Davlat test markazi sudlarda yutqazishda davom etadi. Bu safar kontraktdan davlat grantiga o‘tish uchun kurashgan talaba g‘olib keldi

Davlat test markazi sudlarda yutqazishda davom etadi. Bu safar kontraktdan davlat grantiga o‘tish uchun kurashgan talaba g‘olib keldi


Toshkent tibbiyot akademiyasida kontrakt to‘lovi asosida tahsil olayotgan talaba Kamola Botirova oliygohga davlat granti asosida qabul qilinishiga to‘siq bo‘lgan xatolik tufayli Davlat test markazini sudga berib, unda yutib chiqdi.


Kamola Botirova 2018 yilning iyulida Toshkent tibbiyot akademiyasiga hujjat topshirib, avgust oyida imtihonga kirgandi.

U sinov natijalari bo‘yicha yetarli ball to‘plab, kontrakt to‘lovi asosida o‘qishga qabul qilingandi. Biroq, u davlat granti asosida o‘qishi kerakligiga amin bo‘lib, Davlat test markazining apellyatsiya komissiyasiga shikoyat bilan murojaat qilgan. Kamola savollar kitobining biologiya fani bo‘yicha berilgan 57-savol yuzasidan e'tiroz bildirgan.

Savol mazmuni esa quyidagicha: «oziq zanjirida vidra (yirtqich hayvon), baliqlar, qisqichbaqasimonlar va suv o‘tlari bor. Uchinchi tartib konsumentlarining biomassasasi 32 kg bo‘lsa, oziq zanjiri barcha komponentlari iste'mol qilgan oziqning umumiy biomassasini (kg) aniqlang».

Kamola 35520 kg javobi ko‘rsatilgan variantni belgilagan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi esa 35552 kg variantini to‘g‘ri deb hisoblagan.

Shundan so‘ng, Kamola Botirova Yunusobod tuman ma'muriy sudiga Davlat test markazi mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari ustidan shikoyat qiladi. Ma'muriy ishni 2019 yilning 23 aprel kuni Toshkent shahar Yunusobod ma'muriy sudi sudyasi Davron Ergashev arizachi, sudya yordamchisi K.Xidirov, tuman prokuraturasidan U.Olimjonov va Davlat test markazi vakillari ishtirokida ko‘rib chiqadi.

Toshkent shahar Yunusobod ma'muriy sudi sudyasi Davron Ergashev

Sud tomonidan arizachining vajlarini tekshirish maqsadida mutaxassislar jalb qilinadi. Ularning aksariyati abituriyent tomonidan berilgan javob to‘g‘riligini ma'lum qilishadi.

Oziq zanjirida vidra (yirtqich hayvon), baliqlar, qisqichbaqasimonlar va suv o‘tlar bor. Uchinchi tartib konsumentlarining biomassasi 32 kg bo‘lsa, oziq zanjiri barcha komponentlari iste'mol qilgan oziqning umumiy biomassasi 35520 kg.ni tashkil qiladi.


Ozuqa zanjiridagi barcha komponentlarning umumiy biomassasi 35552 kg bo‘lishi, ular iste'mol qilgan oziqning umumiy biomassasi 35520 kg bo‘lishi, sababi uchinchi tartib konsument vidra bu oziq zanjiridagi organizmlarga oziq bo‘lmasligi, shuning uchun uning biomassasi, ya'ni 32 kg ozuqa zanjiridagi komponentlar iste'mol qilgan umumiy biomassasiga qo‘shilmasligi ta'kidlangan.

Sud tomonlarni to‘liq eshitdi. Barcha vaj, dalillar hisobga olinib, talabaning arizasi qanoatlantirildi. Davlat test markazining xatti-harakatlari g‘ayriqonuniy deb topildi. Davlat test markazi zimmasiga amaldagi tartib bo‘yicha talabaning javoblar varag‘ini qayta baholab, talabani Toshkent tibbiyot akademiyasiga grant asosida o‘qishga tavsiya etish majburiyatini yukladi.

Kamola Botirova

Ikkinchi tomonga sud qaroridan norozi bo‘lsa, apellyatsiya tartibida shikoyat keltirishi mumkinligi tushuntirildi.

Bundan avvalroq Toshkent tibbiyot pediatriya institutiga hujjat topshirib, imtihondan o‘ta olmagan abituriyent Davron Ulug‘bek o‘g‘li ham savollar kitobining biologiya fani bo‘yicha berilgan 57-savoli yuzasidan e'tiroz bildirib, Davlat test markazining apellyatsiya komissiyasiga shikoyat bilan murojaat qilgan, keyinroq Yunusobod tuman ma'muriy sudiga murojaat qilib, sudda yutib chiqqandi.

Shuningdek, DTM mutasaddilari buxorolik abituriyent Sarvinoz Ibragimovani «48 soniya kechikkani» vaji bilan Buxoro davlat tibbiyot institutiga o‘qishga kirishga yo‘l qo‘yishmagan, alaloqibat sudda adolat qaror topgandi.

Yunusobod tuman ma'muriy sudi sudyasi Davron Ergashev sud jarayoniga nega ommaviy axborot vositalari taklif etilganiga o‘zining izohini berib o‘tdi: «Davlat rahbari sudlardan ishni ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish jarayonida shaffoflik, oshkoralik va odillik prinsiplariga amal qilishni talab qilmoqda. Bu yelkamizdagi vazifa. Uni bajarishimiz kerak. Qonunda ham bu ko‘rsatib o‘tilgan.

Ishni jamoatchilikka yoyish orqali Davlat test markazini obro‘sizlantirishni niyat qilmaganmiz. Asosiy maqsadimiz xalq ishonchini qayta qozonish va mansabdor shaxslar tomonidan mana shunday xatolar takorlanishining oldini olish».

Qayd etish kerakki, Yunusobod tuman Ma'muriy sudida ishlar oshkoralik prinsipi asosida ko‘rib chiqilmoqda. Buni Kun.uz jurnalistlari qatnashgan bir nechta sud misolida ko‘rish mumkin. Shu bilan birgalikda, ayrim sudlarda hali-hanuz ichki qo‘rquv yoki prezident talablarini bajarmaslik holatlari uchrab turmoqda. Buni yaqinda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Sardor Sodiqov «Bozorqo‘mlar ishi» doirasida kuzatuvchi sifatida qatnashayotgan «Gazeta.uz» muxbirini sud zalidan chiqarib yuborgani misolida ham ko‘rish mumkin. Adolatli jamiyatni qurishni maqsad qilgan davlat ichidagi sudlardan davlat va xalq oldidagi kasb majburiyatlarini bajarishlarida jasorat ko‘rsatishlarini kutib qolamiz.

Zafarbek Solijonov

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.