Toshkent viloyatida “AUTO CON” moslamasi yordamida qarzdor haydovchilar aniqlanmoqda  

Toshkent viloyatida “AUTO CON” moslamasi yordamida qarzdor haydovchilar aniqlanmoqda  


Toshkent viloyati hududida joylashgan avtomobil yo‘llarida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari qariyb bir yildan ortiqroq muddatdan buyon onlayn rejimda ishlab kelmoqda. Bu muddat ichida bu fotoradarlar orqali 95732 ta qoidabuzarlik aniqlandi. Ushbu aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan belgilangan jarimalarni o‘z vaqtida to‘lamasdan, belgilangan jarimalarga bepisandlik bilan qaragan 17254 transport vositalari egalaridan jarimalarni undirish choralari ko‘rilmoqda.

Bugungi kunda Majburiy ijro byurosi xodimlari bilan hamkorlikda maxsus reyd tashkil etilmoqda. Reydlar davomida “AUTO CON” moslamasi yordamida qarzdor haydovchilar aniqlanib, shu joyning o‘zida tashkil etilgan sayyor kassalar yordamida jarimalar undirilmoqda.


Kuni kecha Zangiota, Toshkent, Yangiyo‘l va Yuqorichirchiq tumanlarida olib borilgan reydlar davomida 429 ta transport vositasi aniqlanib, ulardan 93 millon 458 ming 530 so‘m jarima undirildi. Shuningdek, jarimalarni to‘lolmagan 94 nafar haydovchining transport vositalari jarima undirilgunga qadar jarima maydonlariga joylashtirildi.


Eslatib o‘tamiz, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 291-moddasida belgilab berilgan 60 kun muddat ichida jarimalarni to‘lamaslik jarima to‘lagunga qadar transport vositasini jarima maydoniga qo‘yishga asos bo‘ladi.



loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.