Xalq ta'limi vazirligi Toshkentdagi 141-maktabda yuz bergan holat bo‘yicha bayonot bilan chiqdi

Xalq ta'limi vazirligi Toshkentdagi 141-maktabda yuz bergan holat bo‘yicha bayonot bilan chiqdi


Shayxontohur tumanidagi 141-umumiy o‘rta ta'lim maktabida o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida chiqqan nizo bo‘yicha Xalq ta'limi vazirligi bayonot berdi.

Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Shayxontohur tumanidagi 141-umumiy o‘rta ta'lim maktabi o‘qituvchisi B.Mirzayeva o‘quvchisiga nisbatan qo‘pol xatti-harakatlar sodir etganligi haqidagi videolavha e'lon qilindi, deb ma'lumot berdi Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati.

Mazkur holat o‘rganilganda, 9-sinf o‘quvchisi I.B. dars jarayoniga xalaqit bergani ma'lum bo‘lgan. O‘qituvchining tanbehiga qaramay, u baland ovozda gapirib, darsga xalaqit bergan.

O‘quvchining qo‘li kikboks sport to‘garagida lat yegani sababli gipsda bo‘lgan. O‘qituvchi o‘quvchiga “O‘ng qo‘l bilan yozsang bo‘ladi-ku”, deganida, bola pedagogni haqorat qilgan. Bu gaplarni ko‘tara olmagan o‘qituvchi o‘quvchini bir necha bor turtgan, lekin urmagan.

Ushbu jarayonni shu sinf o‘quvchisi R.M. uyali telefoniga tasvirga olib, sinfdoshi S.K. va M.A.ga Telegram messenjeri orqali yuborgan.

2018 yilning 13 yanvarida o‘quvchi B.I. maktabning ichki tartib qoidalariga rioya qilmaganligi, tengdoshlari bilan o‘zaro kelishmovchiligi hamda pedagog xodimlarga nisbatan qo‘pol munosabati sababli ta'lim muassasasi ichki ro‘yxatiga olingan. Maktab ma'muriyati, sinf rahbari, psixolog hamda profilaktika noziri tomonidan tushuntirish hamda profilaktik ishlar olib borilganligi natijasida o‘quvchi ijobiy tomonga o‘zgargan. 2018 yil 17 mayda maktabning ichki nazoratidan chiqarilgan.

Joriy yilning 18 aprel kuni 141-umumiy o‘rta ta'lim maktabida jamoatchilik ishtirokida Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani idoralararo komissiyasi sayyor majlisi o‘tkazildi va mazkur ish ko‘rib chiqildi.

Komissiya qaroriga ko‘ra, B.I. va R.M. ota-onalari O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasiga asosan jarimaga tortildi.

Mazkur moddaga ko‘ra, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta'lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning ma'muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi — eng kam ish haqining ikkidan bir qismidan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

O‘qituvchi B.M. mazkur vaziyatdan so‘ng ishdan bo‘shash haqida ariza yozgan. Ammo sinfning boshqa o‘quvchilari o‘qituvchi haqida ijobiy fikr bildirganlar va B.M.ning arizasi inobatga olinmagan. O‘qituvchi ushbu maktabda o‘z faoliyatini davom ettiradi.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.