Mahallalarda konstruktorlik byurolarini tashkil qilish taklif etilyapti

Mahallalarda konstruktorlik byurolarini tashkil qilish taklif etilyapti


“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida mahallalarda konstruktorlik byurolarini tashkil qilish haqida petitsiya e'lon qilingan.

“Mamlakat iqtisodiyotini kashfiyotchilar, konstruktorlar va injyener-muhandislar yuksaklarga ko‘tarishiga dunyo tajribasidan guvoh bo‘lmoqdamiz. Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy Xalq Respublikasi kabi davlatlarning sanoat va ishlab chiqarishda qo‘lga kiritgan yutuqlarini o‘rgangan holda, yurtimizda konstruktorlik byurolarining faoliyatini yo‘lga qo‘yish lozim deb hisoblaymiz”, - deyiladi murojaatda.

Bildirilishicha, joylarda konstruktorlik byurolariga talab juda yuqori. Konstruktor biror-bir loyihasini sinovdan o‘tkazishi uchun unga zarur sharoit yaratish lozim.

Qayd etilishicha, har bir mahalladan yerni tadbirkorga imtiyozli ravishda ajratib berish kerak. Tadbirkor ajratilgan yerga zamonaviy talablar asosida 3 qavatli bino qurib, 1 va 2-qavatlarida o‘zi istagan tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishi, 3-qavatni esa konstruktorlik byurosi uchun ajratishi ko‘zda tutilishi taklif qilingan.

“Tadbirkorni ma'lum muddatga qurgan binosi uchun yer, mol-mulk va va boshqa turdagi soliqlardan ozod qilish kerak.

Mahallalarda yaratilgan konstruktorlik byurolarida faoliyat olib boradigan yosh konstruktorlarning tajriba va fikr almashishlari uchun konstruktor.uz sayti yaratilsa, konstruktorlik byurolari a'zolarining saviyasini ko‘taradigan turli xil to‘garaklar tashkil etilsa, mazkur byurolar faoliyatini manfaatdor tashkilotlar tomonidan moliyalashtirish nazarda tutilsa, foydali bo‘ladi. Misol uchun, biror-bir tadbirkorga ma'lum texnologiyaga talab bo‘lganda, tadbirkor konstruktor.uz sayti orqali o‘z talabini va shu texnologiya uchun qancha mablag‘ ajratishini, yaratilgandan so‘ng muallifga beriladigan gonorar qiymatini e'lon qiladi. Shundan so‘ng konstruktor buyurtma bo‘yicha talabgor bilan shartnoma tuzib, o‘z faoliyatlarini olib boradilar”, - deyiladi petitsiya matnida.

Aytilishicha, agar konstruktorlik byurolari yaratilsa:

birinchidan, chetdan texnologiya olib kelish uchun mablag‘lar tejab qolinadi;

ikkinchidan, faqatgina konstruktorlarning o‘zidagi talab va taklifni inobatga olib ko‘plab ish o‘rinlari yaratiladi;

uchinchidan, tajriba oshgan sari O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan brendi ostida konstruktorlik byurolarida loyihalashtirilib, ishlab chiqarilgan mahsulotlarni chet elga eksport qilish imkoniyati yaratiladi;

to‘rtinchidan, birgina shu loyihaga bel bog‘lagan tadbirkorlarning o‘zi davlat budjetiga katta miqdorda foyda keltiradi va eng muhimi ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilishi mumkin.

“Shu loyihani amalga oshirish uchun davlat-xususiy sherikchiligi asosida talabgor tadbirkorga mahallalarda yerni imtiyozli ajratish va yuqorida ko‘rsatilgan shartlar asosida yangi normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishini so‘raymiz. Agar konstruktorlik byurolari faoliyati yo‘lga qo‘yilsa, har bir mahallada tadbirkor o‘nlab yangi ishchi o‘rinlarini yaratishini inobatga olsak, butun respublikamiz bo‘ylab ko‘plab ish o‘rinlarini yaratilishini ta'minlash mumkin”, - deb yozadi murojaat muallifi.

loading...

Copyright © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.