiyotiga qo‘shgan hissasi haqida o‘z fikrlarini bildirishdi.




— «Hamid G‘ulom XX asrning masshtabi va miqyosi juda katta insonlaridan biri edi. Albatta, Hamid aka o‘zbek adabiyoti dunyosida bitta emas edi. Uning yonida Ramz Bobojon, Said Ahmad, Shukrullo, Mirmuhsin, Rahmat Fayziy, Sharof Rashidov singari o‘sha zamonlarning atoqli adiblari harakat qilishardi.

O‘sha paytdagi ijod muhiti haqida gapirganda barcha yozuvchilarimizning o‘zaro hamohang, ahil bo‘lib ijod qilishganini aytishni istardim.

Hamid G‘ulom davlat nashriyotiga direktor bo‘lgan paytlarda nashriyotchilik ishlari, adabiy ijod ishlari qizg‘in jarayonga kirgan edi. Bu qizg‘inlikni esa men aytgan yozuvchilar tashkil qilgan», – deydi taniqli san'at arbobi Ibrohim G‘ofurov. — Hamid aka nashriyotda rahbar bo‘lib ishlagan paytlarda badiiy va ilmiy tarjima san'atida katta o‘sish kuzatildiki, buni avvalgi biror voqelik bilan solishtirib bo‘lmaydi. Ayni o‘sha paytda jahon adabiyotining o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan eng go‘zal namunalari Hamid aka boshchiligida ishga jalb qilingan tarjimonlar tomonidan tarjima qilindi. Bu ishlar o‘z-o‘zidan bo‘lgan emas. Ularning hammasi Hamid G‘ulom tomonidan ham moddiy, ham ma'naviy jihatdan rag‘batlantirib turilardi.


Adabiy kechada tavalludining 100 yilligi munosabati bilan adibning «Sharq» nashriyoti tomonidan nashr qilingan asarlari to‘plamining taqdimoti o‘tkazildi. O‘quvchilar ushbu to‘plamdan Hamid G‘ulomning eng sara asarlarini mutolaa qilishlari mumkin.


Tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Nasiba Ibrohimova va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Olmos Ahmedova ham so‘zga chiqib, adib bilan bog‘liq xotiralarini bo‘lishdilar.




Ma'lumot uchun, Hamid G‘ulom adabiyot va san'atning turli janrlarida ijod qilgan, «Mash'al», «Mangulik», «Feruza», «Binafsha atri», «Mashrab», «Toshkentliklar», «Qoradaryo» romanlari, «Olmos qiz», «Vafoning uzun yo‘li» va boshqa qissalar, turkum hikoyalar, ocherk va publitsistik maqolalar muallifi hisoblanadi.


U asosan musiqali dramaturgiya sohasida To‘xtasin Jalilov, Yunus Rajabiy, Manas Leviyev, Sulaymon Yudakov, Matniyoz Yusupov, Shohida Shoximardonova kabi bastakorlar bilan ijodiy hamkorlik qilgan. Mashhur rejissyor Razzoq Hamroyev, mumtoz aktyor Soyib Xo‘jayev bilan birgalikda yaratilgan «Toshbolta oshiq» musiqali dramasi adib ijodida alohida o‘rin tutadi.

Hamid G‘ulom O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yetti yilligi munosabati bilan «El-yurt hurmati», shuningdek, turli yillarda «Mehnat shuhrati» ordeni va «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.